Saloh nima uchun hal qiluvchi penaltini «panenka» uslubida tepganini tushuntirdi
Misr terma jamoasi hujumchisi Muhammad Saloh 2026 yilgi jahon chempionatida Avstraliyaga qarshi o‘yindan keyingi penaltilar seriyasida nega «panenka» uslubida zarba berganiga izoh berdi.
Uchrashuvning asosiy va qo‘shimcha vaqtlari 1:1 hisobida yakunlandi. Penaltilar seriyasida esa misrliklar 4:2 hisobida ustun kelib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
«Biz tarix yozdik. Uchrashuvdan oldin yigitlarga bosim haqida o‘ylamasdan, xotirjam bo‘lish va o‘yindan zavq olishlarini aytdim. G‘alaba qozonganimizdan juda xursandman. Raqib penaltidan foydalana olmadi, omad ulardan yuz o‘girdi. Ammo eng muhimi — biz tarix yaratdik.
Ha, eng mas’uliyatli pallada «panenka» uslubida zarba berdim. Agar bunday zarbani kimdir ijro eta olsa, bu men bo‘lishim kerak edi, chunki menda tajriba ko‘proq. Shu orqali jamoaga ishonch bag‘ishlashni istadim. Men bu ishni qilishim kerak edi. Bu men uchun so‘nggi jahon chempionati bo‘ladimi yoki yo‘qmi — buning ahamiyati yo‘q», — dedi Saloh FIFA rasmiy saytiga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, Misr terma jamoasi JCH-2026 1/8 finalida Argentinaga qarshi maydonga tushadi.
Manba: stadion.uz
Izohlar 0