Mbappe JCH–2026 boshlanishiga besh kun qolganda jarohat sabab Fransiya mashg‘ulotini tark etdi
Fransiya milliy terma jamoasi sardori va «Real» hujumchisi Kilian Mbappe terma jamoa yig‘inidagi mashg‘ulotni muddatidan avval yakunlab, maydonni yakka o‘zi tark etdi. Bu haqda mashhur afrikalik jurnalist Micky Jnr o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar qildi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Mbappe jarohat olgani sababli mashg‘ulotni to‘liq yakuniga yetkaza olmagan. Hozircha jarohatning xarakteri va og‘irlik darajasi haqida batafsil ma’lumot berilmagan.
8 iyun kuni Fransiya terma jamoasi Jahon chempionati–2026 oldidan so‘nggi o‘rtoqlik uchrashuvini Shimoliy Irlandiyaga qarshi o‘tkazadi. Mbappega ushbu bahsda dam berilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Fransiya mundialning guruh bosqichida Senegal, Norvegiya va Iroq terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi. Fransuzlar turnirdagi ilk uchrashuvini 16 iyun kuni Senegalga qarshi o‘tkazadi.
Manba: stadion.uz
Izohlar 0