Fidbol.net

Asror Aliqulov: "Himoya chizigʻi katta vazifa qoʻyilgan jamoalarga xos oʻyin koʻrsatmadi"

Tahririyat 5
Asror Aliqulov: "Himoya chizigʻi katta vazifa qoʻyilgan jamoalarga xos oʻyin koʻrsatmadi"

– Bugungi oʻyin haqidagi fikrlaringiz...

– Nima deyishim mumkin? Tayyorgarlik jarayonida FarDUning kuchli tomonlariga va oxirgi oʻyinlarda koʻp gʻalaba qozonayotganiga e'tibor qaratib tayyorgarlik koʻrgan edik. Birinchi boʻlimda hisobda oldinga chiqdik. FarDUning uzun paslari va hujumlari bizga hech qanday xavfli holat yaratayotgani yoʻq edi. Lekin ikkinchi boʻlimda futbolchilarga 15–20 daqiqa bu hushyorlikni yoʻqotmaslik, ularning hujumlariga, uzun uzatmalariga, havodagi kurashlarga yutqazmaslik hamda bir-birini qoʻllab-quvvatlash kerakligini uqtirdik.

Lekin yoʻq joydan himoyachimizning xatosi 11 metrlik jarima zarbasi belgilanishiga sabab boʻldi. U erda hech qanday xavfli holat yoʻq edi. FarDU yarim himoyachisi darvozamizga orqasini oʻgirib turgan holatda edi, unga nisbatan qoʻpollik ishlatish shart emas edi. Bu vaziyat raqibga imkoniyat yaratib berdi. Shundan soʻng qancha harakat qilmaylik, himoyachilarimizning yana bir qoʻpol xatosi tufayli oddiy holatda gol oʻtkazib yubordik.

Ushbu turda "Kattaqoʻrgʻon" ham, "Aral" jamoasi ham ochko yoʻqotdi. Biz bu oʻyinga boshqacharoq yondashishimiz kerak edi. Afsuski, koʻrib turganingizdek, futbolchilarimiz, xususan, himoya chizigʻimiz oldiga katta vazifa qoʻyilgan jamoalarga mos oʻyin koʻrsatmadi. Shuning uchun ham bugun magʻlubiyatga uchradik.

– Legioner futbolchi Yuriy Klochkovni birinchi boʻlimdayoq majburiy almashtirishga qaror qildingiz. Futbolchining holati haqida ma'lumot bersangiz.

– Unga nisbatan qoʻpollik ishlatildi, oyogʻiga zarba berilgan va shilingan edi. Shuning uchun ham u oʻyinni davom ettira olmay qoldi. Oqibatda majburiy oʻzgarish qildik.

– Uning holati keyingi oʻyinga tushishga imkon beradimi?

– U oʻyinni davom ettirishda ogʻriq his qildi va oʻynay olmasligini aytdi. Oʻylaymanki, keyingi bellashuvgacha tiklana oladi va yana safga qaytadi.

– Yana bir savolim legioner futbolchilar haqida. Tarkibda Levan Barabadze va yana bir legioner futbolchi (Raman Viaxera – tahririyat) bor. Ikkalasini ham bugun zaxirada qoldirdingiz va umuman foydalanmadingiz. Buning sababi nima boʻldi?

– Ikki legioner futbolchimiz ham himoya chizigʻi vakillari hisoblanadi. Biz taxminan 15 daqiqa hisobni ushlab turgandan soʻng taktik oʻzgarish qilmoqchi edik. Lekin 11 metrlik jarima zarbasi barcha rejalarni oʻzgartirib yubordi va biz hujumga zoʻr berishimizga toʻgʻri keldi. Shu sababli hujum chizigʻi va yarim himoyadagi futbolchilarimiz ancha ter toʻkib, charchab qolishdi.

Bugun barchasini mana shu 11 metrlik jarima zarbasi oʻzgartirdi. Ungacha hech qanday xavfli holat yoʻq edi, FarDU jamoasi bizga qiyinchilik yoki xavfli hujumlar yaratayotgani yoʻq edi. Oddiy vaziyatdagi penalti hamma narsani oʻzgartirib yubordi, desam toʻgʻri boʻladi. Himoyachilarni maydonga tushirish esa bu vaziyatni qutqarib qolishda yordam bera olmas edi, shuning uchun ularni oʻyinga qoʻshmadik.

– 16-tur etakchilar uchun noxush keldi. "Shoʻrtan", "Aral", "Kattaqoʻrgʻon" – barcha jamoalar ochko yoʻqotdi. Bunga munosabatingiz qanday?

– Boshqa jamoalarni muhokama qilmaymiz. Bugungi oʻyindagi ochkolar oʻzimiz uchun juda zarur edi. Buni futbolchilarga ham uqtirgandik. Lekin biz juda yomon natija qayd etdik. Bu "Shoʻrtan" klubi, muxlislari va rahbariyati uchun juda alamli. Raqibning holatini va oʻyin borishini hisobga olganda, bugun bunday futbol oʻynamasligimiz kerak edi. Ayniqsa, ikkinchi boʻlimda himoya chizigʻida bunday xatolarga yoʻl qoʻyish mumkin emasdi.

Futbolni koʻrdingiz, raqib jamoasi hujum qilishga u qadar katta bosim oʻtkazayotgani yoʻq edi, oʻyin asosan maydon oʻrtasida kechayotgandi. Hech qanday qiyin vaziyat yoʻq edi. Bu erda himoyachilarning xatolari bizga qimmatga tushdi. Shuning uchun bugungi magʻlubiyatga ikkinchi boʻlimdagi himoya chizigʻimizning oʻyini sabab boʻldi, desam yanglishmayman.

– Oʻzbek futbolining tajribali mutaxassislaridan biri sifatida maydon holatiga qanday baho bergan boʻlardingiz?

– Maydon koʻrinib turibdi, bu erda toʻp yurishi sekinlashadi va chim biroz yumshoqroq. Kecha mashgʻulotda ham koʻrdik, havodan uzatilgan toʻplar erga tushgandan soʻng baland sapchimaydi. Shuning uchun ham uzun toʻplarga oxirigacha harakat qilish kerak, chunki maydon toʻp tezligini sekinlashtiradi.

Proliga andozasidan kelib chiqib qaraydigan boʻlsak, maydonning holati yomon emas, yaxshi maydon. Toʻgʻri, bu kichkina muammo keltirib chiqarishi mumkin, ammo futbolchilar bunga tez koʻnikishi kerak. Umuman olganda, maydon holati yaxshi.

– "Shoʻrtan" jamoasi birinchi boʻlimda FarDUga deyarli hujum qilishga imkoniyat bermayotgan edi. Ikkinchi boʻlimga kelib esa "Shoʻrtan" juda koʻp boʻshliqlarni yuzaga keltirdi. Bunga asosiy sabab taktik sxemami yoki futbolchilarning jismoniy holatimi?

– FarDU ikkinchi davrada yaxshi futbolchilarni tarkibga jalb qildi. Ularning himoya chizigʻida oʻynayotgan futbolchilari Proligada anchadan beri harakat qilib kelishyapti. Biz ularga koʻp boʻshliq va oʻylash uchun vaqt bermaslikni maqsad qilgan edik. Toʻgʻri ta'kidladingiz, birinchi boʻlimda biz ularning hujum qilishiga deyarli imkoniyat bermayotgan edik.

Bularning barchasi 11 metrlik jarima zarbasi belgilangunga qadar davom etdi. Ungacha FarDU bizga hech qanday muammo tugʻdira olayotgani yoʻq edi. Aynan shu penalti bugungi oʻyinda hamma narsani oʻzgartirdi. Shundan soʻng shoshilib qoldik, hujumga oʻtishda darvozabonimiz ham ayrim vaziyatlarda shoshma-shosharlikka yoʻl qoʻydi.

– Ikkinchi boʻlimga kelib jamoa hujumlarini juda ham kamaytirib yubordi. Bunga sabab hisobni ushlab qolish koʻrsatmasi boʻlganmi yoki futbolchilarning oʻzi shunday qarorga keldimi? Deyarli hujum qilinmadi.

– Koʻrdingiz, bugun shijoat va xarakter tomonidan FarDU ikkinchi boʻlimda gol urganidan keyin bizdan ustunlik qildi. Har bir toʻp uchun ular oʻzlarini ham, raqibni ham ayashmadi. Ular chuqur himoyalanib, bizga bosim uyushtirishdi va uzun toʻplarimizni FarDU himoyachilari ikkinchi qavatda koʻproq yutib chiqishdi. Birga-bir vaziyatlarga chiqdik, agar shulardan foydalanganimizda oʻyinda burilish yasalishi mumkin edi. Lekin, afsuski, hujumchilarimiz gol ura olishmadi. Hisob 1:1 payti bizga gol juda kerak edi, shunda oʻyin taqdiri boshqacha boʻlishi ham mumkin edi.

– Asror Aliqulov jamoalarni Proligadan Superligaga olib chiqish boʻyicha tajribaga ega mutaxassis. Joriy mavsum jamoangizning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

– Koʻryapsiz, futbolchilarning professionalizmi va xarakter koʻrsatishi borasida biz oʻz koʻrsatmalarimizni beramiz, lekin ba'zida bu etarli boʻlmay qoladi. Ayrim futbolchilar bilan biz birinchi yil ishlayapmiz. Shuning uchun ham har bir oʻyinga alohida tayyorgarlik koʻrib, raqibni oʻrganishga va oʻz kamchiliklarimizni yaxshilashga harakat qilyapmiz.

Lekin koʻp narsa maydondagi burilishlar va holatga qarab toʻgʻri qaror qabul qilishga ham bogʻliq. Koʻrib turganingizdek, maydondagi kichik xatolar ham oʻyin taqdirini hal qilib yuboryapti.

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring