Fidbol.net

"Bunyodkor" inqirozi va jahon tajribasi – Evropa grandlarining xatolari va najot yoʻllari

Tahririyat 7
"Bunyodkor" inqirozi va jahon tajribasi – Evropa grandlarining xatolari va najot yoʻllari

Futbolning haddan tashqari tijoratlashuvi, translyatsiya huquqlari va homiylik shartnomalaridan keladigan daromadlarning keskin oʻsishi klublarni maydondagi natija uchun beayov poygaga kirishishga majbur qilmoqda. Biroq bunday ambitsiyalar va real moliyaviy imkoniyatlar oʻrtasidagi nomutanosiblik koʻpincha halokatli oqibatlarga, hatto butun boshli tarixiy jamoalarning bankrotlikka yuz tutishiga olib keladi. Ma'lumotlarga koʻra, faqatgina Italiyaning oʻzida 2002 yildan buyon 153 ta klub bankrotlikka uchragan yoki butunlay qayta tashkil etilgan. Bunday yirik koʻlamdagi moliyaviy tanazzullar klublarning iqtisodiy modellari oʻta moʻrt ekanligini koʻrsatadi.

2026 yilga kelib, Oʻzbekistonning eng nomdor va yaqin oʻtmishdagi eng badavlat klublaridan biri – Toshkentning "Bunyodkor" jamoasi aynan shunday jiddiy moliyaviy va boshqaruv inqirozining eng xavfli pallasiga kirib keldi. Klubning Superliga 15-turi doirasida Navoiy shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Qizilqum”ga qarshi oʻyinga safar qila olmasligi ushbu tanglikning yaqqol namoyoni boʻldi. Oʻzbekiston Professional futbol ligasiga yoʻllangan rasmiy xatda keltirilishicha, jamoada yoʻl chiptalarini xarid qilish, safar davomida mehmonxonada yashash va delegatsiya a'zolarini ovqatlantirish bilan bogʻliq eng oddiy operatsion xarajatlarni qoplash uchun ham mablagʻ mavjud emas. Bunday holat sport printsiplariga koʻra nafaqat texnik magʻlubiyatga sabab boʻladi, balki mavsum davomida takrorlangudek boʻlsa, jamoani Superligadan butunlay chetlatish masalasini kun tartibiga chiqaradi.

Biroq "Bunyodkor" duch kelayotgan bunday xavf jahon futboli tarixida birinchi marta kuzatilayotgani yoʻq. Zamonaviy futbol tarixida koʻplab mashhur, katta an'analarga ega boʻlgan jamoalar bankrotlik yoqasiga kelib qolgan, ba'zilari butunlay tugatilib, eng quyi ligalardan oʻz faoliyatini qaytadan boshlashga majbur boʻlgan. Mazkur maqolada jahon miqyosida moliyaviy inqirozga yuz tutgan, bankrotlikni boshidan kechirgan va keyinchalik oʻzini tiklab ketgan klublar – xususan, Germaniyaning "Borussiya Dortmund", Italiyaning "Fiorentina" va "Parma", Shotlandiyaning "Glazgo Reynjers" hamda Ispaniyaning "Barselona" klublari misolida inqirozlarning tub sabablari, yoʻqotishlar koʻlami va ushbu murakkab vaziyatlardan chiqishning amaliy mexanizmlarini tahlil qilamiz.

497495.jpg

"Bunyodkor" inqirozi: Oltin davrdan transfer taqiqigacha

"Bunyodkor"ning bugungi halokatli holatini toʻlaqonli anglash uchun klubning kelib chiqishi va uning sun'iy ravishda shishirilgan iqtisodiy modeli tarixiga nazar tashlash zarur. Klub 2008-2010 yillarda misli koʻrilmagan moliyaviy resurslarga ega boʻlib, nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Osiyo qit'asida eng boy loyihalardan biriga aylangan edi. Rahbariyat jahon darajasidagi yulduzlarni Toshkentga olib kelish orqali tezkor yutqularga erishishni maqsad qildi. Dastlab Samuel Eto'O kabi yulduzlar bilan muzokaralar olib borilgan boʻlsa, koʻp oʻtmay, 2008 yilning 25 avgust kuni Gretsiyaning AEK klubini tark etgan braziliyalik jahon chempioni Rivaldo bilan 14 million dollarlik (ayrim manbalarga koʻra 10,2 million evrolik) ikki yillik mega-shartnoma imzolandi. Ushbu oltin davrda Ziko va Luis Felipe Skolari kabi mashhur murabbiylar jamoani boshqardi, Rivaldo esa klub safida 60 dan ortiq oʻyinda maydonga tushib, 37 ta gol urdi hamda ketma-ket uch marta Oʻzbekiston chempioni degan nomga sazovor boʻldi.

