Behruz Karimov, Ibrohimhalil Yoʻldoshev va Lazizbek Mirzaevni davolayotgan shifokor bilan suhbat
Oʻzbekiston terma jamoasi va "Surxon" klubi himoyachi Behruz Karimov 12 aprel kuni Superliganing 7-turidan oʻrin olgan "Navbahor"ga qarshi bahsda oʻng oyoq beshinchi panja (plyusnevoy) suyagini sindirib oldi. "Gʻazalkent" klubi futbolchining operatsiyasini toʻliq qoplab berdi va uning tiklanishini klub shifokori Dilshod Ashirov nazorat qilib bormoqda. Biz shifokordan Karimovning bugungi holati haqida soʻradik.
"Reabilitatsiya jarayoni rejaga muvofiq ketmoqda. Tiklanish bosqichining oʻrtasiga etib keldik. 7 may kuni singan suyakning shtift bilan birlashtirilgan sohasida suyak bitishini (konsolidatsiyasini) tekshirish uchun nazorat tekshiruvi rejalashtirilgan. Ushbu tekshiruvdan keyin koʻp narsaga oydinlik kiritiladi", - dedi Dilshod Ashirov Behruz Karimovning holati haqida.

24 aprel kuni "Neftchi" himoyachisi Ibrohimhalil Yoʻldoshev "Xorazm" bilan bahsning oxirgi daqiqalarida oyogʻini jarohatlab oldi va uni stadiondan toʻgʻri shifoxonaga olib ketishdi. Ma'lum boʻlishicha, Yoʻldoshev may oyining boshidan buyon Dilshod Ashirov bilan tiklanish jarayonini oʻtkazmoqda.
"Ibrohimhalil Yoʻldoshev toʻpiq qismidan jarohat olgan boʻlib, uning boylamlariga engil shikast etgan. Hozirgi vaqtda u bizning nazoratimiz ostida reabilitatsiya jarayonini oʻtamoqda va yaqin bir necha kun ichidaa umumiy guruhdagi toʻliq mashgʻulotlarga qaytishi kutilmoqda", - dedi Ashirov "Neftchi" himoyachisi Ibrohimhalil Yoʻldoshev boʻyicha.

"Lokomotiv" klubida ijarada oʻynayotgan Lazizbek Mirzaev 2 aprel kuni "Bunyodkor" bilan bahsda jarohat olgan va maydonga tusha olmayotgan edi. U ham aynan Ashirov qoʻl ostida jarohatini davoladi va yana "temiryoʻlchilar" ixtiyoriga borib qoʻshildi.
"Lokomotiv" yarim himoyachisi Lazizbek Mirzaev rasmiy oʻyin vaqtida toʻpiq boʻgʻimining kompression shikastlanishini (qisilishini) orttirib olgan edi. Tashxisga aniqlik kiritish maqsadida toʻliq tibbiy koʻrik oʻtkazildi. Reabilitatsiya kursi toʻliq hajmda amalga oshirilib, oʻz ichiga fizioterapiya, farmakologik qoʻllab-quvvatlash, biologik faol qoʻshimchalarni (BFQ) qabul qilish, antigravitatsion trenajyorda me'yorlangan mashgʻulotlar, sport zalidagi mashqlar hamda maydondagi mashgʻulotlarni oldi. Hozirda sportchi "Lokomotiv"ga qaytdi v umumiy guruhda mashgʻulot oʻtamoqda", - dedi "Gʻazalkent" klubi shifokori Lazizbek Mirzaev haqida.
Izohlar 0