Fidbol.net

FIFA taqiqi, tarkibdan chetda qolgan legionerlar va taniqli xonandaning oʻgʻli: Islom Ahmedov barcha mish-mishlarga oydinlik kiritdi

Tahririyat 1
FIFA taqiqi, tarkibdan chetda qolgan legionerlar va taniqli xonandaning oʻgʻli: Islom Ahmedov barcha mish-mishlarga oydinlik kiritdi

– Oʻyin haqida fikringiz...

– Bugungi gʻalabaga teng durang bilan barcha Andijondan kelgan muxlislarimizni, Andijon xalqini, viloyat hokimimizni tabriklaymiz. Yigitlarga oxirigacha kurashgani, xarakter koʻrsatib, oʻyinni tashlab yubormasdan oxirigacha harakat qilgani uchun kattakon rahmat aytaman.

Oʻyinga keladigan boʻlsak, qiyin kechishini bilardik. Sababi, oʻz uyimizda "Surxon" jamoasiga yutqazib qoʻyganimiz bois yigitlarda biroz ruhiy tushkunlik bor edi. Qolaversa, qator jarohatlar bilan bogʻliq muammolarimiz ham yoʻq emasdi. Shuning uchun oʻyin qiyin boʻlishini kutgandik va yakunda, Xudoga shukur, ikkinchi taymda tizginni oʻz qoʻlimizga olib, toʻpni koʻproq nazorat qilib, durangga erishdik.

– Ruhiyat haqida gapirdingiz. "Surxon"ga qarshi oʻyindan keyin ham shunday ruhiy muammolar bor, deb aytgandingiz. Shu haqda batafsilroq bilmoqchi edim. Jamoada moliyaviy holat yaxshi, deb eshitganman. Qolaversa, oxirgi natijalar ham yomon emas edi. Shu bois nega aynan ruhiy muammolarni haligacha bartaraf eta olmayapsizlar? Bu nimadan kelib chiqyapti?

– Yoʻq, ruhiy bosim faqat pul bilan bogʻliq emas. Pul va sharoit tomonlama jamoamizda hech qanaqa muammo yoʻq. Xorijga chiqib, yigʻinlar oʻtkazib keldik, hamma sharoitlarimiz yaxshi. Asosiy sabab – uchrashuvlar orasida katta vaqt boʻldi, dam oldik. Uyimizdagi birinchi oʻyinda muxlislarimizning bosimi va yigitlarning mas'uliyati – ya'ni, Andijon xalqi oldida yuzimiz yorugʻ boʻlishi kerakligi biroz bosim oʻtkazib qoʻydi. Yigitlar oʻsha oʻyinda erkinroq harakat qila olishmadi. Oʻz-oʻzidan uyda magʻlubiyatga uchraganimizdan keyin yana koʻproq ruhiyat ustida ishlashimizga toʻgʻri keldi. Chunki magʻlubiyatdan keyin baribir biroz ishonch yoʻqoladi. Birinchi taymda buni oʻzimizda his qildik.

– Oʻtgan oʻyindan keyin "Andijon" klubiga tegishli FIFA taqiqini rahbariyat hal qildi, degandingiz. Lekin bizning xabarimizga koʻra, hali ham bu muammo hal boʻlmagan. Adashmasam, Artyom Odintsov bilan hisob-kitoblar hal qilinmagan ekan. Shu haqda ham fikringizni bildirib oʻtsangiz.

– Bu holat boʻyicha rahbariyatimiz bilan gaplashgan edik. Qarzdorliklarning hammasi yopilib, toʻlovlar haqidagi ma'lumot FIFAga joʻnatilgan. Bu jarayon bank orqali oʻtadi. Bankda qandaydir uzilish yoki toʻxtalish boʻlib qolgan. Lekin FIFAga toʻlov haqida xat yuborilgan. Aslida besh kunning ichida hal etilishi kerak edi. Xudo xohlasa, ertaga taqiqimiz echilib qolsa kerak. Biz ham shuni kutyapmiz.

– Boake haqida ham soʻramoqchi edim. U katta maosh evaziga olib kelingan edi, ammo siz murabbiylikka kelgach, hatto qaydnomadan ham oʻrin olmay qoldi. Uning ketishi mumkinligi haqida xabarlar chiqdi. Qolaversa, Ashortia ham bugun qaydnomada koʻrinmadi.

– Ashortiaga keladigan boʻlsak, soʻnggi mashgʻulotimizda jarohat olgani uchun uni oʻyinga qoʻya olmadik. Boakega kelsak, yozgi yigʻinni Belarusda birgalikda oʻtkazdik. Biroq jamoaga kelgach, jarohat olib, uyiga davolanishga ketgan edi. Kechagina kelib jamoaga qoʻshildi, endi sekin-sekin uni ham tayyorlab boramiz.

1000138288.jpeg

– "Andijon" bugun qaysi jihatlarda yutdi-yu, qaysi jihatlarda yutqazdi?

– Toʻgʻrisi, oʻyinni qayta koʻrib, tahlil qilib aytgan osonroq. Lekin bugun koʻproq kontsentratsiyada oqsab, raqibning qarshi hujumlarini oʻtkazib yubordik va shu tomonlama yutqazdik. Birinchi boʻlimda hujumga oʻtishga – birinchi pasni berishga biroz shoshildik. Ikkinchi taymda esa toʻpni nazorat qilib, oʻz rejamizni maydonga koʻchirdik. Bu rejamiz amalga oshdi va toʻp nazorati bizga oʻtganidan keyin ustunlikka erishdik.

– Yaqinda bir podkast koʻrib qoldim: taniqli xonanda Gʻayrat Usmonovning farzandi Muhammadali Usmonov oʻtgan mavsum "Andijon"da toʻp tepgan edi. Siz ham yil boshidan bevosita bosh murabbiy boʻlmasangiz-da, murabbiylar shtabida edingiz. Gʻayrat Usmonovning aytishicha, oʻgʻli oʻz tugʻilgan yurtida oʻynashni xohlagan, lekin unga imkon berishmadi, qadriga etishmadi, degan ma'noda fikr bildiribdi. Bunga munosabatingiz qanday?

– Yoʻq, Gʻayrat Usmonovning oʻgʻli kelgan paytda men jamoada yoʻq edim. Men yanvarda qoʻshildim. Ya'ni, Samvel Vyacheslavovichning murabbiylar shtabiga yaqinda – yanvarda keldim. Ushbu lavozimga oʻtganimdan keyin jamoada sogʻlom raqobatni yoʻlga qoʻydik. Kim mashgʻulotlarda harakat qilsa va oʻzini koʻrsata olsa, qanday nom boʻlishidan qat'i nazar, asosiy tarkibda maydonga tushishga haqli. Shuning uchun ham e'tibor bersangiz, oʻzini koʻrsatgan yoshlarimizni tarkibga kiritishni boshladik va bu oʻz samarasini beryapti. Bizda kim mehnat qilib, oʻzini yaxshi tomondan koʻrsatsa va asosiy tarkibga loyiqligini isbotlasa, barchaga imkoniyat beramiz.

– Jamoadagi optimal tarkibni aniqlay olmaganmisiz yoki bugungi tushgan tarkibni optimal tarkib desa boʻladimi?

– Yoʻq, boshidanoq bizga yuqori maqsad – uchinchi oʻrin vazifasi qoʻyilgan. Shuning uchun jamoaga 18-20 nafar teng kuchli oʻyinchilar olib kelingan. Chempionatimizning tigʻizligini hisobga olgan holda, barcha futbolchilarni teng shakllantirib, hammaga imkoniyat berib, rotatsiyalardan foydalanmoqchimiz. Ya'ni, kuchlarni toʻgʻri taqsimlab harakat qilyapmiz.

– Uchinchi oʻrinni olish imkoniyatini qancha foizga baholaysiz?

– Biz, Xudo xohlasa, har doim yaxshi niyat qilib, maksimal harakat qilaveramiz. Natijasini esa Alloh beradi. Faqat oldinga harakat qilaveramiz.

– Siz vaqtincha bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi sifatida kelganingizdan soʻng natijalar ancha ijobiy tomonga oʻzgargandi, ammo keyinchalik gʻalabasiz seriya yuzaga keldi, xuddi bir vaqtlar "Chelsi"dagi Roberto Di Matteo bilan boʻlgani kabi... Hozir masalan, durang natija ham rahbariyatni qoniqtirmasa kerak, bu oʻzingizga ham qoʻshimcha bosim boʻlmayaptimi?

– Birinchi oʻrinda, baribir mas'uliyat juda ham katta. Ochigʻi, bizning xalqimiz, muxlislarimiz juda talabchan. Lekin viloyat hokimimiz bilan koʻrishganimizda, u kishi meni qoʻllab-quvvatlashlarini, ortimda oʻzlari turishini aytib, "Qoʻrqmasdan harakat qilaver," dedilar. Bizga berilgan shu ishonch ortidan harakat qilyapmiz.

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring