Fidbol.net

Asror Aliqulov: "Har ikki jamoa toʻpni yoʻqotmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan harakat qildi"

Tahririyat 10
Asror Aliqulov: "Har ikki jamoa toʻpni yoʻqotmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan harakat qildi"

Oʻyindan keyin "Shoʻrtan" bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Oʻyin haqida fikringiz?
- Uchrashuv kurashlarga boy boʻldi. Maydonga koʻnikish sal qiyin kechdi. Standart vaziyatdan gol oʻtkazdik. "Jayxun" jamoasi oxirgi oʻyinlarda ham oʻz maydonida, ham safarda yaxshi oʻyin namoyish etib kelyapti. Ayniqsa oʻz uyida oxirigacha kurash olib boradi. Shu bois yigitlarni yaxshi tayyorlashga harakat qildik. Bugun muxlislarbop futbol koʻrmadik deb oʻylayman, har ikki jamoa toʻpni yoʻqotmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan harakat qildi. Qiyinchilik bilan gʻalabaga erishdik, bir holatda birga bir vaziyatdan foydalana olmadik. Bugungi mehnat uchun futbolchilarga minnatdorchilik bildiraman va "Shoʻrtan" muxlislarini gʻalaba bilan tabriklayman.

- "Jayxun" himoyaga urgʻu berib qarshi hujumlarni ma'qul koʻrdi. Bunday pallada jamoangiz qanchalik qiynaldi?
- Biz bu holatni e'tiborga olgandik. Chunki "Metallurg" bilan oʻyinda "Jayxun" gol urganidan soʻng e'tiborni himoyaga qaratgandi.

- "Shoʻrtan" oldiga Superligaga qaytish vazifasi qoʻyilganini bilamiz. Jismoniy tomondan jamoa bunga tayyormi?
- Bugungi toliqishni sun'iy maydon holati sabab deb aytgan boʻlardim. Maydon nihoyatda qattiq va futbol oʻynash ogʻir. Toʻgʻri, bizda charchoq koʻrindi va shundan soʻng oʻyinchilarni almashtirdik. Bugun raqibdan va maydon holatidan kelib chiqqan holda taktika va tarkibda oʻzgarishlar qildik. Ba'zi etakchi futbolchilar zaxirada qoldi, bu ham rejamizning bir qismi edi. Balki keyingi uchrashuvlarda yana rotatsiyaga qoʻl urishimiz mumkin.

- Ikkinchi toʻp kiritilgach, futbolchilar vaqtni choʻzishga oʻtdi. Shunga munosabatingiz?
- Agar Gʻanisher Qodirovning holatini aytayotgan boʻlsangiz, u ayyorlik qildi. Toʻpni yoʻqotgach yiqilib tushdi va maydonda yotdi. Lekin biz futbolchilarga vaqtni choʻzinglar deb koʻrsatma bermaymiz. "Jayxun" darvozaboni toʻpni oʻyinga kiritishi bilan bosim uyushtirish va raqibning uzun paslar bilan oʻynashiga xalaqit berish koʻrsatmasini bergandik.

Manba: championat.asia

Jamoalar

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring