Anvar Gʻofurov: "Kimdir hakamdan norozi boʻladi, kimdir rozi. Bu futbol. Gapirsak gap koʻp"
"Qiyin oʻyin boʻlishini bilgandik. "Paxtakor"ning maqsadi chempion boʻlish. Bizga ham ochkolar juda kerak. Shukr, bugun bir ochkoni qoʻlga kirita oldik. Yigitlarga rahmat, ular katta mehnat qilishdi. Har bir jamoada yaxshilanishi kerak boʻlgan jabhalar etarlicha topiladi. Termizdan kelgan muxlislarimizga rahmat. Har doim oʻz muxlislarimizni xursand qilishga harakat qilamiz. Muxlislarimiz bugun uyga yaxshi kayfiyatda qaytadi degan umiddaman", - deya gap boshladi Anvar Gʻofurov.
- "Surxon" "Paxtakor" uchun noqulay raqibga aylanib boʻldi. Bugungi oʻyinda ham "Surxon" yangilik qilmay, birinchi davradagi oʻyin rejasini oʻzgartirmagandek. Toʻgʻri, qimmatli ochko qoʻlga kiritildi. Lekin musobaqa jadvalidagi oʻrni yaxshi emas...
- Men unday oʻylamayman. Biz etarlicha vaziyatlar yaratdik. "Paxtakor" juda katta nom. Ular ham oʻz imkoniyatlariga ega boʻldi. Bugun biz ancha ishonchliroq harakat qildik, deyman. Bugun esa soʻnggi daqiqaga qadar ikki tomonda ham vaziyatlar boʻldi.
- Futbolchilaringiz hakamlarga koʻp e'tiroz bildirgandek...
- Hakam bilan gaplashish mumkin emas degan qoida yoʻq. Hakam xohlasa oʻyinni davom ettiradi, xohlasa yoʻq. Kimdir hakamdan norozi boʻladi, kimdir rozi. Bu futbol. Qaysidir oʻyinlarda esa ikki jamoa ham hakamga e'tiroz bildirmaydi. Har bir jamoa gʻalaba uchun harakat qiladi. Bizga ham gʻalaba kerak. Gapirsak gap koʻp. Yigitlar maydonda borini berib harakat qilishmoqda. Qaerdadir bizga omad etishmayapti. Biz namoyish etayotgan futbol baribir oʻz mevasini beradi.
- Oʻyin oxiridagi vaziyatning takrorini koʻrdingizmi?
- Men sizni tushunaman, "Paxtakor" ishchisi sifatida....
- Yoʻq, men jurnalistman.
- Men u vaziyatni koʻrmadim. Men hakamlarga toʻliq ishonaman. Futbolchilar oʻz ishini qilsin. Namanganda boʻlgan voqea menga dars boʻldi. Bugun asabiy oʻyin boʻldi. Maydonda oʻyin kechadi.
- Amerikalik legioner bugungi uchrashuv qaydnomasidan oʻrin olmadi. U jamoaga kelib qoʻshilishga ulgurdimi?
- Santyago biz bilan mashgʻulot oʻtkazmoqda, ammo u jamoaga kech qoʻshildi. U qoidalar boʻyicha bir muddat Oʻzbekistondan tashqarida boʻlib keldi. Sekin-astalik bilan jamoaga qoʻshilib ketadi deb oʻylayman.
- "Surxon" toʻrt oydan beri maosh olmayapti degan gaplar bor. Masalan, "Bunyodkor" ustozi Zeytullaev har bir oʻyindan soʻng bu haqda gapiradi. Sizdan esa umuman bu holat haqida biror narsa eshitmadik. Ushbu muammoni ataylab muhokama qilishni istamaysizmi?
- Biz oʻz ishimizni qilishimiz kerak. Rahbariyat bor-ku. Men gapirganim bilan vaziyat oʻzgaradi deb oʻylamayman. Men murabbiyligimni, futbolchilar esa oʻz ishini qilishi kerak. Kundan kunga yaxshilanib borishimiz kerak. Muammo bizda ham bor. Ushbu savolga javob berishimning hojati yoʻq.
Manba: championat.asia
Izohlar 0