Fidbol.net

Kongo DR bosh murabbiyi: "FIFA Series turniridagi Oʻzbekiston menda iliq taassurot qoldirdi. Endi ularni yanada chuqurroq oʻrganish uchun vaqt ajratamiz"

Tahririyat 14
Kongo DR bosh murabbiyi: "FIFA Series turniridagi Oʻzbekiston menda iliq taassurot qoldirdi. Endi ularni yanada chuqurroq oʻrganish uchun vaqt ajratamiz"

"Guruhimiz juda kuchli. Yuqori saviyali, hujumkor futbol namoyish etadigan Portugaliya dunyoning eng kuchli terma jamoalaridan biri hisoblanadi va ular chempionlik uchun asosiy da'vogarlardandir. Meksikadagi yigʻinimiz davomida ularning mahalliy terma jamoaga qarshi oʻyinini (0:0) televizor orqali tomosha qildik. Ular – guruh favoriti.

Kolumbiya saralash bosqichini uchinchi oʻrinda yakunladi, ular ham hujumkor futbolga tayanadi va yuqori texnik salohiyatga ega. FIFA Series doirasida Oʻzbekistonning Gabonga qarshi oʻyinini (3:1) tomosha qildim va bu jamoa menda iliq taassurot qoldirdi. Kelgusi haftalarda ularni yanada chuqurroq oʻrganish uchun vaqt ajratamiz.

Biz saralashdan oʻtib, birinchi vazifani uddaladik. Ammo bu bilan cheklanib qolmasligimiz kerak. Xalqaro turnirda ishtirok etishga tayyorgarlik koʻrayotganda, albatta, yaxshi natija qayd etishni maqsad qilish lozim. Eng yaxshi uchinchi oʻrin egalari sifatida 1/16 finalga chiqish imkonini beradigan sakkizta yoʻllanma borligini hisobga olsak, bizda ham imkoniyat mavjud. Oldindan hech narsa ma'lum emas. Biz munosib ishtirok etishni xohlaymiz va guruh bosqichidan oʻtish mutlaqo real vazifadek tuyulmoqda. Jahon chempionatining final bosqichida oʻynash – bu yuqori saviyadagi jamoalarga qarshi turish, shu bilan birga, ulkan maqsadlarga ega boʻlish demakdir.

Biz hali ham tayyorgarlik dasturi, ikki yoki uchta oʻrtoqlik oʻyini hamda yigʻin boshlanadigan joy ustida ishlayapmiz. Nima xohlayotganimni bilaman, lekin KDR mart oyining oxirida yoʻllanmani qoʻlga kiritgani sababli, koʻplab terma jamoalar oʻz dasturlarini allaqachon tuzib boʻlganini ham hisobga olishimiz kerak. Shuning uchun boʻsh raqiblarni topish talab etiladi, bu biroz vaqt oladi, ammo biz toʻgʻri yoʻnalishda harakat qilyapmiz", dedi 49 yoshli frantsiyalik mutaxassis.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston va Kongo DR “K” guruhining 3-turi doirasida Toshkent vaqti bilan 28 iyun kuni toʻqnash keladi.

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring