U-20 Osiyo chempionati: Xitoy sari yoʻl boshlandi
Musobaqa oʻtkaziladigan sana 24 mart – 10 aprelga belgilangan.
Ushbu musobaqa uchun qit'amizda saralash bahslariga start berildi. Ma'lumot uchun, 31 avgust – 6 sentyabr oraligʻida oʻtkaziladigan saralash uchrashuvlarida 31ta jamoa (aslida 32ta edi, lekin Filippin qatnashmaydigan boʻldi) 15ta yoʻllanma uchun kurash olib boradi.
Saralash formati
U-20 Osiyo chempionati saralash bosqichida jamoalar reytingdagi holatiga koʻra, Saralash bosqichi va Rivojlanish bosqichiga boʻlinadi. Saralash bosqichida 31 jamoa 8 guruhga boʻlingan. Guruh gʻoliblari va 7ta eng yaxshi ikkinchi oʻrin egalari musobaqaning final bosqichga yoʻllanma oladi. Rivojlanish bosqichida esa quyi reytingli 12ta jamoa 4tadan uch guruhga boʻlingan boʻlib, har bir guruhdan ikkitadan jamoa 2029 yilgi saralash oʻyinlari yoʻllanmasiga ega boʻladi.

Guruhlar va mezbonlar
Biz uchun koʻproq musobaqaning bevosita saralash bosqichi muhim boʻlgani uchun guruhlar va mezbonlarga toʻxtalib oʻtamiz.
A guruhi - Janubiy Koreya, Qirgʻiziston (mezbon), Livan.
B guruhi - Oʻzbekiston (mezbon), Suriya, Hindiston, Bangladesh.
C guruhi - Eron, Vetnam (mezbon), KXDR, Falastin.
D guruhi - Iordaniya, Tojikiston, Bahrayn (mezbon), Afgʻoniston.
E guruhi - Saudiya Arabistoni, Qatar (mezbon), Ummon, Gonkong.
F guruhi - Iroq, Tailand (mezbon), BAA, Turkmaniston.
G guruhi - Yaponiya, Yaman, Kambodja (mezbon), Kuvayt.
H guruhi - Avstraliya, Indoneziya, Malayziya, Laos (mezbon).
Shunday qilib saralash oʻyinlariga 8ta davlat mezbonlik qilmoqda: Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Vetnam, Bahrayn, Qatar, Tailand, Kambodja va Laos.
1-tur natijalari
Oʻzbekiston U-20 terma jamoasi kecha saralashdagi ilk oʻyinini Bangladeshga qarshi oʻtkazib 2:0 hisobida zafar quchdi. Ushbu bahsda Kuanishbek Saydaliev va Quvonchbek Abraev tomonidan kiritilgan gol vakillarimizga ilk uch ochkoni taqdim etdi. Quyida barcha guruhlarda qayd etilgan natijalarni keltirib oʻtamiz.
Livan - Janubiy Koreya 2:3
Suriya - Hindiston 0:1
Oʻzbekiston - Bangladesh 2:0
Eron - Falastin 2:1
Vetnam - KXDR 0:3
Iordaniya - Afgʻoniston 1:0
Tojikiston - Bahrayn 2:3
Saudiya Arabistoni - Gonkong 2:0
Qatar - Ummon 1:2
Iroq - Turkmaniston 1:2
Tailand - BAA 1:0
Yaponiya - Quvayt 4:0
Yaman - Kambodja 1:2
Indoneziya - Malayziya 0:0
Avstraliya - Laos 2:0

Oʻzbekiston U-20 qachon oʻynaydi?
Saralash bahslarida ishtirok etayotgan U-20 terma jamoamiz 2-turni 3 sentyabr kuni Hindiston hamda 3-turni 6 sentyabr kuni Suriyaga qarshi oʻtkazadi. Har ikkala bahs soat 19:00ga qoʻyilgan boʻlib, "Doʻstlik" stadionida boʻlib oʻtadi. Ushbu terma jamoaga Jamoliddin Rahmatullaev bosh murabbiylik qilayotganidan xabaringiz bor.

U-20 Osiyo chempionatida nechta jamoa qatnashadi?
Oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatidan farqli oʻlaroq ushbu musobaqa har ikki yilda bir marta oʻtkaziladi. 2027 yil Xitoy mezbonlik qiladigan U-20 Osiyo chempionatida 16ta jamoa qatnashadi. Yana 15ta jamoa nomi aynan saralashdan soʻng ma'lum boʻladi. Xitoydagi musobaqa oʻz navbatida U-20 Jahon chempionati yoʻllanmasi uchun oʻynaladi hamda FIFA tomonidan Osiyoga 4ta yoʻllanma berilgan. Demak, yarim finalga chiqqan jamoalar oʻz navbatida JCh ishtirokchisiga aylanadilar.
Xabaringiz bor, navbatdagi U-20 Jahon chempionatiga 2027 yil Oʻzbekiston va Ozarbayjon mezbonlik qiladi. Bu degani Oʻzbekiston Osiyo chempionatiga chiqib qanday natija koʻrsatmasin, baribir mezbon sifatida kichik mundialda oʻynaydi. Lekin bizga ma'lum boʻlishicha, OʻFA rahbariyati tomonidan bu jamoa oldiga Osiyo chempioni boʻlish vazifasi qoʻyilgan. Jahon chempionati kelasi yilning kuz oylarida boʻlib oʻtishi yaqinda ma'lum qilindi.
Manba: championat.asia
Izohlar 0