Oʻtmishga nazar. Marokash ishtirokidagi oʻyinda jarohat olib, maydonni tark etgan Ilgiz Tantashev
Koʻpchilikka noma'lum bir jihat bor: Tantashev va Marokash terma jamoasi oʻrtasidagi munosabatlar bundan ikki yil avval, 2024 yilgi Parij Olimpiadasida roʻy bergan dramatik va ogʻriqli voqeaga borib taqaladi.
2024 yilning avgust oyi. Parij yozgi Olimpiya oʻyinlarining futbol dasturi oʻzining qizgʻin pallasiga kirgan. Marsel shahridagi mashhur "Velodrom" stadionida Marokash va Ispaniya terma jamoalari Olimpiada finali yoʻllanmasi uchun maydonga tushishadi. Saviyasi jihatidan juda yuqori baholangan ushbu yarim final uchrashuvini boshqarish Osiyoning eng kuchli hakamlaridan biri Ilgiz Tantashevga ishonib topshiriladi.
Oʻyin kutilganidek shiddatli va yuqori tempda boshlandi. Har ikki jamoa ham ilk daqiqalardan hujumkor futbol namoyish etayotgan edi. Biroq bahsning hali hech kim hisobni ochmagan 12-daqiqasida maydonda futbolchilarga emas, balki bosh hakamga aloqador kutilmagan baxtsiz hodisa yuz berdi.
VIDEO
Ispaniya terma jamoasi himoyachisi Mark Pubillni maydon markazi yaqinida marokashlik futbolchi turtib yubordi, oqibatda u muvozanatni yoʻqotib Ilgiz Tantashevga kuchli zarba bilan kelib urildi. Har ikkisi maydonga yiqildi. Pubill tezda oʻrnidan turgan boʻlsa-da, Tantashev maydondan mustaqil ravishda tura olmadi. Zarba shu qadar kuchli ediki, oʻzbekistonlik hakam jiddiy jarohat (oʻng toʻpigʻi lat eyishi va choʻzilishi) olgan edi.
Maydonga tibbiy yordam xodimlari shoshilishdi. Tibbiy koʻrikdan soʻng Tantashev oʻyinni davom ettira olmasligi ma'lum boʻldi. Natijada u bahsning 17-daqiqasida maydonni tark etishga majbur boʻldi va uning oʻrnini zaxira hakami, shvetsiyalik Glenn Nyuberg egalladi. Oʻsha oʻyinda Marokash alamli magʻlubiyatga uchrab, finaldan quruq qolgan boʻlsa-da, Tantashev bilan bogʻliq ushbu voqea Olimpiada tarixidagi noodatiy lahzalardan biriga aylandi.

Oradan ikki yil oʻtib, futbol taqdiri Ilgiz Tantashev va Marokash terma jamoasini yana bir bor toʻqnashtirdi. Oʻzbekistonlik hakam boʻlajak bellashuvda sihat-salomatlik va omad tilab qolamiz.
Manba: championat.asia
Izohlar 0