Fabio Kannavaro: "Mashharipov hatto yurishga qiynalayotgandi..."
“Jaloliddin Mashharipov mavzusiga ham alohida toʻxtalib oʻtishimiz kerak. Men dunyodagi yagona ahmoq murabbiy boʻlsam kerak, uni JChdan oldingi holati va xizmatlarini inobatga olib, turnirga olib ketdik. Uni JChga olib borish uchun ancha ish qildik. Men u bilan Dubayda koʻrishdim, Rimda koʻrishdim. Uni tayyor holatga keltirish uchun koʻplab mutaxassislar bilan maslahatlashdik. Mashharipovda asosiy muammo tizza bilan emas, Kanada bilan oʻyindan keyin yuzaga kelgan bel churrasidagi muammo bilan bogʻliq boʻldi. Biz Toshkentdagi oʻrtoqlik oʻyinidan keyin sezdikki, uning tizzalari, ikki oyogʻidagi farq sezilarli darajada edi. Shu sababli uni Dubayga tibbiy koʻrikka yubordik. Lekin belidagi muammo unga JChda qatnashishga toʻsqinlik qildi.
Mashharipov 8-9 oy davomida nafaqat rasmiy oʻyinlarda, oʻrtoqlik oʻyinlarida ham maydonga tushmagandi. Men uning oʻyinlarini murabbiy sifatida faqat televizor orqali koʻrgandim. Bizda yana boshqa jarohatdagi futbolchilar ham bor edi — Aziz Gʻaniev, Hojiakbar Alijonov, Odil Hamrobekov, Behruz Karimov. Barcha jarohatlanganlarni hisobga olgan holda bu qarorni qabul qilishga majbur edim.
Mashharipov hatto yurishga qiynalayotgandi, uni JChga olib borish uchun barcha mutaxassislarni jalb etdik. Balki qoʻlimdan kelganini qilganim mening katta xatom boʻlgandir. Bu narsa mening ham boshimdan oʻtgan. Jarohat tufayli Evropa chempionatini oʻtkazib yuborishimga toʻgʻri kelganda, men uni toʻgʻri tushunaman. U JChda qatnashishga loyiq edi — ajoyib inson, ajoyib futbolchi.
Bizda jarohatlangan Husniddin Aliqulov ham bor edi. Uni koʻpchilik eslamadi.
Men muammo nimadaligini unchalik tushunmayapman. Xorijlik boʻlganim uchunmi yoki Mashharipovga yaqinroq boʻlgan insonlar uni himoya qilish uchun koʻplab norozilik bildirishdimi, shu tomonlama biroz oʻyga toldim. Lekin men ajoyib mamlakatda ishlayapman, oʻzbek xalqini juda yaxshi bilaman, ular juda mehmondoʻst”, – dedi italiyalik mutaxassis.
Manba: championat.asia
Izohlar 0