Jamoasi ishonchli hisobda gʻalaba qozongan tajribali mutaxassis, dubl qayd etgan 17 yoshli xavbek. Proligada 12-turning eng yaxshilari aniqlandi
Championat.asia sayti turning eng yaxshilarini aniqladi.
Tur murabbiyi — Ne'matilla Qutiboev (“Aral”)
“Aral” ortda qolgan turda Toshkentda “Gʻazalkent” mehmoni boʻlib, ishonchli gʻalabaga erishdi — 2:0. Uchrashuvda Qutiboevning barcha ishlanmalari ish berdi va “Aral” maydonda katta ustunlik qilgan holda zavar quchdi. Shunday qilib, Championat.asia sayti qoraqalpogʻistonliklarning de-fakto bosh murabbiyini tur ustozi deya e'tirof etdi.

Tur futbolchisi — Azizbek Abdumoʻminov (“Metallurg”)
“Metallurg”ga yangi qoʻshilgan Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi a'zosi Azizbek Abdumoʻminov “Lochin” bilan bellashuvda (5:0) dublni rasmiylashtirib, jamoasi gʻalabasida munosib hissasini qoʻshdi. Championat.asia ijodkorlari 17 yoshli hujumkor yarim himoyachini tur futbolchisi deb topdi.

Tur darvozaboni — Dilshod Yoqubov (“FarDU”)
“FarDU” bu turda “Yaypan” maydoniga safar uyushtirib, minimal hisobda gʻalaba qozondi (1:0). Mazkur bahsda 24 yoshli darvozabon bir qator vaziyatlarda oʻz mahoratini namoyish etdi va darvozani “quruq” saqladi. Shunday qilib, aynan Dilshod Yoqubov tur darvozaboni nomiga loyiq koʻrildi.

Tur goli — Asadbek Mustafaqulov (“QMU Jayxun”)
“QMU Jayxun” bu turda “BuxDU”ni 5:1 hisobida tor-mor etdi. Mezbonlarning ikkinchi golini 47-daqiqada Asadbek Mustafaqulov urdi. Himoyachining chap oyoqda olisdan yoʻllagan kuchli zarbasidan keyin toʻp darvoza toʻsiniga tegib toʻrdan joy oldi. Aynan shu gol turdagi eng chiroylisi sifatida qayd etildi.
Manba: championat.asia
Izohlar 0