Rahimjon Davronov: "Darvozabon boʻlmaganimda, markaziy himoyachi pozitsiyasida oʻynardim"
"Qoʻqon-1912"dan taklif tushganda, ushbu klubga oʻtish qarorini qabul qilishingizga nima eng asosiy turtki boʻldi? Loyihami, murabbiy ishonchimi yoki vodiy futboli muhitimi?
— "Qoʻqon-1912" — oʻzining buyuk tarixi, sodiq muxlislari va har doim yuqori maqsadlar sari intiladigan xarakteri bilan ajralib turadigan klub. Qaror qabul qilishimda murabbiylar shtabining menga bildirgan ishonchi eng asosiy omil boʻldi. Endigi vazifam — ushbu ishonchni har bir oʻyinda, yashil maydonda harakatlarim bilan oqlash.
Faoliyatingizning katta qismini aynan vodiy jamoalarida oʻtkazyapsiz. Vodiy futboli oʻzining ashaddiy va talabchan muxlislari bilan mashhur. Bunday bosim va tribunalarning joʻshqinligi sizga qoʻshimcha adrenalin beradimi yoki mas'uliyat yukini oshiradimi?
— Vodiy muxlislarini mutlaqo mubolagʻasiz oʻzbek futbolining yuragi deyish mumkin. Ularning har qanday oʻyindagi tinimsiz qoʻllab-quvvatlashi menga faqat va faqat qoʻshimcha kuch bagʻishlaydi. Men buni bosim emas, aksincha, elkamdagi ulkan mas'uliyat va maydonda borimni berib oʻynash uchun eng kuchli motivatsiya deb bilaman.
Har bir jamoada 1-raqam boʻlish uchun jiddiy kurash ketadi. "Qoʻqon-1912" darvozabonlar chizigʻidagi raqobat haqida qanday fikrdasiz?
— Sogʻlom raqobat bor joyda har doim oʻsish va taraqqiyot boʻladi. Men har kuni mashgʻulotlarda oʻz ustimda tinimsiz ishlayapman. Tarkib borasida esa murabbiy qaror qiladi — kim eng tayyor va munosib boʻlsa, oʻsha maydonga tushadi. Mening maqsadim — har qanday daqiqada jamoaga maksimal foyda keltirishga tayyor turish.
Agar qoʻqonlik ashaddiy muxlis sizni koʻchada toʻxtatib, "Nega aynan bizning klubni tanladingiz?" deb soʻrasa, unga 3 ta soʻz bilan qanday javob bergan boʻlardingiz?
— Ishonch. Maqsad. Gʻalaba.
Yangi jamoaga kelgan har bir futbolchi oʻz oldiga aniq maqsadlar qoʻyadi. Siz "Qoʻqon-1912" tarkibida qanday marralarni koʻzlayapsiz?
— Birinchi navbatda — jamoamiz, murabbiylar shtabi va muxlislarning toʻliq ishonchini qozonish. Shaxsiy maqsadlarimga kelsak, "quruq oʻyinlar" sonini imkon qadar koʻpaytirib, "Qoʻqon-1912"ning turnir jadvalida yuqori oʻrinlar uchun kurashishiga munosib hissa qoʻshish.
Agar darvozabon boʻlmaganingizda, maydonning qaysi nuqtasida oʻynagan boʻlardingiz va nima uchun?
— Katta ehtimol bilan markaziy himoyachi boʻlardim. Chunki darvozabonlik kabi, bu chiziqda ham oʻyinni chuqur oʻqish, maydonni toʻliq koʻra olish, vaziyatni soniyalar ichida baholash va butun jamoa himoyasini boshqarish talab etiladi. Bu mas'uliyat menga juda yaqin.
Manba: championat.asia
Izohlar 0