Mirko Yelichich: "Agar kimdir yutishi kerak boʻlsa, bizda koʻproq vaziyat boʻlgandi. Durang - adolatli natija"
- Ikki oylik tanaffusdan keyin futbolga qaytish yoqimli. Albatta "Paxtakor"ga qarshi ogʻir oʻyin boʻlishini bilardik. Ikkala jamoa ham juda qiyin boʻlgan ob-havoda futbol oʻynashdi va yaxshigina kurashishdi, bor kuchlarini berishdi. Bizda bir qancha yaxshi, sifatli vaziyatlar boʻldi. Uzoq muddatli tanaffusdan keyingi ilk oʻyinimizdan mamnunman. Jamoani rivojlantirish yoʻllarini izlaymiz.
- "Lokomotiv" matbuot xizmati ushbu oʻyinda jamoaning ikki ochko yoʻqotganini yozdi. Sizningcha jamoa ikki ochko yoʻqotdimi?
- "Paxtakor"da ham bir qancha yaxshi vaziyatlar boʻldi. Agarda ikkala jamoadan biri yutishi kerak boʻlsa, oʻyin oxirlarida bizda koʻproq vaziyat yuzaga keldi, biroq bulardan foydalana olmadik. Agarda butun bir oʻyinni inobatga olsak, durang ikkala jamoa uchun ham adolatli natija boʻldi.
- Muxriddin Zoirov, Islombek Baratov va Lazizbek Mirzaev jamoani tark etishdi. Bu haqda nima deya olasiz?
- Istalgan futbolchidan ketkazish oson emas. Ularning barchasi ikkinchi davrada koʻproq oʻynashlari kerak. Istalgan futbolchi yarim mavsum zaxirada oʻtirsa, oʻzi uchun jamoa izlaydi. "Lokomotiv"da ham, istalgan jamoada ham bunday holatlar boʻladi. Chunki jamoadagi barcha futbolchilarga imkoniyat berish juda qiyin. Hozirgi futbolda oʻynash qiyin, agarda ular jamoada qolganida yanada koʻproq zaxirada oʻtirib qolishlari mumkin edi. Futbolchilar esa oʻzlari uchun jamoa izlashlari va futbol oʻynashlari kerak.

- Faoliyatini yakunlashi aytilgan Anzur Ismoilov mavsum yakuniga qadar jamoada qoldi.
- Buning barchasi Anzurga bogʻliq emasdi. U yoqimli inson, juda tajribali. Uning tarkibda borligi jamoa uchun ham foydali. Endi u hayotida boshqa sahifani ochmoqda va boshqa ishlar bilan shugʻullanmoqda. U bilan oʻzaro kelishuvimiz bor: qoʻlidan kelgancha, imkoniyati etgancha bizga yordam berishi kerak. Biroq uning boshqa ishlar bilan shugʻullanishini ham biz toʻgʻri tushunamiz.
- Abdulloh Yoʻldoshev avvalgi oʻyinlarda oʻng qanot himoyasida oʻynayotgandi. Bugun esa markaziy himoyada koʻrinish berdi. Bu davomiy boʻladimi yoki u hali oʻng qanotga qaytadimi?
- U bir qancha pozitsiyalarda oʻynay oladi. Uni hatto tayanch himoyasida ham oʻynatganmiz. Markaziy va oʻng qanot himoyasida ham oʻynay oladi. U haqiqiy atlet - tezligi bor, elastik inson. Biror futbolchi doimo oʻzi uchun eng qulay pozitsiyani tanlab oladi. Abdullohda esa unday emas. Shuningdek, Oleksandr Kucherenko belidan noqulaylik his qildi. Bunday holatda uning oʻrnini yopa oladigan futbolchi borligi bizni quvontirdi. Anzur Ismoilov biz bilan koʻp ham ishlamadi. Shu sababli uni markaziy himoyaga qoʻya olmasdim.
- Jasur Yaxshiboevning oʻyiniga qanday baho berasiz?
- Uning jamoaga qoʻshilganiga koʻp ham boʻlmadi. Uzoq vaqt futbol oʻynamadi. Bizning futbolga va jismoniy holatini yaxshilab olishiga biroz vaqt kerak. Barcha muxlislar uning qanday sifatga ega ekanligini biladi. Hujumda birga-bir holatlarda raqibni aldab oʻta oladi. Lekin futbol faqatgina bundan iborat emas. Ikkinchi davrada u jamoamizga katta yordam bera olishiga ishonaman. Qanday darajada yordam berishi esa uning oʻziga bogʻliq.
- Jarohat olgan Suhrob Nurulloevning holati qanday?
- Yaxshi. Bugun u issiq havoda koʻp mehnat qildi. Uning mushaklarida jarohat bor. U kelgusi oʻyinga tayyor boʻladi, deb oʻylayman.
Manba: championat.asia
Izohlar 0