Superligada murabbiylar "rokirovkasi": tanaffusdagi kutilgan va kutilmagan tayinlovlar
Bir qator jamoalar rahbariyati ikkinchi davra oldidan yangi mutaxassislarga ishonch bildirishga qaror qildi.
Quyida tanaffus vaqtida murabbiylar shtabida yuz bergan asosiy oʻzgarishlar va yangi tayinlovlar bilan tanishing:
🔄 Bosh murabbiylar rotatsiyasi va yangi tayinlovlar
"Mash'al": Muborakliklar tanaffusda bosh murabbiyni butunlay almashtirishga qaror qilishdi. Jamoaga tajribali mutaxassis Sergey Lushchan bosh murabbiy etib tayinlandi. Unga avvalgi jamoalaridagi doimgi hamrohi Muhiddin Ortiqov yaqindan yordam beradi.
"Qizilqum": Navoiyliklar rotatsiyaga qoʻl urib, tanish chehrani ortga qaytarishdi. Jamshid Saidov yana "Qizilqum" bosh murabbiyi sifatida ish boshladi. Uning shtabiga jismoniy tayyorgarlik boʻyicha mutaxassis sifatida sobiq futbolchi Akmal Shorahmedov jalb etildi.

🛠 Murabbiylar shtabiga kelib qoʻshilgan mutaxassislar
"Paxtakor": Toshkentliklar murabbiylar shtabini xorijlik mutaxassis bilan mustahkamladi. Kamoliddin Tojiev shtabiga serbiyalik murabbiy Branislav Radulovich kelib qoʻshildi.
"Neftchi": Fargʻonaliklar tarkibda va shtabda ba'zi oʻzgarishlarni amalga oshirdi. Klub Fakundo Stik, Yurgen Gyode bilan xayrlashgan boʻlsa, uning oʻrniga argentinalik mutaxassis Xuan Kruz Jil taklif etildi.

"Soʻgʻdiyona": Jizzaxliklar ustozi Ulugʻbek Bakaev shtabi ikki nafar rossiyalik mutaxassis bilan boyidi. Jamoaga Artyom Gorlov hamda darvozabonlar bilan ishlash boʻyicha Pavel Polikarpov taklif etildi.
"Surxon": Mavsumni "Qoʻqon-1912" jamoasida Andrey Shipilov shtabida boshlagan Anatoliy Kurlaev faoliyatini Termizda davom ettiradigan boʻldi. U endi "Surxon"da Anvar Gʻofurovga koʻmaklashadi.
Jamoalardagi bu kabi murabbiylik rotatsiyalari va xorijlik hamda mahalliy tajribali mutaxassislarning kelishi chempionatdagi raqobatni yanada qizitshi shubhasiz. Yangilangan shtablar oʻz klublari oldiga qoʻyilgan vazifalarni qay darajada bajarishini esa maydondagi oʻyinlar koʻrsatadi.
Manba: championat.asia
Izohlar 0