Fidbol.net

Aybek Nurbaev: "Durangdan xafa emasmiz"

Tahririyat 2
Aybek Nurbaev: "Durangdan xafa emasmiz"

Oʻyindan keyin "Jayxun" bosh murabbiyi Aybek Nurbaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Oʻyin haqida fikringiz?
- Avvalambor chiroyli oʻyin uchun har ikki jamoaga rahmat. Bugun biz ham, raqib ham yutishi mumkin edi. Tomoshabop bahs guvohi boʻldik. Bugungi oʻyinda doʻstlik gʻalaba qozondi. "Shoʻrtan" bilan uchrashuvdan soʻng bizda kam vaqt boʻldi va bu oʻyinga yaxshi hozirlik koʻra olmadik. Oʻyinlar orasi qisqa, masofa uzoq. "Shoʻrtan" bilan oʻyinni oʻtkazib ertasi kun yoʻlga chiqdik. Shuning uchun yaxshi tayyorgarlik boʻlmadi. Yigitlarimizga harakat qilishgani uchun rahmat. Toʻgʻrisini aytsam, durangdan xafa emasmiz.

- Butun oʻyin davomida jamoangiz yuqori pressing qildi va shu orqali raqibga bosim oʻtkazdi. Ya'ni, futbolchilar toliqib qolmadi.
- Har bir bahsda oʻzimizni koʻrsatishga harakat qilyapmiz. Menimcha, egallab turgan oʻrnimiz darajamizga mos emas. Har oʻyinda yaxshi harakat qilyapmiz, faqat natijalar doim ham yaxshi boʻlmayapti. Mavsum boshidagi toʻrt-besh oʻyinda oʻzimizni koʻrsata olmadik. Hayotimda yoʻqotish boʻldi, otamdan ayrilib qoldik. Bu ham ta'sir qildi. Shundan soʻng yana ishga kirishib ketib, bolalar bilan ishlay boshladim. Yuqori pressingga kelsak, biz mashgʻulotlarda buning ustida ishlayapmiz, oʻzimga ham shu usul yoqadi. Zamonaviy futbol shuni talab qilyapti.

- Jamoangizning moliyaviy holati qanaqa?
- Bilasiz, bu yildan Qoraqalpogʻiston Milliy universtieti jamoamizni otaliqqa oldi. Universitet rahbariyati tomonidan barcha sharoitlar qilib berilmoqda. Uydagi oʻyinlardan bir kun oldin futbolchilarimiz bazada yotib qolyapti. Ovqatlanish, pullik ishlar boʻyicha ham muammo yoʻq. Oʻtgan yilga nisbatan oʻzgarish ancha katta deya olaman. Buning uchun universitet rahbariyatiga rahmat aytib qolamiz.

- Birinchi taymda jamoangiz qarshi hujumlarda harakat qildi. Ikkinchi taymdagi ustunlik esa toʻliq jamoangiz tomoniga oʻtdi.

- Aslida shu reja boʻyicha oʻynashni maqsad qilgandik. "Shoʻrtan" bilan bahsni oʻtkazib boʻlgach bu oʻyinga e'tiborni qaratdik. Lekin aytib oʻtganimdek, koʻngildagidek tayyorgarlik koʻra olmadik. Masalan, kecha ayrim sabablarga koʻra oʻyindan oldingi mashgʻulotni ham qilmadik. Men yigitlarga birinchi taymda qarshi hujumda harakat qilishimizni aytdim. Ikkinchi boʻlimda esa raqibda charchoq boʻlishini hisobga olib toʻliq hujumga oʻtishni maqsad qilgandik. Faqat gol ura olmadik xolos.

- "Gʻazalkent" jamoasi haqida fikringiz?
- Yaxshi yosh jamoa. Asosan 2007-2008-2009 yillarda tugʻilgan futbolchilar oʻynayapti. Eng muhimi, bu yoshdagilar katta futbol oʻynayapti. Zayniddin akaga ham hurmatim baland, yaxshi jamoa shakllantiryapti. Menga "Gʻazalkent" koʻrsatgan oʻyin yoqdi.

Manba: championat.asia

Jamoalar

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring