Fidbol.net

Birinchi liganing besh a'zosi Proliga ishtirokchisiga aylanish uchun da'vogarlik qiladi

Tahririyat 3
Birinchi liganing besh a'zosi Proliga ishtirokchisiga aylanish uchun da'vogarlik qiladi

PFL 2020-yildan e'tiboran oʻtish oʻyinlari, Superligadan tushish va chiqish mexanizmlarini aynan shu yoʻnalishda tartibga solib kelmoqda.

Biroq, Birinchi ligada toʻp tepayotgan klublarning keyingi istiqbolini belgilashda litsenziyalash mexanizmi, klubning rivojlanish dasturi, uning bolalar futbolidagi roli asosiy ahamiyat kasb etadi. Shundan kelib chiqib, joriy yilning may oyida Proliga va Birinchi liga klublari mazkur yoʻnalishda qanday ishlashi lozimligi, bu masalada PFLning rejalari qanday ekanligi xususida xabardor qilingan.

Keyingi bosqichda Birinchi ligada ishtirok etayotgan besh klub 2027-yilgi mavsum uchun rejalarini ochiqladi: “Guliston”, “Oqtepa”, “Ahmedov”, “Doʻstlik”, “Sherdor”. Aynan shu klublar kelasi mavsumni Proligada oʻtkazish istagini bildirdi. Endilikda, PFL mazkur rejani amalga oshirish tartibini belgilaydi hamda noyabr oyiga qadar shu yoʻnalishda klublarni monitoring qiladi.

Birinchi navbatda, klublar qoshida faoliyat koʻrsatayotgan futbol maktablariga e'tibor qaratiladi. Bunda, 2026-yilning 30-sentyabr sanasiga qadar har bir klub U10 — U17 yosh toifalari oraligʻidan eng kamida oltitasini tanlab olib, ularning har biri uchun yigirma nafardan kam boʻlmagan tarbiyalanuvchisini MyLeague platformasidan roʻyxatdan oʻtkazishi lozim. Ma'lumki, mazkur platforma FIFA Connect interfeysi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri integratsiyalangan. Undan roʻyxatdan oʻtkazilgan havaskor futbolchilar unikal FIFA ID raqamiga ega boʻladi hamda futbolchining elektron pasporti shakllanishni boshlaydi.

Ma'lumki, “Guliston” futbol klubi 2026-yildan e'tiboran tashkil etilgan boʻlib, ayni vaqtda Birinchi liganing Markaziy mintaqasida peshqadamlik qilmoqda. Oʻtgan mavsum yakunida PFL rahbariyati Sirdaryo viloyati hokimi bilan uchrashuv oʻtkazgan boʻlib, unda Guliston shahrida qurilishi davom etayotgan stadion, “Guliston” futbol klubining kelgusi rejalari va shu yoʻnalishdagi boshqa masalalar muhokama qilingan. Mamlakat Prezidentining tegishli qarori bilan "Sirdaryo viloyati bolalar va oʻsmirlar futbol maktabi Assotsiatsiya yordamida “Guliston” klubiga biriktirilgan. Oʻtgan vaqt ichida klub mana shu maktab tarbiyalanuvchilari roʻyxatini shakllantirishi va ularning Assotsiatsiya tomonidan oʻtkaziladigan musobaqalarga tayyorlashi lozim edi.

Oqtepa, Ahmedov, Doʻstlik, Sherdor klublari esa faoliyatini aynan futbol maktabi yoʻnalishida boshlagan boʻlib, bugunga kelib har birining turli yosh toifalari boʻyicha tarbiyalanuvchilari mavjud. Endilikda klublar oʻz havaskor futbolchilarini ham PFL roʻyxatidan oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻladi. Bundan tashqari, roʻyxatdan oʻtgan futbolchilar hududiy assotsiatsiyalar tomonidan oʻtkaziladigan musobaqalarda bevosita ishtirok etishi lozim.

Shuningdek, yuqorida qayd etilgan besh klub PFLning litsenziyalash boʻyicha talablarini ehtimoliy bajarishi shartida va ularga Proliga yoʻllanmasi ehtimoliy taqdim etilishi mumkinligidan kelib chiqib, Proliga uchrashuvlarini oʻtkazish imkoniyatini beruvchi stadion topishi va shu yil yakuniga qadar undan 2027-yilgi mavsum davomida foydalanish boʻyicha shartnoma imzolashi talab etiladi. Mazkur jarayonlarning barchasi PFL tomonidan monitoring qilib boriladi.

Ma'lumot uchun, Liga mazkur klublar uchun Proliga yoʻllanmasini kafolatlamaydi. Barcha masala klublarning oʻz ish rejasiga qanchalik puxta yondashishi orqali hal etiladi. Shuningdek, Proligada ishtirok etayotgan bir qator klublar 2026-yilgi mavsum avvalida PFL tomonidan qoʻyilgan rivojlanishning keyingi bosqicharini amalga tatbiq qila olmasa, ular 2027-yilgi mavsumni Proligada oʻtkazish imkoniyatini yoʻqotadi.

Manba: championat.asia

Jamoalar

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring