Mundial ortidagi mehnat: terma jamoa futbolchilarini tarbiyalagan murabbiylar (2-qism)
Mundialga yoʻl qaerdan boshlangan? Katta sahna ortidagi asl qahramonlar bilan tanishamiz
Bugun ushbu maqolaning davomini e'tiboringizga havola qilamiz.
Akmal Mozgovoy, Sherzod Nasrullaev - Nurali Sultonov
Qashqadaryoda futbolga qiziqadigan odam borki Nurali Sultonovni albatta taniydi. Futbolchilik faoliyatida "Mash'al" va "Nasaf" liboslarini kiygan qahramonimiz butsalarini mixga ilganidan soʻng "Nasaf" akademiyasi tizimida yoshlarga murabbiylik qila boshladi. Uning davrida bir qator akademiya tarbiyalanuvchilari yuqori darajaga chiqishdi deb ayta olamiz.
2017 yil Jizzax mezbonlik qilgan "Bakamol avlod" sport musobaqasida Nurali Sultonov boshchiligidagi Qashqadaryo viloyat jamoasi ham qatnashgan va bosh sovring ega chiqqandi. Bu turnirda qatnashgan tarkib quyidagicha edi:
Qashqadaryo viloyati terma jamoasi tarkibi:
Umidjon Ergashev, Islom Kenjaboev, Abubakr Turdialiev, Sherzod Nasrullaev, Sardorjon Abduholiqov, Dilshod Saitov, Elshod Qodirov, Akmal Mozgovoy, Sardor Sadullaev, Yodgor Nazarov, Xusniddin Aliqulov, Navroʻzjon Saidov, Mirzabek Joniqulov, Ilxomjon Alijanov, Xudoyorxon Sagʻdullaev.
Jamoa murabbiyi: Nurali Sultonov.
Yuqoridagi futbolchilar keyinchalik Nurali Sultonov qoʻl ostida Nasaf yoshlar, birinchi liga, tayyorlov guruhlarida ham oʻynadi.

Otabek Shukurov “Mash'al” akademiyasi mevasi
Otabek Shukurov ham Shomurodov singari “Mash'al” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Chiroqchilik bu yigitga Islom Mavlonov futbol sir asrorlarini oʻrgatgan, Mash'al akademiyasida esa Dilshod Andaevda ta'limni davom ettirgan.
- Qaerda tugʻilgansiz va futbolga qanday kirib kelgansiz?
- Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida tavallud topganman. Futbol oʻynashni yoshligimdan yaxshi koʻrardim. Futbolchilik faoliyatimni Chiroqchida Islom Mavlonov qoʻl ostida boshlaganman. Dadam aynan shu murabbiyga olib borganlar. Shunday qilib milionlar oʻyiniga kirib kelganmgan.
9 yoshda Qarshi futbol maktab internatiga oʻz kuchim bilan oʻqishga kirganman. Bu erda uch yil davomida tahsil oldim. Qarshida Umar aka qoʻl ostida futbol sir asrorlarini oʻrganganman.
Keyin Muborakning "Mash'al" akademiyasidan taklif boʻlgan va shu erga koʻchib oʻtganman. Muborakda Eldor Shomurodov, Durbek Kamolov, Asliddin Abdiev kabi futbolchilar bilan birga Dilshod aka Andaev qoʻl ostida tahsil olganman.

Dmitriy Kimning yangi kashfiyotlari: Amonov, Esanov va Abdullaev
Avvalroq "Paxtakor-1993" oltin avlodini tarbiyalagan Dmitriy Kim haqida toʻxtalgan edik. Tajribali mutaxassisning oʻzbek futboli oldidagi xizmatlari faqatgina oʻsha tarkib bilan cheklanib qolmaydi. Dmitriy Makarovich keyinchalik Azizbek Amonov, Sherzod Esanov va Abdulla Abdullaev kabi bugungi kunda terma jamoa oʻzagini tashkil etuvchi ijrochilarga ham katta yoʻl koʻrsatdi, ularning professional futbolga qadam qoʻyishida chinakam ustozlik qildi. Esanov aynan "Chigʻatoy"dagi oʻyinlari orqali "Andijon"ga yoʻl olgan edi.

"Nasaf"dagi debyut va darvoza ortidagi mashaqqat: Abduvohid Ne'matov
Terma jamoamizning ishonchli qoʻrgʻoni Abduvohid Ne'matov 2019 yili Qarshining "Nasaf" klubi tarkibida Superligada oʻz debyutini nishonlagan edi. Yosh posbonning katta futbol havosidan ilk bor nafas olishi va ruhiy tomonlama bosimlarga tayyorlanishida oʻsha paytda "ajdarholar" lagerida darvozabonlar murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan Mixail Naumovning xizmati katta boʻldi. Naumov Ne'matovning texnikasi ustida ishlab, uni mamlakatning eng etakchi kiperlaridan biri darajasiga olib chiqdi. Naumov va Ne'matov Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasida ham birga ishlashdi.

