«Marsel» Yevropa ligasidan chetlatilishi mumkin
«Marsel» zarar miqdori me’yordan oshgani sababli yevrokuboklardan chetlatilishi mumkin.
L’Equipe nashrining DNCG hisobotlariga tayanib xabar berishicha, klubning oxirgi uch mavsumdagi sof zarari qariyb 157 million yevroni tashkil etgan, shundan 105 million yevrosi 2024/25 yilgi mavsumga to‘g‘ri keladi. Ta’kidlash joizki, 2022 yilda «Marsel» UEFA bilan «tartibga solish bitimi»ni imzolagan edi. Unga ko‘ra, klub moliyaviy feyr-pley standartlariga muvofiq ko‘rsatkichlarni muvozanatga keltirishi shart edi (standartlarga ko‘ra, uch mavsumda maksimal zarar 60 million yevrodan oshmasligi kerak).
UEFA «Marsel» ishini seshanba kuni ko‘rib chiqishi kutilmoqda. Klub moliyaviy ahvolning yomonlashuvini Fransiyadagi teleradioeshittirish huquqlari bilan bog‘liq inqiroz bilan izohlamoqda. Agar himoya tomonining vajlari UEFA ekspertlarini ishontirmasa, «Marsel»ga kelasi mavsumda Yevropa ligasidan chetlatishgacha bo‘lgan jiddiy sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin.
Manba: stadion.uz
Izohlar 0