Islom Ahmedov: "Natijadan mamnunman, ammo oʻyinimiz ustida ishlashimiz kerak"
Islom Ahmedov: “Ikki magʻlubiyatdan soʻng yutmasak boʻlmas edi. Bahs oson kechmasligini bilar edik. “Mash'al” ikkinchi davrada tajribali mutaxassis bilan yaxshi oʻynayotgan edi. Yigitlar boshida biroz boʻshashishdi, ammo gʻalabaga erisha oldik. Ularga rahmat aytaman”.
- Jamoangiz oʻyinidan qoniqdingizmi?
- Futbolchilarning potentsialini hisobga olib gapiradigan boʻlsam, yoʻq, qoniqmadim. Natijadan mamnunman, ammo oʻyinimiz ustida ishlashimiz kerak.
- Raqib turnir jadvalida oxirgi oʻrinda ekanligi ta'sir qildi deb oʻylaysizmi?
- Ha, bu narsa ozgina boʻlsada ta'sir qilishi mumkin. Lekin hozir “Mash'al” yaxshi oʻyin koʻrsatmoqda.
- Ikkinchi boʻlimdagi oʻzgarishlar vaziyatdan kelib chiqib amalga oshirildimi yoki bu bahsdan avvalgi rejamidi?
- Dragan Cheran 3-4 ta oʻyindan beri ikkinchi boʻlimda maydonga tushyapti. U oʻz tajribasi bilan shoshmasdan hujum tashkil etishga yordam beradi. Birinchi boʻlimda maydonda shunday futbolchimiz yoʻq edi. Shoshqaloqlik boʻldi. Dragan maydonga tushganidan soʻng oʻz mahorati bilan kerakli paslarni berdi.
- Nega bugun “Andijon” muxlislari (ultras) koʻrinish berishmadi?
- Ularga oʻrganib qolgan edik. Oxirgi bahslarda gʻalaba qozona olmaganimizdan xafa boʻlishgandir. Zafarlarimiz bilan ularni qaytarishga umid qilamiz.
Manba: championat.asia
Izohlar 0