Fidbol.net

"Meggi Tetcher, yigitlaringiz rosa kaltak edi!" — sport jurnalistikasi tarixidagi mashhur reportaj qanday paydo boʻlgan edi

Tahririyat 3
"Meggi Tetcher, yigitlaringiz rosa kaltak edi!" — sport jurnalistikasi tarixidagi mashhur reportaj qanday paydo boʻlgan edi

Norvegiya uchun Angliya nima edi?

Bu reportajning nufuzini tushunish uchun avvalo 1981 yilgi Norvegiyani tasavvur qilish kerak. Oʻsha paytda Norvegiya termasi xalqaro maydonda deyarli hech kim edi — jamoa 1938 yilgi Olimpiadadan beri birorta yirik turnirda qatnashmagan edi. Angliya esa norvegiyaliklar uchun shunchaki raqib emas, haqiqiy ideal va orzu timsoli hisoblanardi.

Buning tarixiy sababi bor: 1969 yil noyabridan boshlab Norvegiya davlat teleradiokompaniyasi NRK har qish mavsumida, mahalliy futbol ob-havo tufayli toʻxtagan paytda Angliya birinchi divizioni oʻyinlarini jonli koʻrsata boshlagan. Mamlakatda oʻsha davrda bittagina telekanal boʻlgani uchun shanba kunlari televizor koʻrmoqchi boʻlgan har bir norvegiyalik, xohlasa-xohlamasa, ingliz futbolini tomosha qilardi. Shu tariqa butun bir avlod ingliz futboli muxlisi boʻlib ulgʻaydi. Norvegiyalik jurnalistlar keyinchalik e'tirof etganidek, Angliyani rasmiy oʻyinda engish oʻsha davr norvegiyaliklari uchun mutlaqo xayoliy orzu edi.

1981 yil 9 sentyabr, Oslo

Oʻsha kuni Osloning "Ullevol" stadionida 1982 yilgi Ispaniya mundialiga saralashning guruh bosqichi oʻyini boʻlib oʻtdi. Ron Grinvud boshchiligidagi Angliya tarkibi yulduzlarga toʻla edi: darvozada Rey Klemens, maydonda Kevin Kigan, Glenn Xoddl, Brayan Robson, Trevor Frensis. Robson oʻyin boshida inglizlarni oldinga ham olib chiqdi.

Ammo gʻayrat bilan oʻynagan mezbonlar birinchi boʻlim yakunigacha vaziyatni agʻdar-toʻntar qilib tashladi: Roger Albertsen hisobni tenglashtirdi, Hallvar Toresen esa gʻalaba golini urdi. Ikkinchi boʻlimda Norvegiya hisobni saqlab qoldi — 2:1.

Radioda oʻyinni sharhlayotgan Byorge Lillelien esa soʻnggi daqiqalarda allaqachon "joʻshqinlanib" boʻlgandi. Angliyalik Fil Nil mahalliy yulduz Tom Lundni orqadan yiqitganida, sharhlovchi uni efirda "toʻngʻiz" deb atadi va "inglizlarning bezorilari ham tribunada, ham maydonda bor" deb baqirdi. Qoʻshilgan vaqt choʻzilaverganida esa polshalik hakam Eji Kachpshakka ham gap tegdi: "Hakam qoʻshyapti, qoʻshyapti, qoʻshyapti — bu ketishda u Angliya fuqaroligini oladi!"

Tarixga muhrlangan 40 soniya

Yakuniy hushtak chalinishi bilan Lillelien oʻzini butunlay erkin qoʻyib yubordi. Norveg va ingliz tillarini aralashtirib, u avval baqirdi: "Biz dunyoda eng zoʻrimiz! Biz Angliyani engdik — gigantlar vatanini!" Soʻng esa ingliz tarixining buyuk namoyandalarini birma-bir "chaqirib chiqa" boshladi:

"Lord Nelson! Lord Biverbruk! Ser Uinston Cherchill! Ser Entoni Iden! Klement Ettli! Henri Kuper! Ledi Diana! Biz ularning barchasini engdik! Barchasini!"