Ammo makroiqtisodiy va boshqaruv nuqtai nazaridan, klubning ushbu ustunligi sogʻlom tijorat daromadlariga emas, balki mutlaq tashqi homiylik in'ektsiyalariga asoslangan edi. Yillar oʻtib, bosh homiylarning moliyaviy quvvati pasaygach, oʻsha davrdagi bajarilmagan ulkan moliyaviy majburiyatlar bugungi kunga kelib klubning boʻyniga ogʻir langar boʻlib tushdi. Lozannadagi Sport arbitraj sudi tomonidan 2023 yil 6 noyabr kuni chiqarilgan qarorga asosan, "Bunyodkor" Rivaldo oldidagi koʻp yillik maosh va bonuslardan iborat qarzdorlikni toʻlashga majbur etildi. Aslida bu qarzdorlik miqdori shtraf va penyalar bilan birgalikda 11 million 164 ming 398 evroga etgan edi. Klub rahbariyati 2024 yilning 30 mart kuni futbolchining vakillari bilan muzokaralar oʻtkazib, ushbu summani 7 million 500 ming evrogacha tushirishga va uni 5 yil davomida bosqichma-bosqich boʻlib toʻlash grafigiga kelishishga muvaffaq boʻldi.

Klub ta'sischisi va bosh homiysi hisoblangan "Oʻzbekneftgaz" AJning moliyaviy koʻmagi orqali 2024 va 2025 yilgi mavsumlar uchun belgilangan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirildi. Biroq 2026 yilga kelib korporatsiya klubni moliyalashtirishni keskin toʻxtatgach, vaziyat izdan chiqdi. Joriy yilning 15 apreliga qadar amalga oshirilishi kerak boʻlgan navbatdagi transh toʻlanmadi. Buning oqibatlari esa klub uchun oʻta halokatli boʻldi. Rivaldoning advokatlari zudlik bilan FIFAga murojaat qilishdi va oldingi kelishuv doirasida qoʻllanilgan barcha chegirmalar bekor qilindi. FIFA tomonidan 2026 yil 23 iyun kuni qabul qilingan va 2 iyulda OʻzPFLga yuborilgan qarorga muvofiq, "Bunyodkor" Rivaldoga 8,1 million evro, shuningdek, jamoaning yana bir sobiq braziliyalik oʻyinchisi Denilsonga 1,1 million evro miqdorida qarzdorlikni toʻlashi shartligi belgilandi.

"Bunyodkor" duch kelayotgan mazkur holat shunchaki vaqtinchalik likvidlik taqchilligi emas, balki tizimli yashovchanlikning yoʻqolishidir. Bunday vaziyatni ilmiy iqtisodiy nuqtai nazardan baholash uchun futbol klublarining bankrotlik modellarini oʻrganish maqsadga muvofiq.

Futbol klublari inqirozining ilmiy-iqtisodiy asoslari

Professional futbol klublarining bankrotligi tasodifiy tabiiy ofat emas, balki aniq iqtisodiy qonuniyatlar va boshqaruv xatolarining hosilasidir. Xalqaro iqtisodchi olimlar uzoq yillar davomida korporativ bankrotlikni oldindan aniqlash modellarini Evropa fond birjalarida listingga qoʻyilgan futbol klublariga nisbatan qoʻllab kelishgan. Ushbu tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, sport muassasalari oʻzlarining iqtisodiy xulq-atvoriga koʻra standart tijorat kompaniyalaridan tubdan farq qiladi. Futbol klublari aksariyat hollarda daromadni maksimallashtirishga emas, balki sport natijalarini maksimallashtirishga intiladi, bu esa xarajatlarning doimiy ravishda shishib ketishiga olib keladi.

Evropa futbolida moliyaviy inqirozlarning asosiy sabablarini oʻrgangan tadqiqotchilar (jumladan, Alaminos va Fernandes) futbol sanoati uchun maxsus moliyaviy tanglikni prognoz qiluvchi modelni ishlab chiqishgan boʻlib, uning aniqlik darajasi 90 foizdan yuqorini tashkil etadi. Ushbu ilmiy tahlillarga koʻra, klublarni bankrotlikka etaklovchi fundamental sabablar quyidagilardir:

Birinchidan, likvidlikning sun'iy ravishda pasayishi va qarz yukining ortishi. Klublar tezkor gʻalabalarga erishish maqsadida oʻz bozor sigʻimidan koʻp marta katta boʻlgan mablagʻlarni yulduz futbolchilarning transferi va maoshlariga sarflaydi. Natijada, operativ xarajatlarni qoplash uchun naqd pul oqimi uzilib qoladi.

Ikkinchidan, natijalarga haddan tashqari qaramlik. Agar jamoa Chempionlar ligasiga yoʻllanma ola olmasa yoki quyi divizionga tushib ketsa, translyatsiya va homiylik daromadlari keskin (ba'zan 40-50 foizga) tushib ketadi, biroq futbolchilar bilan tuzilgan uzoq muddatli, yuqori maoshli shartnomalar oʻz kuchida qolaveradi.

Uchinchidan, rahbariyatning rejalashtirishdagi qobiliyatsizligi va tashqi shoklarga tayyor emasligi. Daromad tushib ketgan paytda xarajatlarni optimallashtirish boʻyicha "B rejasi"ning yoʻqligi klublarni zudlik bilan toʻlovga qobiliyatsizlikka olib keladi. Ushbu tizimli muammolarning oldini olish maqsadida UEFA oʻzining mashhur "Moliyaviy halol oʻyin" (Financial Fair Play - FFP) qoidalarini joriy etdi. FFP ning asosiy tamoyili – "zararsizlik talabi" boʻlib, unga koʻra klublar uch yillik hisobot davrida faqat oʻzlari ishlab topgan daromadlari doirasidagina xarajat qilishlari shart.

FFP doirasida klubning moliyaviy tangligini koʻrsatuvchi 6 ta asosiy indikator belgilangan: 1) Auditorning faoliyatning uzluksizligi boʻyicha shubhasi; 2) Manfiy xususiy kapital; 3) Zararlar oqibatida yuzaga kelgan moliyaviy kamomad; 4 va 5) Qarz miqdorining 30 million evrodan va oʻrtacha daromadning 7 barobaridan oshib ketishi; 6) Transfer balansidagi 100 million evrodan ortiq defitsit.

Aynan shunday nazorat mexanizmlarining yoʻqligi yoki ularga amal qilmaslik jahonning eng mashhur klublarini ham jarlik yoqasiga olib kelgan. Quyida ushbu klublarning tarixi va ular qoʻllagan qutqaruv mexanizmlari koʻrib chiqamiz.

"Borussiya Dortmund" (Germaniya): Inqirozdan tizimli tiklanish modeligacha

Jahon futboli tarixida moliyaviy halokat yoqasidan qaytib, nafaqat oʻzini tiklagan, balki barqaror iqtisodiy modelga asos solgan eng yorqin misol Germaniyaning "Borussiya Dortmund" klubi hisoblanadi. 1997 yilda UEFA Chempionlar Ligasida gʻolib chiqqan bu shonli jamoa, oradan sakkiz yil oʻtib, 2005 yilda butunlay yoʻq boʻlib ketish xavfi ostida qolgan edi.

1997 yildagi Evropa triumfidan soʻng, klub rahbariyati Germaniya futbol assotsiatsiyasining erkinlashtirish siyosatidan foydalanib, misli koʻrilmagan qadam tashladi: 2000 yilda "Borussiya Dortmund" Germaniya tarixida birinchi va hozirgacha yagona boʻlib oʻz aktsiyalarini fond birjasiga joylashtirdi. Birjaga chiqish klubga ulkan miqdordagi kapital olib keldi. Biroq lotereyada yutib chiqqan tajribasiz inson kabi, rahbariyat bu mablagʻlarni haddan tashqari qizib ketgan transfer bozoriga sovurdi. Chexiyalik yarim himoyachi Tomash Rositski va braziliyalik Evanilson kabi yulduzlarni sotib olish uchun Bundesliganing transfer rekordlari yangilandi, futbolchilarning maoshlari astronomik darajaga koʻtarildi.

Klub menejmenti kelajakdagi potentsial foydani oldindan hisobga olib, uni bugungi kun tarkibiga sarflashdek xatoga yoʻl qoʻydi. Inqirozning asosiy triggeri 2003/2004 yilgi mavsumda yuz berdi: jamoa Chempionlar Ligasi yoʻllanmasidan quruq qoldi. Daromadlar keskin qisqardi, ammo yuqori maoshli shartnomalar va operatsion xarajatlarni kamaytirishning iloji yoʻq edi. Qisqa vaqt ichida klubning qarzi 100 million funt sterlingga yaqinlashdi.

2004 yilning oxiriga kelib, klubning moliyaviy holati fojiaviy tus oldi. Klubning bosh moliyaviy direktori Tomas Tressning xotirlashicha, oʻsha vaqtda klub balansidagi likvid naqd pul bor-yoʻgʻi 700 000 evroni tashkil etar edi. Shu bilan birga, keyingi olti oy ichida toʻlanishi shart boʻlgan zudlikdagi qarzlar miqdori 28 million evroga etgan, 2004/2005 mavsumning birinchi yarmidagi sof zarar esa 55 million evroni tashkil etgan edi. Fond birjasidagi aktsiyalar narxi 80 foizga qulab tushdi, bu esa investorlarning ishonchi butunlay yoʻqolganini anglatardi.

Vaziyat shu darajaga etib bordiki, 2004 yilning sentyabr oyida futbolchilar va xodimlarga maosh tarqatish uchun klub oʻzining azaliy va ashaddiy raqibi – Myunxenning "Bavariya" jamoasidan 2 million evro miqdorida qisqa muddatli qarz olishga majbur boʻldi. Klub oʻzining eng katta aktivi boʻlmish afsonaviy "Vestfalenshtadion" oʻyingohini 2002 yildayoq "Molsiris" nomli koʻchmas mulk investitsiya fondiga sotib yuborgan va ijarachiga aylangan edi. Endilikda esa klub hatto shu ijara haqini ham toʻlay olmaydigan holatga keldi. Agar ijara shartnomasi qayta koʻrib chiqilmasa, klub litsenziya ololmas va professional faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlardi.

2005 yilning 14 marti – Dortmund muxlislari va rahbariyati tomonidan "klubning ikkinchi tugʻilgan kuni" sifatida nishonlanadi. Shu kuni Dyusseldorf aeroporti yaqinidagi kongress markazida 444 nafar investor ishtirokida tarixiy yigʻilish boʻlib oʻtdi. Klub vakillari investorlarga olingan qarzlarni toʻlashning imkoni yoʻqligini, agar ular yon bosmasa, klub butunlay tugatilib, investorlar barcha pullarini yoʻqotishini ochiq tushuntirishdi. Taklif etilgan radikal qutqaruv rejasiga investorlar ovoz berishdi va klubga qoʻshimcha vaqt hamda imkoniyat taqdim etildi.

Qayta tiklanishning asosiy me'mori sifatida bosh direktor Xans-Yoaxim Vattske maydonga chiqdi. U shafqatsiz, ammo pragmatik qadamlarni amalga oshirdi:

Xarajatlarni keskin qisqartirish va qarzlarni uzish: Barcha futbolchilarning maoshlari 20 foizga qisqartirildi. Qimmatbaho legionerlar sotib yuborildi. Vattske birinchi navbatda qarzlarni, jumladan "Bavariya"dan olingan 2 millionlik qarzni toʻliq uzishni bosh ustuvor vazifa qilib belgiladi.

Moliyaviy intizom falsafasi: "Biz hech qachon oʻzimiz ishlab topmagan pulni sarflay olmaymiz", degan qat'iy qoida oʻrnatildi. Klub Angliya yoki Ispaniya grandlari, shuningdek "Bavariya" bilan transfer bozorida raqobatlashmasligini, faqat oʻz imkoniyatidan kelib chiqib yashashini e'lon qildi.

Yoshlar va akademiyaga investitsiya: Qimmat yulduzlarni sotib olish oʻrniga, klub skauting tizimi va oʻz akademiyasini rivojlantirishga zoʻr berdi. Yosh, iqtidorli futbolchilarni topib, ularni jahon yulduzlariga aylantirish modeli yaratildi.

Yurgen Klopp effekti: 2008 yilda Yurgen Kloppning bosh murabbiy etib tayinlanishi burilish nuqtasi boʻldi. U yosh, arzon, lekin shiddatli va pressingga asoslangan futbol oʻynaydigan tarkibni shakllantirdi. Bu jamoa 2011 va 2012 yillarda Bundesliga gʻolibi boʻldi, 2013 yilda esa Chempionlar Ligasi finaliga chiqdi. E'tiborlisi, oʻsha finalda oʻynagan butun boshli tarkibning umumiy transfer bahosi 35 million evrodan kamroq edi. Muxlislarning sadoqati ham fenomenal darajada oshdi, butun shahar boʻylab "Biz Borussiyamiz" shiorlari ostida birdamlik aktsiyalari oʻtkazildi va dunyoga mashhur "Sariq devor" fenomeni shakllandi.

"Fiorentina" (Italiya): Ranglar va oʻtmishdan mahrum boʻlish

Germaniya grandi bankrotlikdan bir qadam orqada qolishga muvaffaq boʻlgan boʻlsa, Italiyaning mashhur "Fiorentina" klubi bu mudhish jarlikka qulagan va rasman tugatilgan klublar sirasiga kiradi. 1956 va 1969 yillarda Italiya chempioni boʻlgan, Gabriel Batistuta, Ruy Koshta, Enriko Keza kabi afsonalarga ega boʻlib, Chempionlar ligasida porlagan jamoa 2002 yil ayanchli tarzda parchalanib ketdi.

Klubning inqirozi bevosita uning sobiq prezidenti Vittorio Chekki Gori nomi bilan bogʻliq. Uning mas'uliyatsiz va avtoritar boshqaruvi natijasida klub oʻz imkoniyatlaridan ancha yuqori maoshlar fondini yaratdi. Moliyaviy muammolar yuzaga chiqa boshlaganda, rahbariyat klubni sotishdan bosh tortdi, muxlislar va futbolchilarga doimiy ravishda pullari berilishi haqida quruq va'dalar va yolgʻonlar berib keldi. Franchesko Toldo va Ruy Koshta kabi etakchilar bankrotlikning oldini olish maqsadida sotib yuborildi, biroq bu ham yordam bermadi.

2002 yilning avgustiga kelib klubning moliyaviy hujjatlari Italiya futbol federatsiyasiga taqdim etilganda, vaziyatning qanchalik mudhish ekanligi oshkor boʻldi. Klubning qarzi 22 million evroni tashkil etar, futbolchilar va xodimlarga ketma-ket besh oy davomida maosh toʻlanmagan edi.

Yangi kapital jalb qilishning imkoni qolmagach, FIGC "Fiorentina"ni hatto Italiyaning ikkinchi divizioni – V Seriyasiga qoʻyishdan ham qat'iyan bosh tortdi. 2002 yilning 1 avgust kuni "Fiorentina" rasman oʻz faoliyatini toʻxtatdi va bankrot deb e'lon qilindi. Oqibatlar juda ogʻir edi:

Klub oʻzining asrlik nomidan va butun dunyoga mashhur binafsharang liboslaridan foydalanish huquqidan yuridik jihatdan mahrum boʻldi.

Barcha professional futbolchilar shartnomalari bekor qilinib, erkin agent sifatida jamoani tark etishdi.

Qayta tashkil etilgan klub eng quyi professional mintaqaviy liga – S2 Seriyasiga (toʻrtinchi divizion) tushirib yuborildi.

Florentsiya merining tashabbusi bilan shu kunning oʻzidayoq "Florentsiya Viola" nomli yangi klub roʻyxatdan oʻtkazildi. Ular yuridik muammolarga duch kelmaslik uchun oq rangli futbolkalarda harakat qilishga majbur boʻlishdi. Klubni italiyalik mashhur tadbirkor Diego Della Valle sotib oldi va zudlik bilan sarmoya kiritishni boshladi.

Bu davrdagi eng ta'sirli voqea – jamoa sardori, Italiya terma jamoasi a'zosi Anjelo Di Livioning fidokorligi boʻldi. U bankrot boʻlgan sobiq "Fiorentina"dan qolgan yagona futbolchi edi va yuqori maoshli takliflarni rad etib, yoshlar va havaskorlar bilan birga S2 Seriyasida oʻynashga rozi boʻldi. Muxlislarning sadoqati ham misli koʻrilmagan edi: eng quyi ligadagi oʻyinlar uchun 20 000 nafar tomoshabin mavsumiy abonement xarid qildi va jamoani tark etmadi.

Jamoa bir yil ichidayoq yuqori ligaga koʻtarildi. 2003 yilda Della Valle Florentsiya sudi orqali 1,7 million funt sterling toʻlab, klubning tarixiy "Fiorentina" nomini va binafsharang logotipini kimoshdi savdosida sotib oldi va qaytarib berdi. Bankrotlikdan soʻng rekord darajadagi qisqa muddat – atigi 23 oy ichida (2004 yilda) "Fiorentina" yana Italiyaning eng yuqori divizioni – A Seriyasiga qaytdi va Chezare Prandelli boshchiligida yana Evropa maydonlariga yoʻllanma oldi.

Parma" (Italiya): 10 daqiqalik sud va afsonaviy sardorning qaytishi

1990-yillarda Evropani larzaga keltirgan, ikki marta UEFA Kubogini va bir marta Kubok egalari kubogini yutgan "Parma" klubining 2015 yildagi halokati zamonaviy futbolning eng qora sahifalaridan biridir. Ularning holati bugungi kunda safarga borishga puli qolmagan "Bunyodkor" vaziyati bilan juda oʻxshash.

Moliyaviy muammolar girdobida qolgan "Parma"ni 2015 yilning fevral oyida Jampetro Manenti nomli shaxs 1 evro evaziga sotib oldi va barcha qarzlarni uzishga va'da berdi. Biroq aslida uning orqasida hech qanday haqiqiy kapital yoʻq edi. Mart oyida Italiya politsiyasi keng koʻlamli reyd oʻtkazib, Manenti va yana 21 kishini pul yuvish va firibgarlik aybi bilan hibsga oldi. Ular Shveytsariya banklaridan oʻgʻirlangan kredit kartalari orqali 4,5 million evro mablagʻni noqonuniy ravishda klub hisobiga oʻtkazmoqchi boʻlishgan edi.

Xoʻjayinning hibsga olinishi klubning soʻnggi umidlarini ham puchga chiqardi. Vaziyat shu darajaga etdiki:

2015 yil martiga kelib "Parma"ning umumiy qarzi 218 million evroni tashkil etar, shundan 63 millioni futbolchilar va xodimlarning toʻlanmagan maoshlari edi.

Klub hisobida umuman mablagʻ qolmadi. Stadionda xavfsizlikni ta'minlovchi styuardlar va politsiya xizmatiga pul toʻlay olmagani sababli, jamoaning ikkita oʻyini bekor qilindi.

Futbolchilar klub bazasida issiq suv oʻchirilgani sababli sovuq suvda yuvinishga, sport formalarini uylarida oʻzlari yuvishga va mehmondagi oʻyinlarga jamoa avtobusini haydovchisiz, oʻzlari haydab borishga majbur boʻlishdi.

2015 yilning 19 mart kuni oʻtkazilgan bankrotlik boʻyicha sud majlisi bor-yoʻgʻi 10 daqiqa davom etdi. Sudya 101 yillik tarixga ega jamoani rasman bankrot deb e'lon qildi. Investor topilmaganligi sababli, klub Italiya futbol federatsiyasi tomonidan professional maqomidan mahrum etildi va havaskorlar ligasi – D Seriyasiga (toʻrtinchi divizion) tushirib yuborildi.

2015 yilning yozida klub "Parma Calcio 1913" nomi ostida, mahalliy ishbilarmonlar (jumladan Barilla oilasi) va muxlislar koʻmagida qayta tashkil etildi.

