Behruz Karimov: "Uch yil avval Birinchi ligada oʻynardim. Eng asosiysi – umid qilish va oʻziga ishonish"
"Avvalambor, insonda kuchli xohish va umid boʻlishi kerak, deb oʻylayman. Chunki Oʻzbekistonda Jahon chempionatining saralash oʻyinlari boʻlib oʻtayotganida, biz ham mashgʻulotlardan soʻng Olimpiya zaxiralari kollejidan bolalar bilan toʻplanib, yugurib kelar edik. Biletlar sotib olib, kiritmasa darvozalarning tagidan qochib, qandaydir yoʻllar bilan stadionga kirardik. Ichkariga kirib olganimizdan soʻng, oʻyinni tomosha qilib oʻtirardik. Stadiondagi muhit juda yuqori va ajoyib boʻlardi.
Yoshligimdan murabbiylarim menga: "Maydonga shunchaki oʻyin koʻrgani bormaslik kerak. Futbolchining butsasini, formasini yoki soch turmagini emas, balki oʻzingning pozitsiyangdagi oʻyinchi qanday harakat qilayotganini kuzatish kerak. Ertaga oʻzing shu maydonga tushib qolsang, qanday oʻynaysan?" – deb ta'kidlashardi. Shu gaplarni xayolimdan oʻtkazib, oʻyinni diqqat bilan kuzatib oʻtirardim. Ba'zida xayolim chalgʻib ketsa ham, yana e'tiborimni oʻyinga qaratardim.
Menimcha, eng asosiysi – umid qilish va oʻziga ishonish. "Bir kun kelib shu erda oʻynayman", – deb maqsad qoʻyish kerak. "Balki oʻynab qolarman", – degan ikkilanish bilan hech narsaga erishib boʻlmaydi. Agar chin dildan ishonsa va oʻz ustida ishlasa, hammada imkoniyat bor. Hozirgi kunda yoshlarga etarlicha imkoniyatlar berilmoqda. Oʻz joyida oʻzini koʻrsata olsa, albatta, bosqichma-bosqich oʻsib boradi, deb oʻylayman", dedi 19 yoshli futbolchi.
Toʻliq intervyuni YouTube sahifamizda tomosha qiling:
Manba: championat.asia
Izohlar 0