Islom Ismoilov: "Hali oʻzimizning ideal oʻyinimizni koʻrsatganimiz yoʻq"
- Oʻyin haqida fikringiz?
- Avvalo chiroyli gʻalaba bilan barcha muxlislarimizni tabriklayman. Ushbu gʻalabani uzoq yoʻl bosib kelgan ishqibozlarga bagʻishlayman. Qolaversa futbolchilarimizga ham alohida rahmat, bugun oxirigacha kurashib chiroyli gʻalabani qoʻlga kiritdik. Uchrashuv tezkor gol bilan boshlandi, shunga qaramay vaziyatdan chiqib keta oldik. Bahs davomida oʻyinni toʻliq nazorat qildik deb oʻylayman.
- Avvalo oʻtgan tugʻilgan kuningiz bilan tabriklayman. Savolim avvalgi turdagi oʻyin boʻyicha. Oʻtgan tur "Buxoro" bilan kechgan bahsdagi hakamlikni qanday baholaysiz?
- Toʻgʻrisi, bu savolga javob bermoqchi emasman. Negaki bu borada oʻz fikrimni aytib boʻldim va boshqa toʻxtalishni xohlamayman. Hakamlar qoʻmitasi ham oʻyinni koʻrib chiqib oʻz munosabatini bildirdi. Biz esa ishlashda davom etishimiz kerak.
- Bugungi oʻyindagi rotatsiyalar oʻzini oqladi. Shu haqda toʻxtalib oʻtsangiz.
- E'tibor berayotgan boʻlsangiz, har oʻyinda rotatsiyaga qoʻl uryapmiz, chunki tarkibdagi har bir futbolchiga imkoniyat berishni istaymiz. Shu orqali oʻyin sifatini ham oshirib borishga harakat qilganmiz. Kamchiliklarimiz juda koʻp, hali oʻzimizning ideal oʻyinimizni koʻrsata olganimiz yoʻq. Mavsum uzoq, ishlashda davom etamiz. Boʻshashishga umuman haqqimiz yoʻq.
- Farrux Sayfievning jarohati haqida.
- U son qismidan jarohat olgan. Shuningdek, Abror Ismoilovning qovurgʻasi singan. Bu ikki futbolchi biz uchun katta yoʻqotish, umid qilamizki, tez orada sogʻayib yana safga qaytishadi.
Manba: championat.asia
Izohlar 0