BREAKING! Kongo DR yigʻinlarni bekor qildi — terma JChda faqat bir shart bilan qatnashishi mumkin
Mamlakatda Ebola virusi tarqalgani sababli AQSh hukumati delegatsiyaning barcha vakillarini 21 kunlik izolyatsiyada boʻlishini rasman talab qilib qoʻygan. Faqatgina ushbu holatdan keyingina termaning JChda ishtirok etishi kafolatlanadi.
Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSh, Kanada va Meksikada boʻlib oʻtadi. Oʻtgan hafta Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti DR Kongo hududida "Bundibudjio" turidagi Ebola virusi tarqalishi xavfi "juda yuqori" ekani haqida ogohlantirdi. Mavjud ma'lumotlarga koʻra, mamlakatda 1000 dan ortiq gumonli kasallanish holati va 246 ta ehtimoliy oʻlim qayd etilgan.
Kongo DR hukumati ma'lum qilishicha, mamlakat futbol federatsiyasi (FECOFA) shu hafta FIFA bilan muzokaralar oʻtkazgan, shundan soʻng delegatsiya toʻliq tibbiy va sanitariya protokollariga moslashtirilgan. Jumladan, Kinshasadagi yigʻinni bekor qilish va jamoa tayyorgarligini mamlakat tashqarisiga koʻchirish haqida qaror qabul qilingan.
Terma jamoa futbolchilarining katta qismi Evropa klublarida toʻp surayotgani virus bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa xavfini kamaytirmoqda. Shu bilan birga, oy boshida Kinshasani tark etgan jamoa xodimlari AQShga joʻnab ketishdan oldin Amerika sanitariya talablariga muvofiq kamida 21 kun Evropada boʻlishadi.
Bundan tashqari, hukumat chempionat oʻyinlari uchun chipta sotib olgan muxlislar vaziyatidan xavotir bildirgan. Ular AQSh vizasini olishda ma'muriy cheklovlar sabab qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Rasmiylarga koʻra, mablagʻni qaytarish masalasi boʻyicha FIFA bilan muzokaralar olib borilmoqda.
52 yildan soʻng ilk bor jahon chempionatida ishtirok etadigan DR Kongo terma jamoasi Xyuston shahrida joylashadi. Guruh bosqichida jamoa 17 iyun kuni Portugaliya, 23 iyun kuni Kolumbiya va 27 iyun kuni Oʻzbekiston terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Manba: championat.asia
Izohlar 0