Fidbol.net

Hakamlar markaziga soʻnggi murojaat yoxud "Dinamo" klubi PFL va MTRKdan xizmat tekshiruvi oʻtkazishni soʻraydi

Tahririyat 3
Hakamlar markaziga soʻnggi murojaat yoxud "Dinamo" klubi PFL va MTRKdan xizmat tekshiruvi oʻtkazishni soʻraydi

Siz koʻrayotgan bu qoʻpollik kuni kecha oʻtgan “Navbahor” – “Dinamo” (3:2) oʻyinida roʻy berdi va bu vaziyat takrori negadir translyatsiyada batafsil efirga uzatilmadi. Namangandagi oʻyinni boshqargan hakam Doston Rahmonov koʻz oʻngidagi yaqqol qoʻpollikni koʻrmadi yoki koʻrishni istamadi. VAR hakami sifatida ishlagan, mundialda ishtirok etib qaytgan Ilgiz Tantashev ham oʻyin qoidasi yaqqol buzilgan vaziyatni koʻra turib, koʻrmaslikka oldi. Aks holda u bosh hakamni monitor qarshisiga chaqirib, “Navbahor” oʻyinchisi maydondan chetlatilardi.
 
“Navbahor” – “Dinamo” uchrashuvining 30-daqiqasida, Samarqand jamoasi 2:1 hisobida oldinda borayotganda hakamlar futbol va uning qoidalariga yana xiyonat qilishdi.
 
Namanganliklar legioneri Benjamin Teydi dastlab Azizbek Amonovni qoʻpollik bilan yiqitdi, bosh hakam indamagach esa, ochiqchasiga hujumchimiz oyogʻining himoyalanmagan qismini bosdi. Zamonaviy futbolda VARda vaziyatni takror koʻrib, chetlatish muqarrar boʻlganda afrikalik futbolchi nega bu jirkanch harakatni amalga oshirdi?
 
Aytaylik, “Dinamo”ning “Surxon”ga qarshi oʻyinida oddiy vaziyatdagi ehtiyotsizlik uchun jamoamiz a'zosi Amadu Dumbuya maydondan chetlatilib, 3 oʻyinga diskvalifikatsiya va 10 mln soʻm jarimaga tortildi. Teydining ataylab qilgan zoʻravonligi esa hattoki sariq kartochkaga ham loyiq koʻrilmadi. Oʻzbek futbolidagi bu ikki yuzlamachilikka qachon barham beriladi?
 
Oʻtgan mavsum aynan Tantashev janoblari Jizzaxda 90+12-daqiqada “Dinamo” darvozasiga penalti oʻylab topgan va “Soʻgʻdiyona” bilan bahsda gʻalaba qoʻldan chiqarilgandi. Jamoamiz shikoyatidan keyin Ilgiz Tantashevning qoʻpol xatosi tan olingan va uzr soʻralgan boʻlsa-da, yakunda oʻsha qimmatli 2 ochko “Dinamo”ni OChL yoʻllanmasidan mahrum qildi. Oradan bir yil oʻtib – 25 avgust kuni Samarqandda “Dinamo” – “Paxtakor” bahsini boshqargan Tantashev bu safar Firdavs Abdurahmonovning golini inobatga olmadi. Mashhur hakamimizning “Dinamo”ga nisbatan qanday adovati borki, har oʻyinda bu nohaqlik davom etaversa?
 
Uzoqqa bormaymiz, ikki tur avval Qoʻqondagi shudgor maydonda oʻtgan bahsda VAR hakami Jasur Muxtorov yaqqol penalti beriladigan vaziyatda bosh hakamni monitor qarshisiga chaqirmadi. “Dinamo”ning har qancha videofaktlariga qaramay, Ma'mur Saidqosimov rahbarligidagi Oʻzbekiston Hakamlar markazi loaqal munosabat bildirishni ham oʻziga ep koʻrmadi. Oʻzini hurmat qilgan tashkilot oʻz sha'niga nisbatan tanqidlarni shunchaki oson hazm qilolmasdi. Bu tashkilot qachongacha adolatsizlikni koʻra turib jim turmoqchi?
 
“Dinamo” futbol klubi navbatdagi va ehtimol, soʻnggi marta Oʻzbekiston Hakamlar markaziga yuzlanib, “Navbahor” bilan oʻyindagi yaqqol qoʻpollik boʻyicha ekspert hakamlarning rasmiy xulosasini soʻraydi. Hakamlar Doston Rahmonov va Ilgiz Tantashevni Namanganda Teydiga qizil kartochka koʻrsatishga nima yoki kim toʻsqinlik qildi? Ochiq javob berish vaqti kelmadimi, janoblar?
 
Afsuski, hakamlar “ichkarida” vaziyatni xaspoʻshlashga urinayotgan bir paytda, ushbu epizodning TV-translyatsiya paytida nega ommaga batafsil, takroran koʻrsatilmagani ham “Dinamo” PFKda savollar va turli shubhalarni paydo qilmoqda.
 
“Dinamo” PFK oʻyinlarni ochiq, vaziyatlarni shaffof yoritishga mas'ul boʻlgan OʻzPFL va MTRKdan bu borada xizmat tekshiruvi oʻtkazishni soʻraydi. Har holda PFL tomonidan vodiydagi oʻyinlar uchun sotib olingan koʻchma televizion stantsiya vodiy klublari manfaatiga xizmat qilishi emas, aynan mana shunday vaziyatlarni xolis baholab, adolatli qaror chiqarish uchun xizmat qilmogʻi kerak.

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring