Mirziyod Mirodilov: “Agar imkoni boʻlganida, golimni jamoaning gʻalabasiga almashgan boʻlardim”
Mazkur bahsga tayyorgarlik jarayoni boshlab yuborilgan va biz esa oʻtgan turda mavsumdagi ilk golini urishga muvaffaq boʻlgan himoyachimiz Mirziyod Mirodilovni suhbatga chorladik.
Avvalgi turda, “Kattaqoʻrgʻon” bilan oʻyinda chempionatdagi birinchi golingizni urishga muvaffaq boʻldingiz.
Ha, gol oʻtkazib yuborgach, biz hisobni tenglashtirib olishimiz kerak edi. Shu sababli ikki hissa kuch bilan oldinga tashlandik. Ketma-ket hujumlar uyushtirdik va boʻlim oxirida raqib darvozasiga yoʻl topdik. Oʻng qanotdan Maksvel toʻpni jarima maydonchasi tomonga uzatganda ichimdan qandaydir narsa oʻtdiki, boshqacha ishonch bilan toʻpga intildim va hattoki sheriklarimni ham ortda qoldirib, toʻpni darvozaga yoʻlladim. Oʻsha vaziyatda darvozabon ham buni kutmagan koʻrinadi, toʻp yoʻnalishini faqat tomosha qildi. Gol urishga erishganimdan juda xursand boʻldim, ammo natija biz kutgandek boʻlmadi. Imkoni boʻlganida golimni jamoaning gʻalabasiga alishgan boʻlardim.
Chempionat startida zaxirada qolib ketayotgandingiz, kubok bahslaridan boshlab maydonda koʻrinish beryapsiz...
Mashgʻulotlarda hamma astoydil ter toʻkmoqda, mehnat qilmoqda. Albatta, istalgan futbolchi maydonga tushishni istaydi, ammo murabbiy ham jamoa uchun eng ma'qul variantni tanlaydi. Ulkan tajribaga ega Ilhom aka boshchiligidagi murabbiylar shtabi mashgʻulotlar, oʻyinlardagi harakatlaridan kelib chiqib, kim qanday holatda ekanligini baholab borishadi. Biz futbolchilar esa imkoniyat berilganda tayyor boʻlib, undan unumli foydalanishimiz va jamoaga foyda keltirishimiz talab etiladi.
Murabbiyimiz kamroq oʻyin amaliyotiga ega boʻlayotganlarga kubok bahslarida imkon berilishi haqida ogohlantirgandi. Amalda ham shunday boʻldi. Men esa maydonda oʻzimning kuchli jihatlarimni koʻrsatishga harakat qilyapman xolos.
Oldinda “Shoʻrtan” bilan yana bir muhim bahs kutib turibdi
Ha, raqib jadvalda bizdan bir pogʻona yuqorida joylashgan. Safarda boʻlishiga qaramay, biz gʻalaba uchun maydonga tushamiz. Jamoa a'zolari ham bu bahsga jiddiy tayyorgarlik koʻrishmoqda. Biz oʻz kuchimizga ishonamiz va maydonda murabbiylarimiz koʻrsatmasini toʻliq bajarishga harakat qilamiz.
Manba: championat.asia
Izohlar 0