Rodri: "Chempionlar Ligasi — "Barsa"ning real maqsadi, lekin biz turnir favoriti emasmiz"
— Chempionlar Ligasi "Barsa"ning bosh maqsadi ekanini hech kim yashirmaydi. Kiyinish xonasida va mashgʻulotlarda koʻrayotganlaringizdan kelib chiqib, ushbu sovrinni qoʻlga kiritishni joriy mavsumdagi real vazifa deb hisoblaysizmi?
— Ha, buni mutlaqo real maqsad deb bilaman. Bu jamoa sifatida nimalarga qodir ekanimizni butun Evropaga koʻrsatish va e'tirof etilish uchun oxirgi qadam. Shu bilan birga, bizni favorit deb hisoblamayman.
Biz qanday yoʻlni bosib oʻtganimizni va chempion boʻlish uchun nima talab etilishini tushunishimiz kerak. Ushbu darajaga chiqish uchun jamoamiz yana ayrim jihatlarni toʻgʻrilab olishi lozim. Men kabi futbolchilar aynan shuning uchun ham bu erga kelishgan — birgalikda oʻsish va Chempionlar Ligasi kabi noyob turnirlarda gʻalaba qozonish uchun zarur boʻlgan sifatlarni jamoaga olib kirish.
Chempionlar Ligasi — shunchaki eng kuchli jamoani aniqlab beradigan turnir emas. Bu alohida epizodlar va lahzalar hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan musobaqadir. Menimcha, aynan shu jihatdan jamoamiz yanada oʻsishi kerak. Muvaffaqiyat imkoniyatlariga kelsak... Men bu erga aynan shuning uchun kelganman.
— Agar aniq oʻyin jihatlari haqida gapiradigan boʻlsak, aynan nimalarni mukammallashtirish kerak? "Barselona"da hamma narsa qanday sodir boʻlishiga guvoh boʻldik: "Atletiko"ga qarshi birinchi oʻyinda markaziy himoyachining maydondan chetlatilishi va ikkinchisida yana bir qizil kartochka, "Inter" bilan safardagi oʻyin (hisobda oldinda borib, yakunda magʻlub boʻlingan), ikki oʻyin natijasiga koʻra urilgan oltita va oʻtkazib yuborilgan ettita toʻp...
— Siz aynan nishonga urdingiz. Hamma narsa pley-off oʻyinlaridagi, ayniqsa eng muhim uchrashuvlardagi hal qiluvchi lahzalarni toʻgʻri boshqara olish mahoratiga borib taqaladi. Qizil kartochkalar, penaltilar, keraksiz oʻtkazib yuborilgan gollarning oldini olish — aynan shu omillar turnirda qolasizmi yoki chiqib ketasizmi, shuni belgilab beradi.
Menimcha, hujumda aql bovar qilmas qudratga intilgandan koʻra, barqaror va ishonchliroq harakat qilgan ma'qul. Gʻalaba qozongan jamoalar buni amalda isbotlashgan. Aynan shu borada ishlashimiz kerak boʻlgan jihatlar bor. Lekin bularning bari tajriba bilan keladi. Men har doim aytganman: gʻalaba qozonish uchun avval magʻlub boʻlish va undan saboq chiqarish kerak. Yirik sovrinlarni qoʻlga kiritgan futbolchilar buni yaxshi bilishadi.
Men nihoyat bu musobaqada zafar kuchgunimga qadar Chempionlar Ligasida san-sanoqsiz marotaba oʻynaganman, shuning uchun bu tajriba ta'lim olish jarayonini anglatishini va futbolchilar har yili yangi narsalarni oʻrganishini juda yaxshi tushunaman, — dedi "Oltin toʻp" sohibi.
Manba: championat.asia
Izohlar 0