Ushbu qayta tiklanish tarixidagi eng yorqin shaxs – jamoa sardori Alessandro Lukarelli hisoblanadi. Yuqori divizion klublaridan tushgan daromadli takliflarni rad etgan 38 yoshli Lukarelli, maoshsiz qolganiga qaramay, oʻz jamoasini tark etmadi va D Seriyasida havaskorlar maqomida oʻynashga qaror qildi. "Biz bu klubni qaerga tushib ketgan boʻlsa, oʻsha erdan olib chiqamiz", degan edi u.

Lukarellining fidokorona etakchiligi va muxlislarning ulkan qoʻllab-quvvatlashi ostida "Parma" Italiya futboli tarixida misli koʻrilmagan natija qayd etdi. Jamoa ketma-ket uch yil ichida uchta koʻtarilishni amalga oshirib, D Seriyasidan S Seriyasiga, soʻng V Seriyasiga va nihoyat 2018 yil yana A Seriyasiga qaytishga muvaffaq boʻldi. Alessandro Lukarelli A Seriyaga yoʻllanma olingan kuni 41 yoshida faoliyatini yakunlaganini e'lon qildi va klub uning sharafiga 6-raqamli futbolkani abadiy muomaladan chiqardi.

"Glazgo Reynjers" (Shotlandiya): Soliqlardan qochishning ayanchli oqibati

Futboldagi inqirozlar faqatgina transferlardagi xatoliklar emas, balki davlat oldidagi majburiyatlarni chetlab oʻtish oqibatida ham yuz beradi. Shotlandiya futbolining giganti, 140 yillik boy tarixga ega "Glazgo Reynjers" jamoasining 2012 yilda likvidatsiya qilinishi (tugatilishi) bunga yaqqol misoldir.

Klubni 1988 yildan beri boshqarib kelgan biznesmen Devid Myurrey 2001 yildan boshlab 2010 yilga qadar soliqlarni toʻlamaslik maqsadida "Xodimlarni ragʻbatlantirish trastlari" deb nomlangan murakkab moliyaviy sxemadan foydalandi. Bu tizim orqali 111 nafar xodimga (jumladan asosiy yulduz futbolchilarga) beriladigan maoshlar rasman "daromad" sifatida emas, balki qaytarilmaydigan "qarz" (kredit) sifatida rasmiylashtirildi. Buning natijasida klub Buyuk Britaniyaning Daromad soligʻi hamda Milliy sugʻurta badallarini toʻlashdan yashirindi. Ushbu soliqlardan tejalgan pullar evaziga jamoa transferlarga 100 million funt sterlingdan ortiq mablagʻ sarfladi, oʻzi qurbi etmaydigan yulduzlarni olib keldi va 13 ta yirik sovrin yutib, Shotlandiyada sun'iy ustunlikka erishdi.

Biroq Buyuk Britaniya soliq xizmati bu sxemani aniqladi va uzoq davom etgan sud jarayonlaridan soʻng, bu mablagʻlar haqiqiy maosh ekanligini tasdiqlab, klub boʻyniga 49 million funt sterlinglik ulkan soliq qarzini va jarimalarni yukladi. Shu bilan birga, klubning bank oldida ham 18 million funtlik qarzi bor edi.

Vaziyat ogʻirlashgach, klub Kreyg Uayt ismli tadbirkorga bor-yoʻgʻi 1 funt sterling evaziga sotildi. Uayt soliq qarzlarini uzish oʻrniga, klubning kelajakdagi 3 yillik mavsumiy chiptalari sotuvidan tushadigan foydani garovga qoʻyib, "Ticketus" kompaniyasidan 26,7 million funt qarz oldi va bu pulni klubga kiritdi.

2012 yil fevral oyida klub rasman ma'muriy boshqaruvga oʻtdi va undan 10 ochko olib tashlandi. Klubni saqlab qolish uchun taklif etilgan "Kreditorlar bilan ixtiyoriy kelishuv" rejasini davlat soliq xizmati qat'iyan rad etdi, chunki ular davlat haqqini toʻliq undirishni talab qilishdi. Oqibatda, 140 yillik tarixga ega "Reynjers" rasman likvidatsiya qilindi (butunlay yopildi).

Charlz Grin ismli investor boshchiligidagi konsortsium yopilgan klubning barcha aktivlarini (stadion, baza) sotib olib, yangi yuridik kompaniya tuzdi va uning nomida "Reynjers" brendini saqlab qoldi. Biroq Shotlandiya futbol assotsiatsiyasi va boshqa klublar bu yangi jamoani yuqori ligada qoldirishga ovoz berishmadi va uni eng quyi professional liga – Shotlandiya 4-divizioniga badargʻa qilishdi. "Reynjers" toʻrt yil davomida quyi ligalarda oʻynab, katta mashaqqatlar bilan qaytadan yuqori divizionga chiqishga muvaffaq boʻldi va oxir-oqibat yana chempionlikni qoʻlga kiritdi, ammo soliq firibgarligining badali ular uchun oʻta qimmatga tushdi.

