Roʻziqul Berdiev: "Har qanday holatda jamoaga yordam berishga tayyorman, bu mening uyim"
Roʻziqul Berdiev: “Raqib chuqur va zich himoyalandi. Hisobda oldinda boʻlganimizda, ular ochilishga majbur boʻlardi. Natija raqibni qoniqtirgani uchun bor e'tiborni himoyaga qarati, qarshi hujumlarni kutib oʻynadi”.
- “Nasaf” oʻtgan yili “Mash'al”ga magʻlub boʻlgandi. Nega aynan Muborak jamoasi bilan shunday boʻlyapti?
- “Mash'al” har yili biz bilan katta ishtiyoq bilan oʻynayapti. Oʻtgan yili magʻlub boʻlgandik, bu safar durang… Keyingi bahsda yutamiz.
- Birinchi davradagi “Mash'al” bilan hozirgi “Mash'al”ni farqi bormi?
- Jamoa yangi murabbiy bilan himoyada tartibliroq oʻynashga harakat qilyapti. Ular 5-4-1 sxemasidan foydalanishyapti. Jamoa kerak boʻlsa 7 kishi boʻlib himoyalanyapti va buni toʻgʻri qaror deb hisoblayman. Chunki ularga ochko suv va havodek zarur. Bugun biz birinchi gol urganimizda, oldinroq aytganimdek “Mash'al” ochilishga majbur boʻlardi, ammo oʻyin ularning rejasi boʻyicha ketdi.
- Bugun “Nasaf”ga Yusuf Otubanjo etishmadi deb oʻylaysizmi?
- Albatta, uning yordami tekkan boʻlardi. Yaxshi vaziyatlarga ega boʻldik, ulardan foydalana olganimizda hammasi boshqacha boʻlardi.
- Jamoaning bu mavsumdagi maqsadlari qanday?
- Oldimizda chempionlik vazifasi yoʻq, lekin mavqeimizga yarasha oʻynashimiz, natija koʻrsatishimiz kerak.
- Alibek Davronov bugun odatdagidan oldinroqda oʻynadi…
- Zich himoyani havodan uzatilgan paslar orqali engib oʻtmoqchi boʻldik. Davronov bosh bilan yaxshi oʻynaydi. Shu yoʻl bilan muammoni echishga urindik, operatsiyadan soʻng holati kutilganidek boʻlmagani sabab u oʻzini koʻrsata olmadi. Bu tavakkal edi.
- Salbiy natijalardan soʻng tanqidlar, muxlislarning noroziliklari boʻlishi tabiiy. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatmayman degansiz, ammo hozirgi davrda bularni payqamaslikning iloji yoʻq. Shunday vaziyatlardan qanday chiqib ketasiz?
- Murabbiy bunday narsalarga ruhan tayyor boʻlishi kerak. Bu narsalar istalgan murabbiy bilan roʻy berishi mumkin. 2024 yil yakunlanganda rahbariyatdan tanaffus olishni soʻragandim. Hech qaerga ketmayman, klubda boshqa lavozimda ishlashga roziman degandim. Ammo menga 10 kun dam berishgandi. Hozirgi vaziyatda ham hech narsadan nolimayman. Men shu erlikman, bu meni uyim. Har qanday holatda jamoaga yordam berishga tayyorman.
- Oʻtgan safar futbolchi olishimiz kerak degandingiz, ammo qaysi chiziqligini aytmagansiz. Izohlarda “Jamoaning imkoniyati bormikin?” dega savollar koʻp boʻlgan.
- Imkoniyatimiz haqida biror narsa deya olmayman. Hammasi shu ruhda davom etsa, balki imkoniyatimiz nolga teng boʻlib qolar. Vaziyat yaxshilanishiga umid qilaman. Bizga qanotlarda va hujumda yaxshi futbolchilar kerak.
- Akrom Afif “Nasaf”ga kelishi borasida mish-mishlar tarqaldi. Bu haqiqatmi?
- Afif kelmasligi aniq. Uning maoshini ba'zi Evropa jamoalari koʻtara olmaydi. Ma'lumot haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.
Manba: championat.asia
Izohlar 0