Fabio Kannavaro va Eldor Shomurodov Portugaliyaga qarshi uchrashuvdan oldin nimalar dedi?
Eldor Shomurodov:
— Albatta, bizda bosim yoʻq. Shu sababli ertaga Portugaliyaga qaraganda bizga osonroq boʻladi, deb oʻylayman. Bizda ajoyib jamoa shakllangan. Birinchi oʻyindan keyin bizda ishonch shakllangan, biz allaqachon debyut qilib boʻldik. Biz ertaga yaxshi natija uchun maydonga chiqamiz.
Fabio Kannavaro:
— Raqibimiz Jahon chempionatidagi eng kuchli jamoalardan biri hisoblanadi. Agar Portugaliya jamoasini tahlil qilib koʻrsangiz, ularning qanotlarda juda kuchli futbolchilari bor, dunyoning eng yaxshi yarim himoya chiziqlaridan biriga ega, shuningdek futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchilaridan biri ham shu jamoada oʻynaydi.
Shunday ekan, bu oson oʻyin boʻlmaydi. Lekin biz Jahon chempionatidamiz, jamoa sifatida harakat va mehnat qilishimiz zarur. Chunki ijobiy natija bilan maydonni tark etishning yagona yoʻli shu.
Eldor Shomurodov:
— Biz raqibimizning birinchi turdagi oʻyinining natijasiga ahamiyat bermadik. Bu haqida hozir oʻylashning payti emas. Balki uchinchi turdan keyin buni muhokama qilarmiz, hozir biz uchun eng asosiysi ertangi bahs.

Fabio Kannavaro:
— Biz Portugaliyaning futbol falsafasini oʻrganishga harakat qildik. Ular doimo toʻp nazorati orqali oʻyinni boshqarishni yoqtiradi. Shuningdek, uchrashuvni juda faol boshlashga intilishlarini ham bilamiz. Chunki imkon qadar tezroq oʻyinni oʻz foydasiga burishni, himoyani yorib oʻtishni istashadi.
Shundan kelib chiqib biz ham bunga tayyorgarlik koʻrdik, deb oʻylayman. Oʻz rejamiz va strategiyamiz bor va maydonda aynan oʻz oʻyinimizni namoyish etishga harakat qilamiz. Futbol shunday oʻyin. Biz juda kuchli jamoaga qarshi maydonga tushayotganimizni bilamiz, ammo avval ham aytganimdek, biz bundan qoʻrqmaymiz.
Qoʻlimizdan kelgan eng yaxshi oʻyinni koʻrsatishga va uchrashuv oxirigacha kurashishga harakat qilamiz.
Fabio Kannavaro:
— Avval ham aytganimdek, biz faqat Krishtianuga qarshi oʻynamaymiz. U futbol tarixidagi eng buyuk futbolchilardan biri, biroq Portugaliya faqat Ronaldudan iborat emas. Ularning asosiy tarkibida ham, zaxirasida ham juda koʻp yuqori saviyali futbolchilar bor. Shunga qaramay, jarima maydonida Ronalduni bir lahzaga ham e'tiborsiz qoldirib boʻlmaydi.
U standart vaziyatlarda ham, oʻyin davomida ham istalgan payt gol urishga qodir. Shu bois butun oʻyin davomida maksimal darajada diqqatli boʻlishimiz kerak.
Eldor Shomurodov:
— Kolumbiyaga qarshi birinchi boʻlimda murabbiy koʻrsatmalarini toʻliq bajarolmaganimiz evaziga xatolar kelib chiqdi, deb oʻylayman. Ertaga bunday xatolarni takrorlamasdan, oʻz oʻyinimizni koʻrsatishga, toʻpni koʻproq nazorat qilib, vaziyatlar yaratishga harakat qilamiz.
Fabio Kannavaro:
— Jamoaga kelganimizdan buyon asosiy e'tibor futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilashga qaratildi. Ayrim futbolchilar turli chempionatlarda oʻynagan, ba'zilarida esa ma'lum muammolar mavjud edi. Shunga qaramay, soʻnggi oʻyin davomida futbolchilarning holati yaxshi ekanini koʻrdim. Jamoa uchrashuvni yuqori tempda yakunladi va barcha oʻzini yaxshi his qildi.
Eldor Shomurodov:
— Hammasi yaxshi. Hayajon boʻlishi tabiiy, biroq maydonga chiqqan birinchi daqiqamizdayoq bu esdan chiqadi.
Fabio Kannavaro:
— Albatta, statistikalarni tahlil qilish oson emas. Masalan, toʻpning harakat tezligiga qarasangiz, futbolchilarning texnik mahorati qanchalik yuqori ekanini tushunishingiz mumkin. Men faqat jismoniy koʻrsatkichlarga qarashni yoqtirmayman. Chunki yakunda eng muhimi — toʻpni qanday nazorat qilishingiz, qanday uzatishingiz va uni qanchalik kam yoʻqotishingizdir.

Menimcha, agar siz oʻyin davomida toʻpni 20 marta yoʻqotsangiz, uni qaytarib olish uchun 20 marta yugurishingizga toʻgʻri keladi. Bu esa juda muhim omil. Portugaliyaning statistikasi esa, albatta, koʻp jihatlar boʻyicha yuqori darajada. Biz buni bilamiz va tahlil qilib chiqdik.
Shu bilan birga, biz maydonda tartibsiz ravishda har tomonga yugurib yurishimiz kerak emas. Masala koʻp yugurishda emas, toʻgʻri yugurishda. Toʻpni yoʻqotmaslik va uni qaerda qaytarib olishni bilish muhim.
Eldor Shomurodov:
— Biz Abbos bilan klubda ham birga oʻynaymiz. Mashgʻulotlarda ham doimo birgamiz. Shu sababli ham bir birimizni oʻzaro yaxshi tushunamiz, desam boʻladi.
Eng muhimi bir jamoa boʻlib, yaxshi natija qoʻlga kiritishga harakat qilamiz.
Manba: championat.asia
Izohlar 0