Fidbol.net

Kamoliddin Tojiev: "Bizga qarshi hamma jamoa 200 foiz kuch bilan oʻynaydi"

Tahririyat 2
Kamoliddin Tojiev: "Bizga qarshi hamma jamoa 200 foiz kuch bilan oʻynaydi"

– Oʻyin haqida...

– Bugungi oʻyin haqida gapiradigan boʻlsak, uchrashuv boshidayoq oʻtkazib yuborilgan gol baribir ozgina ruhiy ta'sir koʻrsatdi. Keyin oʻzimizga keldik, gol urdik, yaxshi vaziyatlar yaratdik. Yigitlar bugun yaxshi harakat qilishdi, oxirigacha kurashishdi. Ikkinchi golni ham kiritdik va yana koʻplab vaziyatlar boʻldi, biroq ulardan foydalana olmadik. Endi, bu – futbol. Har oʻyinda shunday kurashmasak, gʻalaba qozona olmaymiz. Bugun barcha yigitlar kurashib, oxirigacha oʻynab, juda muhim gʻalabani qoʻlga kiritishdi. Ularning barchasiga rahmat aytaman.

– Ikkinchi oʻyindirki, "Paxtakor" jamoasida bir xil holat kuzatilyapti. "Paxtakor" gol urgandan keyin toʻxtab qolyapti, ya'ni jamoa oldinga oʻtishdan toʻxtab, orqaga qaytib olyapti. Oʻtgan safar ham 1:0 hisobidan keyin shunday holat kuzatilgandi. Bu nima bilan bogʻliq?

– Ha, oʻtgan uchrashuvda ham 1:0 dan keyin shunday holat yuz bergandi. Hozir buning ustida ishlayapmiz, yigitlar bilan gaplashyapmiz. Balki, bu ozgina ruhiy holat bilan bogʻliqdir. Xudo xohlasa, bu kamchilikni bartaraf etamiz. Biz ularga "orqaga yotib olinglar", demayapmiz, balki ular ham gol oʻtkazib yuborishdan qoʻrqishyaptimi, bilmadim. Lekin bu jihat ustida ishlayapmiz, chunki koʻp oʻyinlarda shu holat kuzatilyapti.

– Hozir futbolchilarning ruhiy holati haqida gapirdingiz. Eshitishimizcha, futbolchilar may oyidan beri maosh olishmayotgan ekan. Agar bu xabarlar rost boʻlsa, bu holat avvalgi oʻyinlardagi qoniqarsiz natijalarga va oʻyin sifatiga ta'sir qilmayaptimi?

– Yoʻq, oʻtgan oʻyindan oldin futbolchilarga maoshlarini toʻlab berishdi. Holat maosh bilan bogʻliq emas. Kimdir jahon chempionatiga borib keldi, undagi charchoq yoki ozgina ruhiy bosimlar bor. Aynan shu jihatlar ta'sir qilgan boʻlishi mumkin, lekin maoshlar toʻlab berilgan.

– Avvalgi matbuot anjumanlaridan birida transferlar haqida soʻraganimizda, "Bizda aniq rejalar bor", – deb aytgandingiz. Oʻzi umuman, hozir transfer oynasi davom etyapti, rejalar qay darajada bajarildi yoki jamoada yana yangi futbolchilarni koʻrishimiz mumkinmi?

– Hali ham bu borada ishlayapmiz. Yana bir-ikkita yangi futbolchi olish rejamiz bor.

1000138132.jpeg

– Jamoaga serbiyalik murabbiy ham kelib qoʻshilibdi. Shu haqida ham fikr bildirsangiz. U jamoaning qaysi kamchiliklarini yopishga, qaysi jihatlarini rivojlantirishga yordam beradi?

– Buni biz oʻzimiz taklif qildik. Uni avvaldan kuzatib borardik. Asosan, taktika tomonlama yordam berishi uchun chaqirdik.

– Zaid Tahsin haqida ham soʻramoqchi edim. Iroq jahon chempionatida koʻngilsiz natija qayd etdi va mahalliy muxlislar tomonidan unga nisbatan hatto oʻlim tahdidigacha borishdi. Bu holat futbolchining ruhiyatiga qay darajada ta'sir qildi? U bilan alohida gaplashdingizmi?

– Ha, alohida gaplashdik. Uning ruhiy holati hali ham toʻliq joyida emas. Biz buning ustida ishlayapmiz. U ham yoʻl qoʻygan qoʻpol xatolaridan keyin hali ham hayajonda. Shu ustida ishlayapmiz, gaplashyapmiz. Xudo xohlasa, keyingi oʻyinlargacha sekin-asta ruhiy tomonlama oʻziga kelib qoladi.

– Keyingi oʻyin "Bunyodkor"ga qarshi oʻtkaziladi. "Paxtakor" Superligadagi soʻnggi ikkita mehmondagi bellashuvda ularni enga olmagan. Hozir "Bunyodkor"ning qanday ahvoldaligidan koʻpchilik xabardor. Shu holat "Paxtakor"ga qoʻshimcha ustunlik berishi mumkinmi?

– Yoʻq, bizga qarshi hamma jamoa 200 foiz kuch bilan oʻynaydi. Har bir oʻyin biz uchun qiyin kechadi. "Bunyodkor" bilan bahs – azaliy derbi. Ular qiyin ahvoldami yoki yoʻq, baribir bizga qarshi oʻyinga barcha jiddiy tayyorgarlik koʻradi va oʻzini koʻrsatishga harakat qiladi.

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring