Fidbol.net

"Futbol sotilmaydi!" - UEFA FIFA rahbariyatiga ishonchi yoʻqolganini ma'lum qildi

Tahririyat 5
"Futbol sotilmaydi!" - UEFA FIFA rahbariyatiga ishonchi yoʻqolganini ma'lum qildi

Evropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) FIFAning Jahon chempionati va boshqa musobaqalarga boʻlgan tijorat huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish gʻoyasidan voz kechganini olqishladi. Shu bilan birga, tashkilot FIFA rahbariyatiga boʻlgan ishonch jiddiy ravishda yoʻqolganini ta'kidladi.

UEFA bayonotida aytilishicha, mazkur taklif Evropa milliy assotsiatsiyalari tomonidan bir ovozdan rad etilgan. Shuningdek, dunyoning turli mintaqalaridagi koʻplab futbol federatsiyalari va konfederatsiyalari ham ushbu tashabbusga qarshi chiqqan.

"Futbol sotilmaydi. Bu gʻoyaga qarshi chiqqan barcha muxlislar, ligalar, klublar, futbolchilar, federatsiyalar va hatto qator davlat rahbarlariga minnatdorchilik bildiramiz.

Futbol kelajagiga daxldor qarorlar yashirin tarzda, shoshilinch ravishda va shubhali manfaatlar uchun qabul qilinmasligi kerak.

Hozirgi FIFA rahbariyati nafaqat UEFA, balki jahon futbolidagi koʻplab tashkilotlar ishonchini ham yoʻqotdi.

Bunday yopiq eshiklar ortida tayyorlangan, shubhali manfaatlarga asoslangan qarorlar yana takrorlanmasligi kerak. Aybdorlar aniqlanishi va javobgarlikka tortilishi lozim", - deyiladi bayonotda.

UEFA shuningdek, yaqin haftalarda boshqa konfederatsiyalar bilan birgalikda yuzaga kelgan vaziyatni atroflicha tahlil qilish va bunday holatlar takrorlanmasligi uchun yangi mexanizmlar ishlab chiqilishini ma'lum qildi.

Bayonotda FIFA prezidenti Janni Infantinoning 2016 yilgi saylov oldidan bergan va'dalari ham eslatildi. UEFA fikricha, Infantino tashkilot faoliyati shaffof boʻlishi va FIFA mablagʻlari milliy assotsiatsiyalar hamda futbol rivoji uchun xizmat qilishi haqidagi va'dalarini bajarmagan.

Shuningdek, UEFA FIFA zaxirasidagi 5 milliard dollardan ortiq mablagʻni tijorat huquqlarini sotmasdan turib ham ommaviy futbol va milliy assotsiatsiyalarni rivojlantirishga yoʻnaltirish mumkinligini ta'kidladi.

Manba: championat.asia

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring