Fabio Kannavaro: "Biz uchun oʻrtoqlik oʻyini degan tushuncha yoʻq"
– Bugungi oʻyin toʻgʻrisida oʻz fikrlaringizni bildirsangiz.
– Biz har doimgidek ushbu uchrashuvga juda yaxshi yondashuv va yuqori kayfiyat bilan etib keldik. Barcha futbolchilar birgalikda, ahil jamoa boʻlib ishlamoqda. Oʻyindan oldin yigitlarga biz uchun "oʻrtoqlik oʻyini" degan tushuncha yoʻqligini, har bir oʻyinga jiddiy yondashish kerakligini ta'kidladim. Ulardan yuqori tempda, intensiv oʻynashni soʻradim. Biz hali ham yaxshilashimiz kerak boʻlgan jihatlar talaygina, ammo bugungi uchrashuvni chiroyli oʻyin va gʻalaba bilan yakunlaganimiz yoqimli boʻldi. Biz bosqichma-bosqich yaxshi jamoa shakllantirib bormoqdamiz. Uch kundan soʻng bizni Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi qiyin safar uchrashuvi kutib turibdi. Barcha futbolchilarning holati yaxshi va biz toʻgʻri yoʻnalishda harakat qilishda davom etishimiz kerak.
– Eronga qaraganda Suriya terma jamoasi biroz zaifroq koʻrindi. Bugungi oʻyin xulosasiga koʻra, nimalardan qoniqdingiz va nimalardan qoniqmadingiz? Shuningdek, Janubiy Koreyaga qarshi uchrashuvda qanday tarkib va taktikada oʻynashingiz mumkin?
– Biz barcha futbolchilar bilan bir xil mashgʻulotlar olib boramiz, jamoada "asosiy" yoki "zaxira" tarkibi degan ajratish yoʻq. Bugungi uchrashuvda ba'zi futbolchilarni almashtirish va boshqalarga ham oʻzini koʻrsatish uchun imkoniyat berish muhim edi. Odamlar oʻyinni oson kechdi deb oʻylashlari mumkin, ammo biz toʻgʻri boshlaganimiz, koʻp yugurganimiz va toʻgʻri pressing qilganimiz sababli oʻyinni oʻzimiz uchun osonlashtirdik. Suriya oson raqib emas, ular soʻnggi oʻyinida Iordaniya bilan 1:1 hisobida durang oʻynagan edi. Keyingi uchrashuv biz uchun yana bir yaxshi sinov boʻladi. Men uchun shunchaki natijadan koʻra, jamoaning xarakteri va jamoaviy oʻyin koʻrsatishi muhimroq. Bugun ham, Eronga qarshi oʻyinda ham buni uddaladik.

– Hisob yirik boʻlishiga qaramay, xuddi Eronga qarshi oʻyinga nisbatan jamoa bugun biroz sekin va ogʻir harakat qilgandek tuyuldi. Intensivlik va standart vaziyatlarda qandaydir muammolar bordek koʻrindi. Bunga qanday qaraysiz va Samandar Muratbaev jamoaga qachon qoʻshiladi?
– Samandar Muratbaev masalasida hozircha aniq gapirish qiyin, u hali etib kelmadi, buni yana kelishib olamiz. Biz mashgʻulotlarda barcha jihatlar ustida – himoyadan toʻp bilan chiqib ketishdan tortib, standart vaziyatlargacha birdek ishlaymiz. Albatta, ba'zida xatolar boʻlishi tabiiy, doim ham mukammal oʻynab boʻlmaydi. Eronga qarshi oʻyinda ularning darajasini koʻrdik, ular Osiyodagi eng kuchli jamoalardan biri. Biz uchun eng muhimi jamoaviy oʻyin namoyish etish. Ustida ishlashimiz kerak boʻlgan asosiy narsa – bosim oʻtkazish vaqtini toʻgʻri his qilish. Agar siz kuchli jamoalarga qarshi pressingni notoʻgʻri vaqtda amalga oshirsangiz, ular bu vaziyatdan osongina chiqib ketishadi. Biz futbolchilarga qachon oldinga oʻtib bosim oʻtkazish kerakligini oʻrgatishga harakat qilyapmiz. Futbol bu – vaqt va hudud oʻyini. Toʻp raqibda boʻlsa, ularga oʻylash uchun vaqt qoldirmaslik maqsadida hududni toraytirishimiz kerak; toʻp oʻzimizda boʻlganda esa, aksincha, koʻproq vaqtga ega boʻlish uchun boʻsh hududlarni kengaytirishimiz lozim. Agar toʻgʻri vaqtda pressing qilmasangiz, dunyoning eng kuchsiz jamoasiga qarshi ham muammoga duch kelasiz. Soʻnggi 10 kun ichida futbolchilar biz ulardan nimani talab qilayotganimizni tushunib etishganidan xursandman.
– Terma jamoa yangi taktik sxemaga oʻtdi. Bu sxemada futbolchilarning harakatiga chetdan qanday baho berasiz?
– Qisqa vaqt ichida futbolchilar bizning yangi tizimimizni va gʻoyalarimizni yaxshi tushunib olishdi. Oʻylaymanki, ular hozirgi oʻyindan koʻproq zavq olishmoqda, chunki toʻp nazorati asosan oʻzimizda boʻlyapti. Mashgʻulotlarda koʻrgan koʻrsatmalaringizni maydonda toʻgʻri bajara olsangiz va bugungidek ettita gol ursangiz, futbolchilar ham bu jarayonni qadrlashadi. Yangi tizimimiz orqali tayanch yarim himoyachilarga qulaylik yaratilmoqda: qanot vingerlarimiz ham markazga kirib, ham chiziq boʻylab faol harakat qila oladi. Biz raqibga yakkama-yakka holatlarda osonlikcha imkon qoldirmayapmiz. Oʻyin davomida rotatsiyalar yuz bermoqda, qisqa va uzun paslar orqali oʻyin tashkil qilinyapti. Albatta, bu tizim ustida bosqichma-bosqich ishlashda va uni yanada mukammallashtirishda davom etamiz.

– Osiyo kubogi boshlanishiga oz vaqt qoldi. Asosiy raqiblarimizdan biri Yaponiya boʻlib, katta ehtimol bilan ular oʻz guruhida birinchi oʻrinni egallashadi. Agar biz ham guruhda birinchi oʻrinni olsak, pley-off bosqichida ular bilan toʻqnash kelishimiz mumkin. Yaponiyaga qarshi alohida tayyorgarlik koʻriladimi?
– Doʻstim, siz hozirdan uch oy keyingi voqealarni oʻylayapsiz. Hozircha bugungi oʻyindan va natijadan zavq oling. Albatta, finalgacha etib borish uchun toʻgʻri yoʻlni topishimiz kerak boʻladi. Lekin hozirdan faqat Yaponiyani oʻylab, boshqa jamoalarga e'tiborni yoʻqotmasligimiz shart. Biz barcha raqiblarga qarshi oʻynashga tayyor boʻlishimiz kerak. Men Yaponiyani yaxshi bilaman, chunki "Guanchjou Evergrand" klubi bilan Osiyo Chempionlar Ligasi yarim finalida ham yapon jamoalariga qarshi oʻynaganmiz va ularning qanday oʻynashidan xabarim bor.
Manba: championat.asia
Izohlar 0