Zayniddin Tojiev: "Kubok 1/8 finalida "Paxtakor" bilan "Nasaf" tushmasa boʻlgani"
Oʻyindan keyin "Gʻazalkent" bosh murabbiyi Zayniddin Tojiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Oʻyin haqida fikringiz?
- Oʻyin qiziq va qiyin kechishini bilardik, chunki ikkita tengdosh jamoa oʻzaro bahs olib bordi. Qolaversa futbolchilar bir-birlarini yaxshi taniydi, oldin birga toʻp tepganlari ham bor. Bunday uchrashuvlarda maydonga tushgan har bir futbolchi oʻzini koʻrsatishga harakat qiladi. Yaxshiyam birinchi boʻlimda gol urib oldik. Keyin ikkinchisini ham urdik. Baribir qisqa muddat oraligʻida oʻyinlar boʻlib oʻtayotgani bilinyapti. Charchoq yigʻilib qolgani sababli ikkinchi taym oxirlarida oʻz oʻyinimizni koʻrsata olmadik. Yana ikkita turdan keyin tanaffus boʻladi, shu tanaffus chogʻida oʻyinchilarni tiklab olamiz. "Paxtakor farm" jamoasiga keyingi bahslarda omad tilayman.
- Jamoangiz ikkita frontda kurash olib boryapti. Shunday pallada jismoniy charchoqni yoʻqotish uchun qanday ish olib borilyapti?
- Biz dekabr oyida yangi mavsumga hozirlikni boshladik, futbolchilarimiz jismoniy tomondan tayyor, faqat qisqa muddatli oʻyinlarga toʻliq tayyor emasmiz. Oʻtgan mavsum U-19 chempionatida toʻp tepgan oʻyinchilar bu yil Proligada harakat qilyapti. Superligani oz boʻlsa-da koʻrgan faqat uch nafar futbolchimiz bor. Qolgan hamma U-19da oʻynagan bolalar. Bu baribir ta'sirini koʻrsatadi. Tayyorgarlik va mashgʻulotlar boʻyicha koʻnglimiz toʻq. Bu borada muammo yoʻq. Dekabrdan beri reja asosida ishlab kelyapmiz. Har toʻrt kunda futbol oʻynasa charchoq boʻladi. Superligada ham shu holat koʻrindi.
- Koʻplab epizodlarda futbolchilar uzoq burchakda turgan oʻyinchiga toʻpni uzatishda xatoga yoʻl qoʻyib, bu xato bir necha marta takrorlandi. Shu orqali vaziyatlar ham boy berildi.
- Futbolda bu kabi xatolar boʻlib turadi. Bizning chap qanotda oʻnaqay futbolchi oʻynaydi, u toʻpni olib oʻng oyogʻiga toʻgʻrilayman deguncha vaqt oʻtadi, aslida chapda chapaqay futbolchi oʻynashi kerak. Shuning hisobiga ham xatolar kuzatilayotgan boʻlishi mumkin. Mashgʻulotlarda bu borada ishlaymiz, futbolchilarga oʻrgatamiz.
- 2 iyun kuni Oʻzbekiston Kubogi 1/8 finaliga qur'a tashlanadi. "Gʻazalkent"ga kim raqib boʻlishini xohlaysiz?
- "Paxtakor" bilan "Nasaf" tushmasa boʻlgani.
- "Paxtakor" stadioni siz uchun begona emas. Futbolchilik faoliyatingizda koʻp bor shu oʻyingohda toʻp tepgansiz. Murabbiy sifatida qaytish qanday hissiyotlarni berdi?
- Futbolchilik davri umuman boshqa davr. Murabbiylikdagi hissiyotlar boshqacha boʻladi. Oʻyinchilik paytimda har gal "Paxtakor" stadionida gʻalaba uchun oʻynardik. Endi murabbiy sifatida ham shogirdlarimga yutish uchun oʻynash kerakligini aytyapman. Futbolchilarimizga rahmat, chizgan chizigʻimizdan chiqmay berilgan koʻrsatmalarni uddalashyapti, shu bois ham gʻalabaga erishdik.
Manba: championat.asia
Izohlar 0