Fidbol.net

OʻzPFLga rahbar saylanadi

Tahririyat 8
OʻzPFLga rahbar saylanadi

Oʻzbekiston Professional futbol ligasi Ustavining 5.11-bandiga muvofiq, Liga bosh direktorini toʻrt yil muddatga lavozimga tayinlash hamda lavozimidan ozod qilish Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti yoki Assotsiatsiya Ijroiya qoʻmitasining taqdimnomasiga asosan Liga Ijroiya qoʻmitasi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidentining taqdimiga binoan, Liga Ijroiya qoʻmitasining 2022 yil 31 martdagi 03-sonli yigʻilish bayoni bilan Imomxoʻjaev Diyor Abrorovich 2022 yilning 31 martdan boshlab toʻrt yil muddatga Oʻzbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori etib tasdiqlangan. Endilikda, Assotsiatsiya prezidenti yoki Assotsiatsiyaning Ijroiya qoʻmitasi Liga bosh direktorligining keyingi toʻrt yilligi uchun nomzod yoki nomzodlarni Liga Ijroiya qoʻmitasiga taqdim etishi lozim. Shundan kelib chiqib, Liga mazkur masalani Assotsiatsiya kun tartibiga kiritishni soʻrab murojaat qildi.

Qayd etish kerak, Liga bosh direktori Diyor Imomxoʻjaev bir vaqtning oʻzida ham Assotsiatsiya, ham Liga Ijroiya qoʻmitalari a'zosi hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, u Liga bosh direktorligi uchun nomzod taqdim etishda ham va keyinchalik taqdim etilgan nomzodlarga ovoz berishda ham ishtirok etmaydi.

Ma'lumot uchun, Liga bosh direktorligiga Assotsiatsiya Prezidenti yoki Assotsiatsiya Ijroiya qoʻmitasi bir yoki undan ortiq nomzodlar roʻyxatini taqdim etishi mumkin. Keyinchalik mazkur nomzodlar Liga Ijroiya qoʻmitasining 8 nafar a'zosi tomonidan ovoz berish yoʻli orqali bosh direktorlikka saylanadi. Liga Ustaviga koʻra, ovoz berishda Ijroiya qoʻmitaning eng kamida besh nafar a'zosi oʻz ovozi bilan ishtirok etishi lozim. Liga Ijroiya qoʻmitasi taqdim etilgan nomzod yoki nomzodlar roʻyxatini koʻpchilik ovoz bilan rad etish huquqiga ham ega.

Liga Ijroiya qoʻmitasining besh nafar a'zosi futbol klublari vakillari hisoblanadi. Ya'ni, Liga bosh direktorini saylashda klublarning umumiy ovozi hal qiluvchi qiymatga ega hisoblanadi. Ayni vaqtda Alisher Yusupov (“Nasaf”), Bahodir Mirzaev (OKMK), Toʻlabek Akramov (“Lokomotiv”), Elbek Samatov (“Andijon”), Maqsud Karimov (“Xorazm”) Liga Ijroiya qoʻmitasining klublar tomonidan vakillari hisoblanadi. Qoʻmitada, shuningdek, Assotsiatsiya vise-prezidenti Odil Ahmedov, Oʻzbekiston futbolchilari uyushmasi raisi Kamoliddin Murzoev, Liga vakili sifatida Oybek Ibrohimxonov faoliyat olib boradi.

Assotsiatsiya prezidenti yoki Assotsiatsiya Ijroiya qoʻmitasi Liga bosh direktorligi uchun taqdim etadigan nomzod yoki nomzodlar roʻyxati haqida alohida ma'lumot beriladi.

Manba: championat.asia

Jamoalar

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring