Fidbol.net

Tugʻilgan kun muborak, oʻzbek futboli qiroli — Mirjalol Qosimov!

Tahririyat 3
Tugʻilgan kun muborak, oʻzbek futboli qiroli — Mirjalol Qosimov!

(Maqola yangilanib qayta chop etilmoqda)

Yoshligidan charm toʻpga mehr qoʻygan Qosimovni buyuk kelajak kutayotgandi.

Mirjalol Qosimovning otasi oʻgʻlini 10 yoshida Chigʻatoydagi futbol maktabiga olib boradi. Taniqli mutaxassis Yuriy Gospadarchuk avvaliga Qosimovni qabul qilishga koʻnmaydi. Lekin futbolchining otasi va Qosimovning oʻzi Gospadarchukni fikrini oʻzgartirishga va jamoaga qoʻshilishga tish-tirnogʻi bilan tirishadi. Gospadarchuk esa boʻlajak futbol yulduzini maktabga qabul qilishga koʻnmasdan oʻzga chora topa olmaydi. Yakunda esa Yuriy Gospadarchuk oʻsha qarori oʻzbek futbolining kelajagi uchun juda ahamiyatli va muhim boʻlib chiqadi.

10.jpg

Oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida Jahon va Evropa chempioniga aylangan Mirjalol Qosimov Oʻzbekiston terma jamoasi bilan hozirgi kunga qadar yagona xalqaro sovrin boʻlib turgan 1994 yili Hirosimada oʻtkazilgan Osiyo oʻyinlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritadi.

Futbolchilik davrida bir qator jamoalarda muvaffaqiyatli oʻynagan Qosimovni barcha klublar yorqin xotiralar bilan eslaydi.

Qosimov yoshligida barcha oʻzbek futbolchilari qatori "Paxtakor" sharafini himoya qilishni orzu qiladi. Uning bu orzusi amalga oshadi. Shuningdek, Qosimov oʻz faoliyati davomida "Dinamo Minsk", "Spartak" (Vladikavkaz), "Alaniya", "Krilya Sovetov", "Al Shabab" hamda "Mash'al" jamoalarida toʻp tepadi.

11.jpg

Qosimov oʻzi oʻynagan barcha klublar tarkibida bir nechtadan gollar urishga erishgan. Markaziy yarim himoyachi uchun ushbu koʻrsatkich shunchaki fantastik natija hisoblanadi.

Jarima zarbalari, burchak toʻplari va toʻp uzatmalarni amalga oshirishda nozik did sohibining takrorlanmas ijrolarini hali-xamon futbol ishqibozlari yorqin xotiralar bilan eslashadi.

Maydonni koʻra bilish qobiliyati, toʻpni his etish va etakchilik xususiyatiga ega boʻlgan Qosimovni oʻzbek futboli muxlislari hozirgacha sogʻinishadi.

12.jpg

Qosimovning futbolchilik faoliyati haqida soatlab gapirish, toʻxtovsiz yozish mumkin. Oʻzbek futboli qiroli futbolchilik faoliyatida bitta armon bilan butsasini mixga ilgandi. U ham boʻlsa Jahon chempionatida ishtirok etish.

2005 yili "Mash'al"da futbolchilik faoliyatini yakunlagan Qosimovning xayrlashuv uchrashuvi 2007 yili 2 iyunda Toshkentdagi MHSK stadionida boʻlib oʻtadi.

Qosimovning xayrlashuv oʻyinida Oʻzbekiston terma jamoasi Evropa va Osiyo terma jamoasi yulduzlariga qarshi oʻynaydi. Qosimov esa bir taym Oʻzbekiston terma jamoasi safida, ikkinchi boʻlimda esa Evropa va Osiyo terma jamoasi yulduzlari tarkibida toʻp tepadi. Bahs doʻstona 3:3 hisobi bilan tugaydi.

Evropa va Osiyo terma jamoasi tarkibida Ali Daei, Mubarak Mustafa, Sergey Semak, Andrey Karyaka kabi futbolchilar toʻp surishadi. Jamoani esa Valleriy Gazzaev boshqarib tushadi. Fahriy mehmon sifatida esa Aleksandr Pisarev, Viktor Onopko, Aleksandr Tarxanov tashrif buyurishadi.

Hozirgi kunda "Zenit" bosh murabbiyi sifatida ishlayotgan Sergey Semak esa Qosimovning xayrlashuv uchrashuvidan soʻng oʻzining blogpostida mazkur uchrashuv va Oʻzbekistonga tashrifi haqida alohida toʻxtalgan.

Shundan keyin oʻzbek futbolining "qaldirgʻochi" murabbiylik sohasidagi faoliyatini butsasini mixga ilgan "Mash'al" jamoasida Kumikovga yordamchi sifatida boshlaydi. Keyinchalik esa Oʻzbekiston terma jamoasi va olimpiya terma jamoasidagi bosh murabbiy Rauf Inileevga yordamchi boʻladi. 2007 yilga kelib esa oʻsha paytdagi yangi nihol "Quruvchi"ga (hozirgi "Bunyodkor") bosh murabbiy etib tayinlanadi.

Qosimovning murabbiylik faoliyati ham yaxshi boshlanadi. "Quruvchi"ni qurayotgan Qosimov jamoani OChLdagi debyut mavsumidayoq yarim finalga qadar etaklaydi. Yarim final oldidan esa "Bunyodkor"ga braziliyalik taniqli mutaxassis Ziko taklif etiladi. Ziko esa yarim finaldayoq OChLdagi yurishini toʻxtatishga majbur boʻladi. Qosimov qoʻl ostida yarim finalga yoʻl olgan "Bunyodkor" Ziko bilan oʻsha bekatda qoladi. 2008 yilning sentyabr oyida Qosimovni Rauf Inileevning oʻrniga terma jamoaga bosh murabbiy etib tayinlashadi. Ammo murabbiylik faoliyatida hali toʻliq "pishib" ulgurmagan Qosimovning bosh jamoada ishlari koʻngildagidek kechmaydi. Natijada esa uning oʻrniga 2010 yili aprel oyida Vadim Abramov oʻtiradi.

Abramovning JCh-2014 saralash bosqichi doirasidagi Eronga alamli tarzda yutqazgan uchrashuvidan keyin 2012 yilning sentyabr oyida Qosimov yana terma ruliga qaytariladi. Bu orada Qosimov ma'lum muddat "Bunyodkor" va Oʻzbekiston terma jamoasini bir vaqtda boshqarishiga toʻgʻri keladi.

13.jpg

JCh-2014ga chiqish uchun kurashgan terma jamoamizga yakunda mundialga borish uchun ikkitagina gol etmay qoladi. Qosimov oʻshanda barcha aybni oʻz boʻyniga olib, iste'foga chiqishini bildiradi. Ammo OʻFF rahbariyati Qosimovning iste'fosini qabul qilmaydi hamda murabbiy oʻz ishini davom ettiradi.

Vaholanki Qosimov oʻshanda JCh-2014 saralash bosqichini toʻliq oʻzi oʻtkazmaydi. Guruhda 7ta oʻyin oʻtkazgan terma jamoamiz yakunda 14 ochko toʻplaydi va Oʻzbekiston terma jamoasi tarixidagi JChning soʻnggi saralash bosqichida jamgʻarilgan eng koʻp ochkosi sifatida qayd etiladi. Ammo mundialga yoʻllanma koʻlga kiritilmagandan keyin Qosimov koʻpchilik tomonidan keskin tanqidlar ostiga olinadi. Murabbiy oʻsha saralash bosqichini toʻliq oʻzi oʻtkazmaganini, gollar nisbatiga koʻra qolib ketilganini roʻkach qilmaydi. Ya'ni baxona qidirmaydi. Vaholanki saralash bosqichini toʻliq Qosimovni oʻzi oʻtkazganida balki oʻsha etmay qolgan gollar nisbatini bir ochko ishlagan holda toʻldirishi mumkin edi. Lekin Qosimov hech qanday bahona qidirmaydi. Afsona doimgidek mardlik qiladi.

Osiyo chempionatidan keyin JCh-2018 saralash bosqichining ilk bellashuida KXDRga yutqazilgach Qosimov yana iste'fo beradi. Bu safar uning iste'fosi OʻFF tomonidan qabul qilinadi. 2015 yil 23 iyun kuni Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiysiz qoladi.

14.jpg

Ushbu iste'fodan keyin koʻplab tanqidlarga uchragan Qosimov murabbiylik faoliyatida kichik tanaffus qildi. Bir qator takliflarga qaramasdan Qosimov hech bir chorlovni qabul qilmadi va hordiq chiqarishni ma'qul topdi. Faqatgina 2017 yil Qosimov yana oʻzining jonajon jamoasi "Bunyodkor"ga qiyin pallada yordam berish uchun qaytishga koʻnadi. Qosimov 2013 yili "Bunyodkor"dan ketgach "qaldirgʻochlar"ning ham ishlari orqaga yuradi. Chempionatda medallarsiz qolish, OChLda guruhdan chiqolmaslik va shunga oʻxshash bir qator anti-rekordlar oʻrnatiladi.

4 yillik tanaffusdan keyin "Bunyodkor"ni qabul qilib olgan Qosimovning oldida "qaldirgʻochlar"ni yanada uzoqqa parvoz qilishga oʻrgatish vazifasi turadi. Endigina tuxumdan yorilib chiqqan yosh "qaldirgʻochlar"ga uchishni oʻrgatish uchun Qosimovga koʻp vaqt kerak boʻlmadi. Qosimov kelgach birinchi qilgan ishi jamoani qayta "reanimatsiya"dan chiqardi.

Jamoani ogʻir ahvolda qabul qilgan murabbiy "Bunyodkor"ga gʻoliblik ruhi, xarakterni qaytarishga erishdi. Qosimovning kelishi bilan jamoaning natijalari yaxshilandi. Mirjalol Qosimovning ilk ishi futbolchilarga qaysi klub sharafini himoya etishayotganini tushuntirish va ularni miyasiga buni singdirishdan iborat boʻldi. Qisqa fursat ichida oʻzbek futboli qiroli bu ishni uddalashga muvaffaq boʻldi. Ammo 2018 yilgi mavsum avvalgisidanda moliyaviy taraflama qiyin boʻldi. Lekin shunga qaramay Qosimov yoʻqdan bor qilish salohiyatiga ega ekanligini isbotlashda davom etmoqda.

"Bunyodkor" uchun Qosimovning yoʻqligi murabbiyni qadrini yanada oshirdi. Chunki "qaldirgʻochlar"ning 2014, 2015 va 2016 yillari qayd etgan natijalar jamoa tarixidagi eng yomoni sifatida qayd etildi.

Qosimov "Bunyodkor"dan ketgach jamoa murabbiysiz qanchalik qiynalgan boʻlsa, Oʻzbekiston terma jamoasi ham ma'lum muddat shu kuyga tushdi. Ya'ni Qosimovning iste'fosi terma jamoaga hech qanday naf keltirmadi. Aksincha, oʻz vaqtida tanqid qilganlarning koʻpchiligi Qosimov davridagi terma jamoani sogʻingan pallalar juda koʻp boʻldi.

15.jpg

Qosimovning futbolchilikdagi armoni, murabbiylikdagi JCh-2014 saralash bosqichining omadsiz yakuni va muxlislar oldidagi mundial qarzi uni yanada kuchli qilgan boʻlsa ajab emas. Mirjalol Qosimovning 2017 yilning ikkinchi qismida "Bunyodkor"ga qaytishi jamoa qaddini koʻtarishga, oʻzligini tanishga turtki boʻldi.

Qiyinchiliklarni doim mardonavor engib kelgan oʻzbek futboli qiroli - Mirjalol Qosimov bugun oʻzining tavallud ayyomini nishonlamoqda. Qosimov futbolchilik davrida juda katta obroʻ, nom qozondi. Bir qator yutuqlarga erishdi. Murabbiylikda ham Oʻzbekistonda bir necha bor birinchi boʻldi. Ayni paytda esa Qosimov Olmaliqning AGMK jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat koʻrsatmoqda.

Futbolni nozik did bilan oʻynagan, toʻpga xushmuomalalik bilan munosabatda boʻlgan Qosimov, murabbiy sifatida juda kuchli taktik va strateg hisoblanadi.

16.jpg

Qosimov nafaqat kuchli futbolchi yoki murabbiy, balki inson sifatida ham hurmatga loyiq. Matbuot anjumanlarida, intervyularda jurnalistlarning savollariga xushmuomulalik bilan batafsil javob beradigan professional murabbiy.

Ha-ya, aytgancha, koʻpchilik Mirjalol Qosimov yoshini Sobiq Ittifoq davrida "urilmaganmi", degan gumonlarga koʻp boradi.

Ya'ni, oʻsha paytlari Sobiq Ittifoq davrida futbolda bu kabi holatlar juda koʻp uchragan.

Shu joyda 2003 yil, 24 yanvar kuni "Sport-Ekspress"da Mirjalol Qosimov bilan chop etilgan intervyudan parcha keltiraman:

- Jalol, provakatsion savol. Pasport boʻyicha siz 17 sentyabr kuni 33 yoshga toʻlasiz. Hech kimga sir emaski, Sobiq Ittifoq davrida oʻsmirlar futbolida yoshni 2-3 yilga "urish" ancha avj olgandi. Futbol olamida Qosimov ham yoshini 1-2 yilga kichraytirgan, degan gaplar yuradi...
- (Kuladi.) Bilaman, bilaman... Men sizga aniq aytaman. Agarda kimdir bilan meni yoshim haqida bahslashib qolsangiz, bemalol 1970 yilda tugʻilgan, deb ishonch bilan aytavering. Bahsda gʻolib chiqishizga kafolat beraman. Bu kabi gap-soʻzlar birinchi marta maktabda oʻqib yurgan kezlarimda paydo boʻlgandi. Toshkent shahar birinchiliklarida oʻynab yurganimizda, raqib jamoa murabbiylari meni yoshi katta, deb e'tiroz bildirardi. Meni yoshim boʻyicha koʻp garov bogʻlashardi. Yutqazgan esa restoranga pul toʻlardi.

- Buni qanday aniqlashardi? 
- U paytlari pasportni oʻzgartirish juda oson boʻlgan. Ammo FHDYoda yozib qoʻyilgan sanani oʻzgartirish imkonsiz. FHDYo orqali meni yoshim toʻgʻriligini aniqlashardi. Meni yoshim haqida juda koʻpchilik koʻp garov bogʻlashgan. Ammo har doim murabbiyim garovda gʻolib chiqardi.

Mana bu oʻsha paytdagi suhbatdan parcha.

17.jpg

Mirjalol Qosimov haqida qisqacha ma'lumot:

Tugʻilgan sanasi: 1970 yil, 17 sentyabr
Tugʻilgan joyi: Oʻzbekiston, Toshkent shahri
Boʻyi: 174 sm
Pozitsiyasi: yarim himoyachi
Oʻynagan jamoalari: "SK FMM Moskva" (1986), "Paxtakor" (1987), "Dinamo Minsk" (1988), "Paxtakor" (1988-1991), "Spartak Vladikavkaz" (1992), "Paxtakor" (1993), "Alaniya" (1994-1996), "Paxtakor" (1997-1998), "Alaniya" (1999), "Paxtakor" (1999), "Krilya Sovetov" (2000-2001), "Al Shabab" (2001-2002), "Paxtakor" (2002-2003), "Alaniya" (2003-2004), "Mash'al" (2005).
Terma jamoadagi faoliyati: Oʻzbekiston (1992-2005)
Murabbiylik faoliyati: Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi (2006-2007), Oʻzbekiston terma jamoasi (2008-2010, 2012-2015), "Bunyodkor" (2007-2014, 2017-2018), OKMK (2019-...)

18.jpg

Oʻzbek futbolining tirik afsonasi bugun qutlugʻ 56 yoshni qarshilamoqda. Mirjalol Qosimovga butun oʻzbek futboli muxlislari nomidan sogʻlik, oilaviy baxt va omad tilab qolamiz. Murabbiy sifatida esa katta marralarni, xalqaro musobaqalarda gʻoliblikni qoʻlga kiritishlariga tilakdoshmiz.

Ma'lumot uchun: Mirjalol Qosimov murabbiylik faoliyatida jami 321 oʻyin oʻtkazgan va shularning teng yarmidan koʻpi, ya'ni 66% uchrashuvlarda gʻalabani tantana qilgan. Xususan oʻtkazilgan 321 oʻyindan 190tasida gʻalaba, 69 durang va 62 magʻlubiyat qayd etilgan. E'tiborli tarafi, Qosimov OChLda yarim finaliga 2 marotaba chiqqan yagona oʻzbek mutaxassisi sanaladi. Ayni damda Superligada ishlayotgan barcha mutaxassislarning umumiy sovrinlarini qoʻshib hisoblaganda ham Qosimov murabbiylik faoliyatida qoʻlga kiritgan sovrinlarga tenglasha olmaydi. Mirjalol Qosimov murabbiy sifatida 3 karra Oʻzbekiston chempioni va Oʻzbekiston kubogi sohibi, Oʻzbekiston Superkubogida ham muvaffaqiyat qozongan murabbiy. Mazkur natija, ya'ni sovrin yutish borasida ham ichki chempionat miqiyosida oʻziga xos xet-trik qayd etgan yagona mutaxassis.

Tugʻilgan kun muborak, Mirjalol Qoʻshoqovich! Afsona! Maestro!

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring