Fidbol.net

Futboldan-da ulkan raqobat: Angliya — Argentina qarama-qarshiligining maydon tashqarisidagi tarixi

Tahririyat 9
Futboldan-da ulkan raqobat: Angliya — Argentina qarama-qarshiligining maydon tashqarisidagi tarixi

Folklend urushi soyasi va "Xudoning qoʻli"

Angliya va Argentina oʻrtasidagi adovatni tushunish uchun avvalo 1982 yilga qaytish kerak. Oʻsha yilning 2 aprelida Argentina harbiylari Janubiy Atlantikadagi Folklend (argentinaliklar uchun — Malvin) orollarini bosib oldi. Buenos-Ayres bu hududlarni azaldan oʻziniki deb hisoblar, London esa ularni 1833 yildan beri boshqarib kelardi. 74 kun davom etgan urushda Argentina magʻlub boʻldi, yuzlab yosh askarlar halok boʻldi, mamlakatdagi harbiy xunta esa tez orada quladi. Argentina jamiyati uchun bu shunchaki harbiy magʻlubiyat emas, milliy jarohat edi.

Oradan roppa-rosa toʻrt yil oʻtib, 1986 yil 22 iyunda Mexikoning "Atsteka" stadionida ikki mamlakat jahon chempionati chorak finalida toʻqnashdi. Oʻyin oldidan hamma faqat bir narsa haqida gapirardi: bu oʻyin futbol emas, urushning davomi boʻladi. Diego Maradonaning oʻzi keyinchalik shunday eslagan: argentinaliklarga harbiylar urushda gʻalaba qozonayotganliklarini aytishgan, aslida esa Angliya katta ustunlik bilan engayotgan ekan. Shov-shuv shu darajaga etdiki, goʻyo maydonda yana bir urush boʻladigandek edi.

Ikkinchi boʻlimning oltinchi daqiqasida futbol tarixidagi eng mashhur va eng bahsli lahza yuz berdi. Angliya yarim himoyachisi Stiv Xoj toʻpni oʻz darvozasi tomon qaytarmoqchi boʻldi, toʻp havoga koʻtarildi va jarima maydonchasida Maradona darvozabon Piter Shilton bilan havoda toʻqnashdi. Boʻyi 1,65 metrlik Maradona oʻzidan ancha novcha darvozabondan balandroq sakrashi mumkin emasdi — u toʻpni qoʻli yordamida toʻrga yoʻlladi. Hakam Ali Bin Nosir ham, yordamchisi ham qoʻl oʻyinini koʻrmadi. Gol hisobga olindi.

Maradona keyinchalik jamoadoshlariga "Kelinglar, meni quchoqlanglar, aks holda hakam golni bekor qiladi" degani, oʻyindan soʻng esa golni "Yaratganning qoʻli bilan" urganini aytgani tarixga kirdi. Yillar oʻtib u ochiq tan oldi: bu gol Folklend urushidagi magʻlubiyat uchun "ramziy qasos" edi. Eng hayratlanarlisi, oradan toʻrt daqiqa oʻtib aynan shu inson butunlay boshqa qiyofada namoyon boʻldi — oʻz maydonida toʻpni qabul qilib, beshta ingliz himoyachisi va darvozabonni ortda qoldirib, keyinchalik FIFAning rasmiy soʻrovida "Asr goli" deb tan olingan shoh asarni yaratdi. Bir oʻyinda, toʻrt daqiqa ichida futboldagi eng katta aldov va eng buyuk san'at yaratildi. Argentina 2:1 hisobida gʻalaba qozondi va oʻsha mundialda chempion boʻldi.

Qizigʻi, ingliz matbuoti ham oʻyin atrofidagi vaziyatga e'tibor qaratgan: The Times gazetasi tribunalarda mushtlashuvlar va Folklend haqidagi qoʻshiqlar boʻlmaganini qayd etib, buni ikki mamlakat munosabatlaridagi "jiddiy iliqlik" deb baholagan edi. Maradonaning oʻzi ham ingliz futbolchilari oʻyinni qoʻpollikka aylantirmaganini alohida ta'kidlagan.

Tarixdagi eng qimmat libos

"Xudoning qoʻli" tarixining yana bir ajoyib davomi bor va u aynan oʻsha Stiv Xoj bilan bogʻliq. Taqdirning hazilini qarangki, Maradonaga "Xudoning qoʻli" golini sovgʻa qilgan uzatma aynan Xojga tegishli edi. Oʻyindan soʻng Xoj oʻziga shunday degan: "Men bu erga boshqa qaytmasam kerak, futbolka olishga harakat qilay". Avvaliga Maradona jamoadoshlari qurshovida boʻlgani uchun bu niyatidan qaytgan, ammo echinish xonasiga ketayotganda ikkinchi imkoniyat tugʻilgan va ikki futbolchi libos almashgan.

Bu futbolkaning oʻzi ham alohida hikoya. Argentinaning asosiy paxta formalari Mexikoning jazirama issigʻiga mutlaqo toʻgʻri kelmasdi. Shunda bosh murabbiy Karlos Bilardo va uning yordamchisi Ruben Moskelya shahar boʻylab engilroq futbolka izlab darbadar boʻlishgan. Topilgan liboslarga mahalliy tikuvchilar Argentina gerbini qoʻlda tikib chiqishgan, raqamlar esa amerika futboli formalari uchun moʻljallangan kumushrang, yaltiroq raqamlardan dazmolda yopishtirilgan. Maradona oʻz kitobida hazil aralash yozganidek, maydonga chiqishganda ba'zi futbolchilarning yuziga ham yaltiroq yuqib qolgan, yomgʻir yogʻsa, kim qaysi raqamda oʻynayotganini bilib boʻlmay qolardi.

Xoj bu futbolkani yigirma yil davomida Manchesterdagi Milliy futbol muzeyiga omonatga berib turdi, sotish haqidagi koʻplab takliflarni rad etdi. Nihoyat, 2022 yilda, Maradona vafotidan ikki yil oʻtib, u libosni Sotheby's auktsioniga qoʻydi. Dastlabki baho 4–6 million funt etib belgilangandi. 2022 yil 4 mayda futbolka 7,1 million funt sterlingga (taxminan 9,3 million dollar) sotildi — bu sport yodgorliklari tarixidagi mutlaq jahon rekordi edi. Oddiy doʻkondan sotib olingan, gerbini tikuvchi ayollar qoʻlda tikkan futbolka dunyodagi eng qimmat sport buyumiga aylandi. Chunki xaridor mato emas, oʻtmishni sotib olgandi.

"Hayvonlar" mojarosi

Aslida bu raqobatdagi birinchi katta janjal Folklend urushidan ancha avval, 1966 yilda yuz bergan. Oʻz uyida oʻtgan mundialda Angliya chorak finalda Argentina bilan "Uembli"da uchrashdi va bu oʻyin futbol tarixidagi eng shov-shuvli mojarolardan biriga aylandi.

Oʻyin boshdan-oyoq qoʻpol va asabiy kechdi. Asosiy portlash esa birinchi boʻlimning oxirlarida sodir boʻldi: nemis hakam Rudolf Kraytlyayn Argentina sardori Antonio Rattinni maydondan chetlatdi. Rasmiy sabab — hakamga nisbatan "ogʻzaki hujum". Ammo bu erda absurd holat bor edi: Kraytlyayn ispanchani, Rattin nemischani bilmasdi. Rattin keyinchalik umrining oxirigacha faqat tarjimon talab qilganini aytib keldi. Sardor maydonni tark etishdan bosh tortdi — qariyb oʻn daqiqa davomida maydonda turib oldi, politsiya aralashishiga toʻgʻri keldi. Ketar chogʻida esa u inglizlar uchun muqaddas sanalgan holatga jur'at etdi: qirolicha uchun toʻshalgan gilam ustidan yurib oʻtdi va ba'zi guvohlarning aytishicha, Britaniya bayrogʻi tushirilgan burchak bayroqchasini gʻijimlab tashladi. Stadion uni qarsaklar emas, gʻazab bilan kuzatdi.

Oʻn kishi qolgan Argentina Jeff Xyorstning yagona goli tufayli 0:1 hisobida magʻlub boʻldi. Ammo asl janjal oʻyindan keyin boshlandi. Angliya bosh murabbiyi Alf Remsi himoyachisi Jorj Koenning argentinalik raqib bilan futbolka almashishiga toʻsqinlik qildi — bu lahza suratga muhrlanib qolgan. Matbuot anjumanida esa Remsi tarixga kirgan oʻsha soʻzlarni aytdi: uning fikricha, Angliya oʻzini "hayvonlar kabi tutmaydigan" jamoalarga qarshi oʻynaganda yaxshiroq namoyon boʻlardi. "Hayvonlar" soʻzi Argentinada milliy haqorat sifatida qabul qilindi va bugungacha unutilgani yoʻq. Koʻpchilik tarixchilar 1986 yildagi "Xudoning qoʻli" atrofidagi ruhiy keskinlikning ildizini aynan shu kundan izlaydi. Argentinada esa oʻsha oʻyin boshqacha nom bilan eslanadi: "Asr oʻgʻirligi".

Bekxem fojiasi

1998 yil, Frantsiyadagi mundial, 1/8 final, Sent-Eten. Angliya — Argentina oʻyinining 47-daqiqasida Diego Simeone yosh Devid Bekxemni yiqitdi. Erda yotgan Bekxem asabiylashib oyogʻini siltadi va Simeonega tegib ketdi. Argentinalik yarim himoyachi xuddi ogʻir zarba qabul qilgandek oʻzini erga tashladi va hakam Kim Milton Nilsen Bekxemga qizil kartochka koʻrsatdi. Simeone yillar oʻtib oʻzi ham vaziyatni ataylab boʻrttirganini tan oldi.

Oʻn kishi qolgan Angliya jasorat bilan kurashdi, ammo penaltilar seriyasida magʻlub boʻlib, musobaqani tark etdi. Shu zahoti butun mamlakatning gʻazabi 23 yoshli Bekxemga qaratildi. Ertasi kuni tabloidlar uni millat xoini sifatida taqdim etdi: gazetalardan biri uning surati tushirilgan darts nishonini chop etdi, sarlavhalar "10 ta mard sher va bitta ahmoq bola" ruhida edi. Londondagi pablarning biridan tashqarida Bekxemning qoʻgʻirchoq haykali osib qoʻyildi. Futbolchi va uning oilasi oʻlim tahdidlarini oldi, hatto pochta orqali oʻq ham yuborilgani xabar qilingan. Butun bir mavsum davomida Angliyaning barcha stadionlarida uni yoppasiga hushtak va haqoratlar kutib olardi. Bekxem keyinchalik bu davrni hayotidagi eng ogʻir sinov, ruhiy jihatdan uni sindirishiga oz qolgan davr sifatida eslagan.

Ammo bu hikoyaning davomi ham bor va u futboldagi eng goʻzal "qasos" syujetlaridan biri. 2002 yilgi mundialda, Sapporodagi guruh bosqichi oʻyinida Angliya foydasi uchun Argentina darvozasiga penalti tayinlandi. Toʻp oldiga aynan Bekxem yaqinlashdi. U penaltini aniq amalga oshirdi, Angliya 1:0 gʻalaba qozondi, Argentina esa oʻsha mundialda guruhdan chiqa olmadi. Toʻrt yil avval millat dushmaniga aylantirilgan yigit endi milliy qahramon edi. Bekxemning oʻzi oʻsha golni elkasidan ulkan yuk tushgan lahza deb atagan.

Xotima oʻrnida

1966 yildagi "hayvonlar", 1986 yildagi "Xudoning qoʻli", 1998 yildagi qizil kartochka, 2002 yildagi penalti... Mana, 2026 yil — endi maydonga ushbu tarixning biror sahifasida qatnashmagan, ammo uning butun yukini elkasida koʻtarib chiqadigan avlod tushadi. Ajablanarlisi, 200 dan ortiq xalqaro oʻyin oʻtkazgan Lionel Messi karerasida hali biror marta Angliyaga qarshi maydonga tushmagan. Bugun Atlantada bu raqobatning yangi bobi yoziladi va tarixdan ayon boʻlishicha, Angliya — Argentina oʻyinlari hech qachon shunchaki futbol oʻyini boʻlib qolmaydi.

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring