Timur Kapadze: "Penalti berilmaganini tushunmadim"
"O'yin juda qiziqarli va kurashlarga boy bo'ldi. Har ikkala jamoa g'alaba qozonish uchun bor kuchini sarfladi. Hujumda yanada samaraliroq harakat qilishimiz kerak edi, imkoniyatlardan foydalana olmadik. "Nasaf" yaxshi himoya qildi. O'ylaymanki, g'alabaga biz yaqinroq edik. Birinchi bo'limda penalti berilmaganini tushunmadim. Ekspertlar komissiyasining xulosasini kutamiz. VAR bosh hakamni vaziyatni qayta ko'rish uchun chaqirdi. Bor penalti yo'q deb hisoblandi. Ikkinchi bo'limdagi vaziyatni ko'rmay qoldim. Birinchi bo'limda esa 100% penalti edi. Raqib sportchiga xos bo'lmagan harakat orqali futbolchining libosidan tortib yiqitdi. Agar bu epizod penalti bo'lmasa, yana qaysi vaziyatda penalti berish kerak, bilmayman. Bugun har ikkala jamoa ham maydonda borini berdi" , - deya gap boshladi Timur Kapadze.
- Jgerenaya o'tgan o'yinda jarohat olib maydonni tark etganidan so'ng "Bunyodkor" gol urib ketgan edi. Bugun uch markaziy himoyachi bilan maydonga tushishingiz Jgerenayaning yo'qligi bilan bog'liqmi?
- Raqib "Nasaf"ligi uchun shunday uslubni tanladik. Ular ko'p hollarda uzun paslar orqali o'ynashmoqda. Shuning uchun himoyani yanada mustahkamlamoqchi edik. Komilov va Chichinadze anchadan beri o'ynamayotgani tufayli yaxshi sport formasida emas. Hujumga chiqqanimizda esa Adhamzoda oldinda yordam berdi. To'rt kishi himoyada qolaverdi.
- "Navbahor" ko'p vaqt mobaynida to'pga egalik qilganiga qaramay, yakuniy zarbalar etishmadi. Shuningdek, Aleks Fernandesdan tashqari boshqa futbolchilar uzoq masofadan zarba bermadi...
- Imkoniyatimiz darajasida ko'proq zarba berishga harakat qildik. Aleks ko'p tepdi. Aslida qaytgan to'pga egalik qiladigan futbolchi topilmadi. Ko'proq tepganimizda yanada ko'proq imkoniyatlarimiz bo'lardi. Hujum chizig'idagi o'yinchilar etishmayapti. O'rinboev jarohat olgan. Norchaev va G'iyosov tezroq qaytsa yaxshi bo'lardi. Har bir futbolchi bugun yaxshi harakat qildi. Barchasini tahlil qilib chiqamiz.
- "Navbahor" bugun yaqqol hujumchisiz o'ynadi. Bunga sabab hujumchilarning holati yaxshi emasligidami yoki bu o'yinga tayyorlangan alohida rejamidimi?
- Raqibning kamchiliklarini o'rganishga harakat qildik. "Nasaf"da ham yo'qotishlar bor. Barcha klublarda yo'qotishlar bor. Raqibning sxemasidan kelib chiqib reja tuzdik. Birinchi bo'limda ko'p paslarda xatoga yo'l qo'ydik. Safar o'yinlarimiz oson kechmayapti. Yigitlarda ham hayajon sezilib turdi.
- Superliga tanaffusga chiqdi. Endi navbat O'zbekiston Kubogi bahslariga. Kubokdagi rejalar bilan o'rtoqlashsangiz?
- Guruhimiz ma'lum. Tayyorgarlik ko'ramiz. Rotatsiya qilish va yigitlarga imkoniyat beramiz. Aprel oyi og'ir o'tdi. O'yinlar ko'p edi. Biz oyni bir tekisda o'tkaza olmadik. Buning sabablari bor, albatta. Ushbu tanaffusdan unumli foydalanamiz. Birinchi davra tugab, keyin tanaffus bo'lganida undan ham yaxshiroq bo'lardi. Lekin oldinda mundial bor, barchamiz kutgan Jahon chempionati. Shu sabab biroz o'zgarish bo'ldi. Hech qanday muammo yo'q.
- Yozgi transferlar oynasida "Navbahor" yangi futbolchilarni xarid qiladimi?
- Hozirgi ta'til vaqtidayoq transfer oynasi ochilganida zo'r bo'lardi. Yangi futbolchilar jamoaga tezroq qo'shilish imkoniyatiga ega bo'lardi. Adashmasam, transferlar oynasi iyul oyida ochiladi. Qaraymiz, kuchaytirishimiz kerak bo'lgan pozitsiyalar bor.
- Norchaev va G'iyosov qachon safga qaytadi?
- Kutyapmiz. Norchaev sekin-astalik bilan jamoaviy mashg'ulotlarga qo'shildi. O'rinboev hali tiklangani yo'q. G'iyosov individual tarzda mashg'ulot olib boryapti. Tanaffus davomida ular maydonga qaytadi degan umiddaman.
- Umar Adhamzoda bugun hujumga berilib, ayrim vaziyatlarda himoyaga qaytishga biroz kech qoldi. O'zingiz ham unga bir vaziyatga ortga qaytishni ko'rsatma berdingiz...
- Rejamiz shu edi. Besh nafar himoyachi bilan o'ynadik, hujumda vaqtimiz to'rtta himoyachi bilan ortda qoldik. Yaxshi epizodlar bo'ldi. Birinchi bo'limda o'yinga kirishib ketishga biroz qiynaldik. Ayrim vaziyatlarda yaxshiroq harakat qilsak bo'lardi.
- "Navbahor"da ko'plab standart vaziyatlar bo'ldi, ayniqsa burchak zarbalari. Mening fikrimcha, "Navbahor" bugun standart vaziyatlardan unumli foydalanishda ancha oqsadi...
- Imkoniyatlarimiz bo'ldi. To'p himoyachilarimizga qadar etib bordi. 2-3 burchak zarbamiz xavfli tus oldi. Vaziyatlardan yaxshiroq foydalanishimiz ham mumkin edi.
Izohlar 0