Fidbol.net

PFL OKMK bilan bellashuvni tashkil etishda "Bunyodkor" bilan hamkorlik qiladi

Tahririyat 5
PFL OKMK bilan bellashuvni tashkil etishda "Bunyodkor" bilan hamkorlik qiladi

“Bunday murakkab vaziyat klub tarixida ilk bor roʻy bermoqda.

“Bunyodkor” futbol klubi mundial sabab yuzaga kelgan tanaffusdan keyin ham oʻz maydonida rasmiy uchrashuvlar oʻtkaza olmayapti. Jumladan, Superliga 12-turi doirasidagi “Nasaf” klubiga qarshi uy uchrashuvini “qaldirgʻochlar” “Olimpiya” stadionida oʻtkazishga majbur boʻldi va tabiiyki, lokatsiya sabab yuzaga kelgan noqulaylik oqibatida chiptalar savdosini toʻlaqonli yoʻlga qoʻya olmadi. Qoʻshimchasiga, stadion 26 iyul sanasiga ham tayyor boʻlmaganidan kelib chiqib, “Bunyodkor” stadionida oʻtishi lozim boʻlgan Toshkent derbisini ham raqibi “Paxtakor” maydoniga koʻchirishga majbur boʻldi.

“Bunyodkor” 8 avgust kuni oʻz maydonida OKMK klubini qabul qilishi rejalashtirilgan. Superliga reglamentidan kelib chiqib, “Qizilqum”ga qarshi uchrashuvda “Bunyodkor” futbol klubiga texnik magʻlubiyat yoziladi. Klub bilan amaldagi mehnat shartnomasi mavjud boʻlgan futbolchilar oldidagi qarzdorlikka qaramay, Ilyos Zeytullaev boshchilik qilayotgan tarkib bir qator uchrashuvlarda maydonga tushdi. “Bunyodkor” Navoiy shahridagi uchrashuvga oʻrinbosarlar tarkibi bilan ham tashrif buyurishi mumkin edi. Ammo klub hisob-raqami soliqlardan yuzaga kelgan qarzdorlik sababli aktiv holatda emas. Bu esa yoʻl chiptalari, mehmonxona va ovqatlanish xarajatlarini qoplashda muammolar keltirib chiqaradi.

Bugun, 31 iyul kuni Liga va klub marketing boʻlimlari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Liga OKMK klubiga qarshi uy uchrashuvi uchun chiptalar savdosini elektron usulda yoʻlga qoʻyish taklifini ilgari surdi. Mazkur masalani iTicket platformasi qoʻllab-quvvatladi hamda majburiy soliqlar toʻlovlarini amalda saqlab qolgan holda, 16-tur oʻyini uchun xizmat koʻrsatish orqali ishlab olinadigan komissiya toʻlovlarisiz “Bunyodkor” klubiga amaliy yordam koʻrsatishga tayyor ekanligini bildirdi.

“Bunyodkor” futbol klubiga befarq boʻlmagan futbol muxlislari uning OKMK klubiga qarshi rasmiy uchrashuvi uchun chipta xarid qilish orqali jamoani qoʻllab-quvvatlash imkoniyatiga ega boʻladi. Chipta narxlari va shunga oid boshqa masalalar “Bunyodkor” futbol klubi tomonidan alohida yoritib boriladi.

Liga oʻz sahifalari orqali “Bunyodkor” – OKMK uchrashuvini yoritish, uni muxlislarlar oʻrtasida targʻib qilish ishlarini faol davom ettiradi. Shuningdek, mamlakat futboliga befarq boʻlmagan, mundial davomida futbol havosi bilan yashagan hamda milliy terma jamoamizni faol tarzda qoʻllab-quvvatlagan barcha OAV va blogerlarni “Bunyodkor” – OKMK uchrashuvi chiptalari savdosini yoritish masalasiga befarq boʻlmaslikka chaqiradi”, – deyiladi OʻzPFL xabarida.

Manba: championat.asia

Jamoalar

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring