Rashid Gʻofurov: "Qancha yaxshi oʻynasangiz, natija ham yaxshi boʻladi"
Oʻyindan keyingi matbuot anjumanida "Yaypan" bosh murabbiyi Rashid Gʻofurov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Oʻyin haqida fikringiz?
- Avvalo "Paxtakor"ni gʻalaba bilan tabriklayman. "Paxtakor" - bu "Paxtakor". Raqib jamoadan 5-6 nafar futbolchining terma jamoaga chaqirilganini bilardik. Nima boʻlgan taqdirda ham "Paxtakor" - chempionlikni, oldiga yuqori vazifalarni qoʻyadigan jamoa. Shu sababli zaxira oʻrindigʻi ham kuchli, ular boshqa jamoalarga qarshi bemalol ushbu tarkib bilan oʻynay oladi. Bugun ham oʻz isbotini topdi.
Futbolchilarimiz bosimga tushib qolishdi, biz "Paxtakor" stadionida oʻynashga qiynaldik. Soʻnggi 15-20 daqiqalikdagi oʻyinni yigitlar oʻz miyasiga singdirsa, istalgan jamoaga qarshi bemalol oʻynay olamiz. Dastlabki 15 daqiqada gol oʻtkazmaslikka harakat qildik, keyin esa xatolar koʻpayib ketdi.
- "Paxtakor" bugun terma jamoaga ketmagan futbolchilardan iborat tarkib tuzdi. Kubokda Superliganing boshqa jamoalariga nazar tashlasak, koʻp jamoalar aralash tarkibni yoki yoshlarni sinab koʻrmoqda. Raqibning bugungi tarkibi Siz uchun qanchalik syurpriz boʻldi?
- Shunday boʻlishini kutgandim. Chunki "Lochin" "Lokomotiv"ni, "Gʻazalkent" "Dinamo"ni magʻlub etdi. Superliga jamoalaridan Kubokda qiynalgan ham bor. Shuni inobatga olgan holda Kamoliddin Tojiev Kubokni xavf ostiga qoʻygisi kelmadi deb oʻylayman. Oʻz oldiga qoʻyilgan vazifaga boshidan jiddiy qaradi. Yoshlarni qoʻyib, keyin natija uchun tajribalilarni emas, birdaniga tajribali futbolchilar orqali hisobni hal qilishni oʻyladi. Oʻyindan avval qaydnomani koʻrganimda, bu jangovar tarkib ekanligini bildim.
- "Yaypan" Kubokda oʻz oldiga maqsad qoʻyganmi? Chunki guruhdagi qolgan ikki raqib bilan bemalol oʻynasa boʻladi.
- Guruhdan chiqish biz uchun maqsad qilib qoʻyilgani yoʻq. Lekin yigitlar yaxshi oʻyin koʻrsatib, guruhdan chiqishni oʻylamoqda. Qancha yaxshi oʻynasangiz, natija ham yaxshi boʻladi. Siz aytayotgan "Kattaqoʻrgʻon" va "Surxon" orqali bu guruh eng kuchlisi boʻlib qoldi. "Kattaqoʻrgʻon" Proligada boʻlsa-da, oʻz oldiga vazifa qoʻygan, tarkibida Superligaga tortadigan futbolchilari bor. Muammolarga duch kelgan boʻlsa ham "Surxon" Superligada oʻynaydi. Maydonga tushgandan keyin tashqi muammolar hayoldan chiqib ketadi. Ushbu jamoalar ichida biroz nozikrogʻi biz boʻlsak kerak. Shu sababli ushbu jamoalarga qarshi oʻyinlar biz uchun ishtiyoq va tajriba boʻladi.
Manba: championat.asia
Izohlar 0