"Barselona" (Ispaniya): Inqirozdan qutulishning "Moliyaviy richaglar" mexanizmi

Yuqorida keltirilgan klublardan farqli oʻlaroq, bugungi kunda toʻgʻridan-toʻgʻri tugatilmagan yoki quyi ligaga tushirib yuborilmagan boʻlsa-da, aslida bankrotlik marrasini kesib oʻtgan va bundan qutulishning eng nostandart, xavfli usullarini qoʻllayotgan klub – Kataloniyaning "Barselona"si hisoblanadi. Ularning strategiyasi moliyaviy muammolarni hal qilishning zamonaviy mexanizmini namoyish etadi.

2021 yilning martida Joan Laporta klub prezidenti etib saylanganda, u oldingi rahbariyatdan oʻta dahshatli moliyaviy merosni qabul qilib oldi. Klubning rasmiy audit hisobotlariga koʻra, "Barselona"ning umumiy gross qarzi 1,35 milliard evroga etgan boʻlib, shundan 730 million evrosi zudlik bilan, 12 oy ichida toʻlanishi kerak boʻlgan qisqa muddatli qarzlar edi. Vaziyat shunchalik yomon ediki, klubning oʻz sarmoyasi minus 451 million evro darajasiga tushib qolgan, ya'ni texnik jihatdan klub toʻliq bankrot holatida edi.

Inqirozning asosiy sababi – futbolchilarga toʻlanayotgan aql bovar qilmas maoshlar edi. Sport natijalari pasayib borayotganiga qaramay, maoshlar fondi klub umumiy daromadining 103 foizini tashkil etar edi. Masalan, Lionel Messining sizdirilgan shartnomasiga koʻra, uning yillik maoshi 138 million evro, faqatgina shartnomani uzaytirish uchun berilgan bonusi 115 million evro boʻlgani oshkor boʻldi. Pandemiya sababli stadion va muzeylardan keladigan daromadlar keskin tushib ketganda, bunday operatsion xarajatlarni ushlab turishning umuman iloji qolmadi. Natijada La Liga klubning maoshlar limitini 671 million evrodan 348 million evrogacha keskin qisqartirdi. Bundan tashqari, klub UEFAning FFP qoidalarini buzganligi sababli kuchli bosim ostida qoldi va dastlab 60 million evro jarimaga tortildi (Laportaning muzokaralaridan soʻng bu jarima 15 millionga tushirildi).

"Barselona"ning tugatilib ketmasligining yagona sababi – uning yillik daromadining oʻta yuqoriligi (yiliga qariyb 700 million evrodan ortiq pul aylanmasi) edi. Laporta zudlik bilan kapital jalb qilish va bankrotlikdan qutulish uchun "moliyaviy richaglar" deb nomlangan agressiv strategiyani ishga tushirdi.

Bu strategiyaning mohiyati shundan iboratki, klub oʻzining kelajakdagi daromadlarining bir qismini bugungi kunda naqd pulga sotib yubordi:

Klub La Liga oʻyinlarini translyatsiya qilishdan oladigan televizion huquqlarining 25 foizini kelgusi 25 yil uchun AQShning "Sixth Street" investitsiya fondiga sotdi va bu orqali darhol 267 million evro atrofida daromad qildi.

"Barca Vision" (raqamli kontent va metakoinlar) hamda klubning boshqa tijorat aktivlarining ma'lum qismlari sotildi.

Bu choralar oʻta qaltis va xavfli hisoblanadi, chunki klub chorak asr davomida oʻz daromadlarining katta qismidan quruq qoladi. Shuningdek, "Spotify Camp Nou" stadionini rekonstruktsiya qilish uchun klub yana 1,45 milliard evrolik qarz oldi (bu qarz klub aktivlariga emas, balki kelajakdagi stadion daromadlariga bogʻlangan holda olindi) va vaqtinchalik "Monjuik" stadionida oʻynashga majbur boʻlib, chiptalar sotuvidan katta yoʻqotishlarga uchramoqda.

Biroq ushbu richaglar "Barselona"ni klinik oʻlimdan olib chiqdi. Richaglardan tushgan mablagʻlar hisobiga maoshlar limiti qayta tiklandi, klub 2022/2023 mavsumda soliqlardan soʻng 304 million evro sof foyda e'lon qildi (bu buxgalteriya foydasi boʻlib, asosan aktivlarni sotish hisobiga shakllandi) va eng muhimi, Chempionlar ligasida ishtirok etish huquqini saqlab qoldi.

Tahliliy xulosalar

Jahon futbolidagi yuqorida keltirilgan bankrotlik va tiklanish tarixining tahlili shuni koʻrsatadiki, moliyaviy inqiroz, hatto rasmiy sud qarori bilan tasdiqlangan bankrotlik ham klub uchun mutlaq oxiratni anglatmaydi. Bu jarayon, aksincha, moliyaviy mas'uliyatsizlikka chek qoʻyuvchi va klubni real bozor iqtisodiyoti shartlariga qaytaruvchi "katarsis" (tozalanish va sogʻlomlashish) vazifasini oʻtaydi. "Bunyodkor" rahbariyati dunyo tajribasidan quyidagi fundamental xulosalarni chiqarib olishlari muhim:

Birinchidan, sun'iy dotatsiyalarga asoslangan modelning halokati muqarrarligi. "Bunyodkor"ning Rivaldo va Skolari kabi yulduzlarni olib kelgan davri real tijorat daromadlariga emas, balki faqat tashqi homiy ("Oʻzbekneftgaz") in'ektsiyalariga asoslangan edi. Dortmundning "Borussiya"si, "Fiorentina" yoki "Parma" misolida yaqqol koʻringanidek, oʻzi ishlab topmagan pulni kelajak hisobidan sarflash ertami-kechmi tizimli halokatga olib keladi. "Bunyodkor" zudlik bilan oʻzining tijorat salohiyatini, marketing, chiptalar sotuvi va homiylik diversifikatsiyasini shakllantirishi, yagona davlat korporatsiyasiga mutlaq qaramlikdan voz kechishi shart.

