Sardor Rahmonov: "Balki kimdir "Bunyodkor"ga yordam berar, muammolarni eshitar"
"Magʻlubiyatga hech qanday bahona yoʻq. Bizga nima etishmayotganidan hammaning xabari bor. Klubda ahvol ogʻirligini hamma yaxshi biladi. Shu bois ortiqcha gapirib oʻtirishga hojat yoʻq. Umuman olganda, yaxshi oʻyin boʻldi, faqat bizga omad etishmadi. "Paxtakor"ni gʻalaba bilan tabriklayman", – deydi Sardor Rahmonov.
— "Paxtakor"ning zaif tomoni shunda ediki, gol urib olgach, sur'atni (tempni) tushirardi. "Bunyodkor" ikkinchi boʻlimda bundan foydalanib ketishi mumkin edimi?
— Raqibni oʻrganib chiqqan edik. "Paxtakor" oʻz imkoniyatidan foydalanib ketdi. Aksincha, biz gol urganimizda durang oʻynashimiz, balki yutib ketishimiz ham mumkin edi. Futbolda shunaqasi ham boʻlib turadi.

— Oʻyin yakunlangach, hakamlar bilan tortishgandek boʻldingiz...
— Toʻrtinchi hakam va yordamchi murabbiyimiz oʻrtasida tushunmovchilik boʻldi. Men borib, ajratib olib ketdim. Bor gap shu.
— Magʻlubiyatlar davom etaversa, musobaqa jadvalida yanada pastga tushib ketish xavfi yuqori...
— Shundoq ham vaziyat jiddiy. Klub ichidagi ahvolni oʻzimiz yaxshi bilamiz. Oxirigacha kurashamiz. Pul berishmayapti deb qoʻl qovushtirib oʻtirmasdan harakat qilamiz, balki kimdir yordam berar, muammolarimizni eshitar.
— 8 oydan beri maosh berilmagani aytilmoqda. Mavsum yakunlangach, jamoadan ketish niyatingiz bormi?
— Hali bu haqida oʻylaganim yoʻq. Mavsum oxirigacha shartnomam bor, professionalmiz va ishimizni oxirigacha etkazib qoʻyamiz. Shundan keyin bir qarorga kelish mumkin. Ketganlar ketdi, qolganlar esa oxirigacha kurashadi. "Maosh berishmayapti" deb maydonga tushmay qoʻymaymizku, hammasi jamoa uchun. Ertaga nima boʻlishini hech kim bilmaydi. Balki vaziyat yaxshilanib ketar.
Manba: championat.asia
Izohlar 0