Vadim Abramov: "83-daqiqada "Lokomotiv" futbolchisi oʻz jarima maydonchasida qoʻl bilan oʻynaganini VAR koʻrmadi"
- "Lokomotiv"ni gʻalaba bilan tabriklayman. Afsuski bizda jismoniy holat unchalik yaxshi emas. Bu oʻyinoldi mashgʻulotda ham koʻrindi. Oʻyin bobida nima ham deyish mumkin, golni bizga raqib darvozaboni sovgʻa qildi, biroq keyin oʻz vazifasini yaxshi bajardi. Keyinchalik oʻzimizning qoʻpol xatolarimiz sababli gollar qoʻyib yubordik. Umuman olganda hujum qilish uchun kuch topa oldik. Gol urgandik, biroq hisoblashmadi. Qiziqib koʻrsam, avvaliga hakamlar darvozabonga nisbatan qoʻpollikni koʻrishdi, biroq bunday harakat boʻlmagan ekan va ular futbolchimizning qaerdadir qoʻli bilan oʻynagan harakatini topishibdi. 83-daqiqada "Lokomotiv" futbolchisi oʻz jarima maydonchasida qoʻl bilan oʻynaganini VAR koʻrmadi. Bu ajablanarli holat. Ba'zida VAR yordam bersa, ayrim holatlarda bizga qarshi boʻladi. Shu sababli "Loko"ni gʻalaba bilan tabriklayman. Ularda tiklanib olish uchun 2 kun koʻproq vaqt boʻldi. Endi keyingi oʻyinga tayyorlanamiz.
- Ketma-ket yaxshi natijalardan keyin magʻlub boʻlish alam qiladi. Anvar Xojimirzaev va Azizbek Amonovlarning safdan chiqishi qanchalik yomon holat?
- Albatta, biz uchun ogʻir zarba. Zaxira oʻrindigʻimiz toraydi. Futbolchilar ketma-ket oʻyinlarda oʻynayotgani uchun ikki karra koʻproq yuklamalar olishmoqda. Shuningdek, oʻtgan oʻyinda katta miqdordagi hissiyotlarni ishlatdik. Tiklanish qiyin boʻldi, yana yoʻl azobi ham bor. Magʻlub boʻlmaydigan jamoaning oʻzi yoʻq. Ikki oʻyinda 4 ochko yoʻqotish alam qildi. Endi futbolchilarni tezroq tiklash kerak. Keyingi oʻyinimiz bir haftadan soʻng boʻladi. Bir-ikki kun dam olib, keyingi oʻyinga tayyorlanamiz.
- Oʻtgan oʻyinda "Lokomotiv"ning asosiy darvozabonining qizil kartochkani olganiga qarab reja tuzdingizmi? Chunki "Loko"ning asosiy posboni oldinroqda, markaziy himoyachilar pozitsiyasida ham oʻynay olardi.
- "Lokomotiv"ning asosiy darvozaboni dispetcherlik vazifasini ham bajarayotgandi. Qizil kartochka va boshqa darvozabon boʻlganidan keyin ular boshqacharoq oʻyin uslubida oʻynashi tushunarli. Shu boisdan biz uzoqdan koʻproq zarbalar berish talabini qoʻygandik, ammo oʻyin davomida uzoqdan ikki marta darvozaga zarba berdik. Bu futbolchilarga katta e'tiroz: zarba beriladigan pozitsiyalarda ham ular pas berish uchun sheriklarni qidirishdi.
- "Dinamo"ning moliyaviy tomondan holati qanday? Jamoa Xojimirzaev va Amonovsiz yuqori darajadagi jamoalar bilan ham tengma-teng kurashmoqda.
- Rahbariyatga rahmat aytaman. Ular bor imkoniyatlarini ishga solib, barcha qarzlarni uzishdi. Endi ayrim muammolar boshlandi: ba'zi futbolchilar ketdi, kimlardir jarohat oldi va zaxira oʻrindigʻi toraydi. Oldimizda 3 kun vaqt bor va ayrim pozitsiyalarni yopish uchun futbolchilar izlayapmiz. Aslida bu rejada yoʻq edi va endi kimlar orqali jamoani kuchaytirish haqida oʻylayapmiz.
- Jamoangiz yaxshi oʻyin koʻrsatdi. Jamoaviy hujumlar koʻp boʻldi. Lekin ayrim vaziyatlarda e'tibor yoʻqolib qolmoqda.
- Toʻgʻri payqabsiz. Charchaganda miya ham oʻylashdan toʻxtab qoladi. Buning barchasi charchoq bilan bogʻliq. Oʻyin oldidan boʻlayotgan mashgʻulotda futbolchilarda kuch koʻrmadim. Har bir jamoa raqib qanchalik imkoniyat berishiga qarab oʻynaydi, ikkinchi boʻlimda biz koʻproq hujum qilgandirmiz, biroq yutayotgan jamoa hisobni ushlashga, ikkinchisi esa hujumga oʻtishi tabiiy hol. Bu oʻyinga jismonan tayyor boʻlganmiz, deya olmayman. "Lokomotiv" hisobni ushlab qolish uchun oʻynadi, bizda esa tashabbus boʻldi. Bizga kuch etishmayotgani koʻrinib turibdi.

- Matbuotda Rustam Turdimurodovning "Dinamo"ga oʻtayotgani haqida ma'lumotlar chiqdi. Ikkinchi savolim: "Dinamo"da imkoniyat berilmagan Ulugʻbek Xoshimov "Xorazm"da ikkita gol urdi. Jamoaga esa hujumchilar etishmayapti.
- Xoshimov bilan uchrashib, gaplashib olganmiz. Bungacha bizda u bilan muammolar boʻlmagan. Bizda unga imkoniyat berilmasdi. Sizda shunday futbolchi boʻlsa, unga yordam sifatida jamoasini oʻzgartirishingiz mumkin. U bizga kelganida barchasini zoʻr boshlagandi. Keyin esa yoʻq boʻlib qoldi. Nafaqat futbolchilarda, balki, istalgan kasbda amaliyot boʻlmasa, tajriba yoʻqoladi. Unga zarar bermasdan boshqa jamoaga oʻtishini istadik. Biroq u ketishidan oldin bizda Xojimirzaev, Amonov kabi futbolchilarning jarohati rejada emasdi. Agarda ular safda boʻlsa, Xoshimovda baribir imkoniyat boʻlmasdi. Hali bizda jamoaga yordam bera oladigan yosh futbolchilar ham bor. Hozir qoʻl ostimizdagi futbolchilarga tayanamiz.
Rustam Turdimurodov boʻyicha "Paxtakor" bilan gaplashdik. Menimcha barcha bir-biri bilan kelishib boʻlgan.
- "Dinamo"ga birinchi davrada kelgan futbolchilar moliyaviy holat sababli jamoadan ketishdi. "Dinamo"ni "Andijon" kabi FIFA taqiqi kutmayaptimi? Oʻz navbatida yangi legionerlar ham birinchi davradagi kabi ketib qolishmaydimi?
- Legionerlar bilan kelishib oldik, ularga ketishidan oldin barcha masalasini hal qilib berdik. Bizga kelishi mumkin boʻlgan barcha shikoyatlarni bartaraf qildik. Oldimizda bizni bunday muammolar kutmasligi kerak.
- Yozgi transferlar oynasida markaziy himoyachi pozitsiyasini kuchaytirish rejasi bormi?
- Ikkinchi davra oldidan bizda markaziy himoyaga unchalik e'tirozlar yoʻq. Menimcha bunday qoʻpol xatolar qilingan birinchi oʻyinimiz boʻlsa kerak. Oʻyinlar koʻp boʻlgani uchun maydonda oʻylash uchun kuch etishmay qolyapti. Qoʻshimchasiga yarim himoyachilar ham notoʻgʻri oʻynashdi. Mavsumni qoʻl ostimizdagi futbolchilar bilan yakunlaymiz. Oldimizda bizni hujumda muammolar turibdi. Bilishimcha yaqinda Olimpiya termasi yigʻiladi va ikki futbolchimiz - Abdurahmonov va Oʻrmonjonov ixtiyorimizda boʻlmaydi. Agar ular boʻlmasa, endi boshqa futbolchilarni qoʻyishga majbur boʻlamiz.
- Anvar Xojimirzaev "Dinamo"ning etakchisi, biroq u klubida zoʻr, termada esa koʻrinmay qoladi. Bunga nima sabab deb oʻylaysiz?
- Menimcha bu savolni terma murabbiylariga berish kerak. Barchasi uning qarashlariga bogʻliq. Lekin u bizda haqiqatdan ham etakchi va borini berib oʻynaydi.
Manba: championat.asia
Izohlar 0