Ikkinchidan, inqiroz menejmenti va kreditorlar bilan shaffof ishlash zarurati. "Borussiya Dortmund" direktori Vattske 444 nafar investor oldiga chiqib vaziyatni ochiq tushuntirganidek, "Bunyodkor" ham oʻz muammolarini yashirmasligi kerak. Rivaldo, Denilson va boshqa kreditorlar bilan faqat yuridik konfrontatsiya emas, balki ochiq, real moliyaviy manbalarga asoslangan restrukturizatsiya jarayonini olib borish zarur. FIFAning 3 ta transfer oynasiga taqiqi va boshqa sanktsiyalari faqatgina qarzlar soʻzsiz va muntazam toʻlangandagina bekor qilinadi. "Barselona" kabi kelajakdagi daromadlarni kapitalizatsiya qilish yoki "Borussiya" kabi xarajatlarni keskin (20 foizgacha) qisqartirish mexanizmlaridan foydalanish vaqti keldi.

Uchinchidan, akademiya va yoshlarga suyanishning yagona toʻgʻri yoʻl ekanligi. Hozirgi holatda FIFA "Bunyodkor"ga yangi professional oʻyinchilar roʻyxatdan oʻtkazishni qat'iyan taqiqladi. Bu "Borussiya Dortmund" inqiroz davrida foydalangan va ularni Evropaning eng yuqori choʻqqisiga qaytargan modelning aynan oʻzidir – ogʻir davrda mahalliy, yosh iqtidorlarga tayanish, ularni rivojlantirish va keyinchalik sotish orqali moliyaviy barqarorlikni ta'minlash eng toʻgʻri strategiyadir.

Toʻrtinchidan, ma'naviy etakchilar va muxlislar faktorining beqiyosligi. Moliyaviy qiyinchiliklar boshlanganda eng birinchi boʻlib klubning ruhiyati sinadi. "Bunyodkor"da maosh berilmagach, murabbiy va oʻyinchilarning ommaviy shikoyatlari buning isbotidir. "Parma"ni Alessandro Lukarelli, "Fiorentina"ni Anjelo Di Livio qutqarib qolgandek, "Bunyodkor"ga ham bugungi kunda qiyin paytda jamoani tashlab ketmaydigan, tekinga boʻlsa-da klub sharafini himoya qiladigan etakchilar va fidoyi mutaxassislar suv va havodek zarur. Shunday insonlargina jamoa atrofida yangi, sogʻlom muhit va muxlislar armiyasini yarata oladi.

Beshinchidan, radikal tozalanishdan qoʻrqmaslik. Agar "Bunyodkor"ning Rivaldo va boshqalar oldidagi millionlab evro qarzlarini yopishning umuman iqtisodiy imkoni qolmagan boʻlsa va davlat buni toʻlab berishni istamasa, sun'iy ravishda "jasadni tirik saqlashdan" voz kechish kerak boʻlishi mumkin. Italiyaning "Fiorentina" yoki "Parma", Shotlandiyaning "Reynjers" klublari kabi qonuniy bankrotlik e'lon qilib, tarixiy qarzlardan qutulish va eng quyi ligalardan boshlash ba'zan rivojlanishning toʻgʻri va mardonavor tanlovi boʻlishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, "Bunyodkor" klubi bugungi kunda oʻz tarixidagi eng ogʻir, ekzistentsial chorrahada turibdi. Jahon futboli tajribasi shuni koʻrsatadiki, bunday vaziyatlardan muvaffaqiyatli chiqib ketish qandaydir moʻ'jiza emas, balki ayovsiz qisqartirishlar, pragmatik boshqaruv tizimining oʻrnatilishi hamda inqirozli davrni mashaqqat bilan engib oʻtishga tayyor boʻlgan sodiq insonlarning tinimsiz mehnatini talab etadi. Moliyaviy inqiroz klubning yakuni emas, balki oʻtmish xatolaridan saboq chiqarib, yangi, real va bozor qonuniyatlariga asoslangan sogʻlom rivojlanish yoʻliga oʻtish uchun berilgan tarixiy imkoniyat hisoblanadi.

12 aviachipta, rus tili oʻqituvchisi, uy va mashina: "Bunyodkor" va Rivaldo oʻrtasidagi shartnomalarda qanday imtiyozlar koʻzda tutilgandi?

Oqil Abdubarnoev tayyorladi.

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring