Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Xitoydagi turnirda ishtirok etadimi?
Xususan, taniqli sport jurnalisti Nodirxoʻja Yuldashev terma jamoaning oldindagi oʻyinlariga oid insayd ma'lumotlari bilan oʻrtoqlashdi.
Dastur davomida Nodirxoʻja Yuldashev Xitoy ommaviy axborot vositalari tarqatgan xabarlarga e'tibor qaratdi. Unga koʻra, Xitoy Janubiy-Sharqiy Osiyo Kubogida ishtirok etishdan bosh tortib, oʻz oʻzidan yangi xalqaro turnir tashkil qilishni rejalashtirmoqda. Ushbu musobaqada Xitoyga Falastin, KXDR, Tojikiston va Oʻzbekiston terma jamoalari raqiblik qilishi kutilmoqda.
Nodirxoʻja Yuldashev: “Bir necha kun oldin OʻFA vakillaridan bu ma'lumotning qanchalik haqiqatga yaqinligini soʻraganimda, ular buni rad etishdi. Ularning ta'kidlashicha, sentyabr oyining oxirida Toshkentda ikkita oʻyin oʻtkaziladi, oktyabr oyi boshida esa yana ikkita safar uchrashuvi rejalashtirilgan. OʻFA mazkur masala yuzasidan rasmiy bayonot bersa, saytimizda e'lon qilamiz”.
Oʻz navbatida, Narzulla Saydullaev mazkur vaziyatga mantiqiy yondashib, Xitoydagi turnirda milliy emas, balki qaysidir yosh toifasidagi terma jamoamiz qatnashishi ehtimoli yuqori ekanligini taxmin qildi.
Narzulla Saydullaev: “Shimoliy Koreya — Osiyo Kubogidagi toʻgʻridan-toʻgʻri raqibimiz hisoblanadi. Ular bilan qit'a birinchiligi oldidan oʻrtoqlik turnirida kuch sinashish mantiqan biroz gʻalati. Agar turnirga milliy terma jamoamiz yoʻl olsa ham, tashkilotchilar tomonidan KXDR bilan toʻqnash kelmaslik choralari koʻrib chiqilsa kerak. Shu bilan birga, turnirda yoshlar jamoalarining ishtirokini ham oʻylab koʻrish mumkin. Lekin U-23 terma jamoamiz bu vaqtda Osiyo oʻyinlarida band boʻladi, U-20 terma jamoamizni esa boshqa davlatlarning asosiy milliy jamoalariga qarshi oʻynata olmaymiz”.
Manba: championat.asia
Izohlar 0