"Paxtakor-2003" va millionlar ichidan porlagan Abbos Fayzullaev
"Paxtakor" akademiyasida 2003 yillarda tugʻilgan futbolchilar guruhi bilan klub afsonasi Mixail Anning farzandi — Dmitriy An mehnat qildi. Bu guruh oʻzbek futboliga bir yoʻla bir nechta yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionlari va Jahon chempionati qatnashchilarini taqdim etdi. Ular orasida Behruz Askarov, Abubakr Ashurov, Otabek Boymurodov, Poʻlatxoʻja Xoldorxonov, Diyorbek Ortiqboev, Shaxriyor Jabborov, Izatullo Poʻlatov va Shahzod Rahmatullaev kabi nomlar bor edi. Biroq ular ichidan katta sahna — milliy terma jamoa va Evropa maydonlarigacha barqaror etib kelgan eng yorqin yulduz Abbos Fayzullaev boʻldi.
Dmitriy Mixaylovich oʻzining suyukli shogirdi haqida shunday hikoya qiladi:
"Abbos jamoamizga ilk bor kelganida hali 8 yoshli bolakay edi. Toʻgʻrisi, bunday yoshda hech qaysi murabbiy kelajakda undan buyuk futbolchi chiqish-chiqmasligini yuz foiz ayta olmaydi. Lekin unda futbolga boʻlgan muhabbat va ishtiyoq shu qadar baland ediki, u porloq kelajak kutayotganini sezish qiyin emasdi.
2018 yili Olmaotada oʻtgan turnir yaxshi yodimda: 'Dnepr' (Ukraina) jamoasiga qarshi bahsda Abbos tezkor qarshi hujumga oʻtdi va maydon markazidan raqib darvozasiga toʻgʻridan-toʻgʻri ajoyib gol urdi. Oʻshanda hatto raqib jamoa murabbiyi ham uni turib olqishlagan edi. Qozogʻistondagi oʻsha musobaqaning barcha toʻrtta bosqichida ham Fayzullaev turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topilgandi. Oʻshandayoq mahalliy mutaxassislar va tomoshabinlar uning oʻyiniga mahliyo boʻlib, fuqaroligini oʻzgartirish ehtimoli bor-yoʻqligi bilan ham qiziqishgan edi".

Fargʻona vodiysining yoʻlbarsi: Avazbek Oʻlmasaliev
Bugungi kunda himoyada mustahkam turgan Avazbek Oʻlmasaliev Fargʻona futboli tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U "Neftchi" klubining oʻrinbosarlari va asosiy tarkibiga qadam qoʻygunga qadar Fargʻona futbol internatida Diyor Mirzaboev hamda Bolalar va oʻsmirlar sport maktabida Sherzod Zokirov qoʻl ostida mahoratini sidqidildan oshirdi. Diyor Mirzaboevni futbol jamoatchiligi "Mash'al", "Andijon" va "Yangier" klublaridagi sermahsul faoliyati orqali yaxshi taniydi. Ushbu fidoyi ustoz uchun oʻz shogirdining bir kun kelib mundial yashil maydonlariga qadam ranjida qilishi chinakam faxr va gʻurur bagʻishlashi shubhasiz.
Superliganing eng yaxshisi: Botirali Ergashev
Darvozabon Botirali Ergashevning katta futbol ostonasidan hatlab oʻtish davrida "Paxtakor" tizimida Murod Ismoilov va Aleksandr Lyan kabi mutaxassislarning koʻmagi katta boʻldi. Iqtidorli kiper muntazam ravishda turli yosh toifasidagi terma jamoalarga jalb etib kelindi. Uning faoliyatida 2018 yili Xitoyda oʻtgan tarixiy Osiyo chempionati tub burilish yasadi. Shundan soʻng Ektor Kuper uni milliy terma jamoaga taklif qildi, klublar miqyosida esa barqarorlik paydo boʻldi. Bugungi kunda Ergashev haqli ravishda Superliganing eng kuchli darvozabonlaridan biri boʻlib turibdi.

18 yoshli mundial qatnashchisi: Behruz Karimov
Kosonsoyda Shodmon Mamatov qoʻlida futbol sirlarini oʻrganayotgan Behruz Karimovni oʻtkir nigohli skaut Nodirxoʻja Yuldashev payqab qoladi va Toshkentdagi "Odil Junior" akademiyasiga tavsiya etadi. Poytaxtda Zayniddin Tojiev va Jahongir Usmonov boshchiligida u yildan-yilga oʻz ustida ishlab, kuchayib bordi. Mazkur ikki murabbiy uning ustida ishlashdi, texnik sifatlarini kuchaytirishdi. Natijada, 2007 yilda tugʻilgan boʻlishiga qaramay, oʻzidan bir yosh kattalar safida Indoneziyada oʻtgan U-17 Jahon chempionatida ishtirok etdi. Ayni paytda bor-yoʻgʻi 18 yoshda boʻlishiga qaramay, u milliy jamoa bilan mundial doirasida ikkita muhim bellashuvda maydonga tushishga ulgurdi. Bu — yuqoridagi insonlar mehnatining goʻzal mahsulidir.

Stanislav Kudryashov va Sergey Tokov shogirdi: Ruslan Jiyanov
"Paxtakor" akademiyasida 2001 yillarda tugʻilgan futbolchilar avlodi bilan Stanislav Kudryashov va Sergey Tokov tandemi juda samarali ish olib bordi. Bugungi kunda zamonaviy hujumchiga xos tezlik va chaqqonlikni namoyish etayotgan Ruslan Jiyanov aynan mana shu ikki mutaxassis qoʻl ostida shugʻullanib, futbolning alifbosini oʻrgandi. Kudryashov va Tokov yosh Ruslanning qanotlardagi va markazdagi universal harakatlarini toʻgʻri shakllantirib, undagi gol sezish qobiliyatini tarbiyalashdi. Ushbu murabbiylarning tizimli mashgʻulotlari va bildirgan dadil ishonchi Jiyanovning keyinchalik professional darajada porlab chiqishiga asos boʻldi.

Qarshigacha boʻlgan mashaqqat: Farrux Sayfiev va Haydar Kenjaev
Tajribali va sovuqqon himoyachi Farrux Sayfievning "Nasaf" klubi lageriga kelib, katta futbolda oʻz nomini tanitishidan avvalgi davrida ustozi Haydar Kenjaevning oʻrni va oʻgitlari beqiyos boʻlgan. Kenjaev boʻlajak terma jamoa a'zosining jismoniy va taktik jihatdan pishib etilishiga juda katta e'tibor qaratdi. Haydar aka futboldagi qattiq tartib-intizom va maydondagi jangchilik xarakterini Sayfievning ongiga bolalikdanoq singdira olgan. Aynan mana shu poydevor sabab Farrux Qarshiga borganida tayyor mahsulot sifatida tez fursatda asosiy tarkibdan joy oldi va uzoq yillar barqaror oʻyin namoyish etishga erishdi.
Mudofaa chizigʻining yangi sohibi: Jahongir Oʻrozov va Mirkamol Qosimov
Oʻzbekiston yoshlar va milliy terma jamoasining mudofaa chizigʻi vakili, Jahongir Oʻrozovga "Bunyodkor" futbol akademiyasida Mirkamol Qosimov ustozlik qilgan. Zamonaviy futbolda markaziy himoyachilardan nafaqat toʻpni qaytarish, balki hujumni boshlab berish va sovuqqonlik ham talab etiladi. Murabbiy Mirkamol Qosimov Oʻrozovdagi ana shu jihatlarni — maydonni koʻrish va pozitsiyani toʻgʻri tanlash qobiliyatini yuqori darajada tobladi. Ustozining bergan qimmatli saboqlari va qattiqqoʻlligi evaziga Jahongir yosh toifasidagi terma jamoalarning almashtirib boʻlmas figurasiga aylandi.

Qashqadaryo futbolining chinakam fidokorlari
Yaqindagina milliy terma jamoadagi sermahsul va fidokorona faoliyatini yakunlagan, maydonda haqiqiy "jangchi" sifatida tanilgan himoyachi Umar Eshmurodovga faoliyatining eng muhim va burilish pallasida Umirqul Rahmatullaev va Oʻtkir Xoliqov yoʻl koʻrsatishgan. Bu ikki mutaxassis Qashqadaryo viloyati bolalar va oʻsmirlar futbolida oʻz oʻrniga ega, chinakam fidoyi murabbiylardir. Ular Umarning jismoniy imkoniyatlari va irodasini toʻgʻri yoʻnaltirib, undagi engilmas xarakterni tarbiyalay olishdi. Voha tuprogʻida Rahmatullaev va Xoliqov tomonidan berilgan tarbiya Eshmurodovni nafaqat professional futbolchi, balki terma jamoaning haqiqiy etakchisi darajasiga koʻtardi.
Namangandan poytaxtga yoʻl olgan iqtidor
Umarali Rahmonalievning katta futbol sahnasiga chiqishi ham xuddi Behruz Karimovniki kabi toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgan selektsiya ishlarining goʻzal natijasidir. Uni Namangandagi musobaqalarda payqab, poytaxtga — "Bunyodkor" akademiyasiga olib kelishadi. Toshkentda unga taniqli murabbiy Alisher Ibrohimov ustozlik qildi. Ibrohimov yosh Umaralining maydon markazini nazorat qilish, oʻyin sur'atini belgilash va mehnatsevarlik jihatlarini yangi darajaga olib chiqdi. Alisher aka tomonidan qoʻyilgan ushbu mustahkam poydevor Rahmonalievning qisqa fursatda yoshlar terma jamoasi sardori boʻlishiga va katta futbolda oʻz soʻzini aytishiga zamin yaratdi.
"Namanganga turnirlardan biriga borib Umarali Rahmonalievni topdim. 9 yoki 10 yosh paytlar edi. Turnir tugagach uni oʻyinini koʻrish uchun Namanganga yana 2,3 marotaba borishimga toʻgʻri keldi. Oxiri baribir olib keldik",- deydi Alisher Ibrohimov.

Homiylarimiz: CAU, “InfinBank”, “AKFA”, “Ucell”, “TT LLC”, “Black Cofee”, “OfoTour”
Manba: championat.asia
Izohlar 0