Aybek Nurbaev: "Tajribasizlik pand berdi"
Oʻyindan keyin "Jayxun" bosh murabbiyi Aybek Nurbaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Oʻyin haqida fikringiz?
- Birinchi navbatda "Shoʻrtan" jamoasini bugungi yutuq bilan tabriklayman va keyingi bahslarda omad tilayman. Oʻyinga keladigan boʻlsak, uchrashuv jamoamiz ustunligida kechdi. Har ikkala taymda ustun ekanimizni namoyish etdik, yigitlarga e'tirozim yoʻq. Futbolchilarimizga ozgina tajriba va kontsentratsiya etishmadi. Shunday oʻyinlarda tajribasizlik pand berib qoʻyadi. Maydon yoki ob-havoni bahona qilish kerak emas. Oʻz oldiga yuksak vazifalarni qoʻyadigan jamoa bu gaplarni aytmaydi. Biz ham shu maydonda mashgʻulot oʻtkazamiz va uy uchrashuvlarini oʻynaymiz. Borimizni berishga harakat qildik, ozgina omad kelmadi.
- "Jayxun" Oʻzbekiston Kubogi guruh oʻyinlarida ishtirok etib, keyingi bosqichga chiqdi. Shu haqda fikringiz?
- Menga Kubokning formati yoqdi. Uchta yaxshi oʻyin oʻtkazdik. Kubok orqali Superliga jamoalari bilan oʻynadik. Bu ham yaxshi, bizga tajriba boʻldi. Taqvimga nazar tashlasak, dam olishga deyarli fursat boʻlmayapti. Ketma-ket oʻyinlar oʻtkazdik. Proligada ham, Kubokda ham oson jamoani koʻrmadim. "Metallurg", "Shoʻrtan", "Qizilqum" - bular yaxshi jamoa.
- Kubokning 1/8 finalida kim bilan oʻynashni xohlaysiz?
- Guruhdan ikkinchi oʻrin bilan chiqdik. Bu degani keyingi bosqichni safarda oʻtkazamiz. Toʻgʻrisi, bizga unchalik farqi yoʻq. Oʻzimga qolsa "Neftchi" bilan oʻynashni xohlardim. Chunki "Neftchi" hozir juda kuchli jamoa va bu jamoaga qarshi maydonga tushish qiziq boʻladi. Islom Ismoilov rahbarligidagi murabbiylar shtabi ham yaxshi ish olib boryapti.
Manba: championat.asia
Izohlar 0