Jarima zarbasidan gol urgan futbolchi, xet-trik qayd etgan 20 yoshli hujumchi. Proligada 11-turning eng yaxshilari aniqlandi
Championat.asia sayti turning eng yaxshilarini aniqladi.
Tur murabbiyi — Zayniddin Tojiev (“Gʻazalkent”)
“Gʻazalkent” ortda qolgan tur Bekobodda haqiqiy triller namoyish etdi. Jamoa tanaffusga 0:2 hisobidagi magʻlubiyat bilan yoʻl olib, ikkinchi taymda katta kuchni oldinga tashladi va matonatli ravishda gʻalaba qozondi — 3:2. Albatta, bu gʻalabada Zayniddin Tojiev boshchiligidagi murabbiylar shtabining oʻrni beqiyos. Ularning tanaffusdagi tushuntirishlari shogirdlariga ta'sir qildi va ular oʻyinni tubdan oʻzgartirib, raqibni taslim etdi. Shunday qilib, Zayniddin Tojiev haqli ravishda tur murabbiyi deb topildi.

Tur futbolchisi — Abdurahmon Abdullaev (“Gʻazalkent”)
Hujumchi Abdurahmon Abdullaev “Metallurg” dogʻda qoldirilishida (3:2) bor imkoniyatlarini ishga solib, xet-trik qayd etdi. “Gʻazalkent” Abdurahmonning sa'y-harakatlari evaziga Bekobodda gʻalabani tantana qildi deb bemalol aytish mumkin. Championat.asia sayti hech bir mubolagʻasiz 20 yoshli hujumchini tur futbolchisi sifatida e'tirof etdi.

Tur darvozaboni — Shohjahon Nasimov (“Aral”)
Tur markaziy uchrashuvida “Aral” “Shoʻrtan”ni ishonchli tarzda magʻlubiyatga uchratdi (3:1). Ushbu gʻalabada mezbonlar posboni Shohjahon Nasimovning hissasi katta. U bir qator vaziyatlarda oʻzini koʻrsatib, jamoasini goldan asradi. Shu tariqa, Championat.asia sayti xodimlari markaziy bellashuvda darvozasini munosib qoʻriqlagan Nasimovni tur darvozabonligiga loyiq koʻrdi.

Tur goli — Abdusalom Nuriddinov (“QMU Jayxun”)
“QMU Jayxun” ortda qolgan turda safarda Respublika FA bilan bahs yuritib, 2:1 hisobida gʻalabaga erishdi. Gʻalaba golini 75-daqiqada mahoratli yarim himoyachi Abdusalom Nuriddinov olis masofadan jarima zarbasidan urdi. Aynan shu gol turdagi eng chiroylisi sifatida qayd etildi. Quyida mazkur gol videosini tomosha qilishingiz mumkin.
Manba: championat.asia
Izohlar 0