Roʻyxatdagi gʻalati ism — bokschi Henri Kuper — tasodif emasdi: Lillelien ashaddiy boks ishqibozi edi. Aynan shu ishqibozlik reportajning eng mashhur yakunini tugʻdirdi. Sharhlovchi toʻgʻridan-toʻgʻri Buyuk Britaniya bosh vaziriga murojaat qildi:

"Meggi Tetcher, eshityapsizmi? Sizga xabarim bor — saylov kampaniyasining qoq oʻrtasida! Biz Angliyani jahon chempionatidan chiqarib yubordik! Meggi Tetcher, Nyu-Yorkdagi Medison Skver Garden atrofidagi boks barlarida aytilganidek: sizning yigitlaringiz rosa kaltak edi! Your boys took a hell of a beating!"

Qiziq jihati: Lillelien tilga olgan "saylov kampaniyasi" aslida Britaniyadagi emas, Norvegiyaning oʻzidagi parlament saylovi edi — ovoz berish oʻyindan toʻrt kun oʻtib, 13–14 sentyabrda boʻlib oʻtgan.

Angliya baribir mundialga yoʻl oldi

Tarixning zaharxanda tomoni shundaki, Lillelienning "Biz Angliyani jahon chempionatidan chiqarib yubordik!" degan hayqirigʻi... notoʻgʻri boʻlib chiqdi. Guruhdagi boshqa natijalar qoʻl kelib, Angliya 1982 yilgi mundialga baribir yoʻllanma oldi. Norvegiya esa saralash guruhini eng oxirgi oʻrinda yakunladi.

Ammo bu faktlar reportajning afsonaga aylanishiga zarracha xalaqit bermadi.

Parodiyalar, kino va "eng buyuk sharh" unvoni

Dastlab faqat Norvegiya auditoriyasiga moʻljallangan bu efir tez orada xalqaro miqyosda mashhur boʻlib ketdi. 2002 yilda Britaniyaning The Observer nashriga qarashli Sport Monthly jurnali Lillelienning soʻzlarini tarixdagi eng buyuk sport sharhi deb e'lon qildi.

Eng qizigʻi — reportaj aynan inglizlarning oʻzi uchun madaniy hodisaga aylandi. 2005 yilda Angliya kriket termasi Avstraliyani engib "Ashes" kubogini qaytarganda, ingliz matbuoti Lillelien uslubida parodiya yozdi: "Kayli Minoug! Stiv Irvin! Krokodil Dandi! Ian Torp! Eshityapsizlarmi?!" "Mean Machine" filmida ham shu reportajga ishora bor, mashhur "Fantasy Football League" koʻrsatuvida esa Toresenning goli sahnalashtirilib, Lord Biverbruk rolini qunduz kostyumidagi Toresenning oʻzi ijro etgan.

Mikrofon ortidagi odam

Byorge Lillelien (1927–1987) Norvegiyada shu reportajdan ancha oldin ham sevimli ovoz sohibi edi. 1948 yilda AQShning Nortvestern universitetida jurnalistika boʻyicha tahsil olgan Lillelien NRKda futboldan tashqari qishki sport turlari va boksni sharhlagan, hatto jaz koʻrsatuvi ham olib borgan. Norvegiyaliklar uning reportajlarini shunchalik yaxshi koʻrardiki, koʻpchilik televizor ovozini oʻchirib, oʻyinni radiodan — Lillelien ijrosida tinglashni afzal bilardi. Zamondoshlarining eslashicha, u zerikarli oʻyinlarni ham bayramga aylantira oladigan sharhlovchi edi. Lillelien 1987 yilda, 60 yoshida vafot etgan — ammo uning 40 soniyalik "jazavasi" hamon yashamoqda.

Tarix ularni yana uchrashtirdi

Oradan 45 yil oʻtib, Norvegiya va Angliya yana katta turnirda, endi esa misli koʻrilmagan miqyosda — jahon chempionati chorak finalida uchrashmoqda. 1981 yilda Angliyani engish norvegiyaliklar uchun "xayoliy orzu" boʻlgan boʻlsa, bugun ular Braziliyani taslim etgan va safida sayyoraning eng dahshatli hujumchisi bor jamoaga aylandi. Agar bugun Mayamida Holand va sheriklar gʻalaba qozonsa, Norvegiya efirlarida Lillelienning oʻsha hayqirigʻi yana yangrashiga shubha yoʻq.

Faqat bu safar murojaat Meggi Tetcherga emas, boshqa birovga boʻladi.

JCh-2026. Norvegiya – Angliya: Holand tugʻilgan mamlakatini mundialdan chiqarib yuborishi mumkin

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring