Ispaniya terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Janubiy Koreyani boshqaradi
Ispaniyalik mutaxassis Robert Moreno Janubiy Koreya milliy terma jamoasining vaqtinchalik bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda Koreya futbol assosiasiyasi (KFA) matbuot xizmati xabar berdi.
48 yoshli mutaxassis bilan tuzilgan shartnoma 27-noyabrgacha mo‘ljallangan bo‘lib, u jamoani yaqinlashib kelayotgan oltita o‘yinda boshqarib boradi. Shuningdek, kelishuvda muddat tugagach, hamkorlikni davom ettirish imkonini beruvchi band ham kiritilgan.
Morenoning so‘nggi ish joyi Rossiyaning “Sochi” klubi bo‘lgan. Uning qo‘l ostida jamoa Premer Ligadan quyi divizionga tushib ketgan, biroq bir mavsumdayoq yana yuqori ligaga qaytgandi. 2025-yilning sentyabrida esa jamoa RPLning yettita turida atigi bitta ochko jamg‘argach, murabbiy klubni tark etgan.
Mutaxassis o‘z faoliyati davomida “Granada” va “Monako” klublarini ham boshqargan. Shuningdek, “Barselona” hamda “Selta”da bosh murabbiy yordamchisi sifatida ishlagan va 2019-yilda Ispaniya terma jamoasiga ustozlik qilgan. U “qizil furiya” boshqaruvida 6 ta o‘yin o‘tkazib, 4 ta g‘alaba va 2 ta durang qayd etgan.
Ma’lumot uchun, Janubiy Koreya terma jamoasini boshqargan Hong Myong Bo 2026-yilgi Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsiz ishtirokdan so‘ng iyun oyi oxirida iste’foga chiqqan edi. O‘shanda jamoa Chexiyani mag‘lub etgan bo‘lsa-da (2:1), Meksika (0:1) va Janubiy Afrika Respublikasiga (0:1) yutqazib qo‘ygan va guruhdan chiqolmagandi.
Manba: stadion.uz
Izohlar 0