"Sukut saqlashni ma'qul koʻrgandim, lekin...". Pirlo Italiya FF bilan barbod boʻlgan kelishuv haqida gapirdi
Oldinroq OAVda 47 yoshli mutaxassis Italiya futbol federatsiyasi (FIGC) bilan 2030 yilgacha moʻljallangan shartnoma imzolashi haqida xabar berilgandi. Keyinchalik Pirloning Rossiya bukmekeri bilan shartnomasi tufayli bu tayinlov atrofida katta bahs-munozaralar alanga oldi.
“FIGC va barcha aloqador shaxslarga boʻlgan hurmatim yuzasidan sukut saqlashni ma'qul koʻrgandim, ammo kecha oqshom Italiya terma jamoasi bosh murabbiyligiga nomzodim boshqa koʻrib chiqilmayotganini bilgach, ba'zi jihatlarga oydinlik kiritishni oʻz burchim deb hisoblayman.
Soʻnggi kunlarda ismim va milliy terma jamoa bosh murabbiyi lavozimini egallash imkoniyatim atrofida avj olgan muhokamalarni katta afsus bilan kuzatdim.
Butun faoliyatim davomida — avval futbolchi, bugun esa murabbiy sifatida har doim oʻzim ishlagan mamlakatlar qonunlariga va imzolangan shartnomalarga poʻlatdek amal qilib kelganman. Soʻnggi bahslarga sabab boʻlgan hamkorlik BAAdagi professional faoliyatim doirasida yuzaga kelgan boʻlib, sof tijoriy va sport xususiyatiga ega. Unga siyosiy mazmun berish menga hech qachon bildirmagan qarashlarimni yopishtirish deganidir.
Menga koʻrsatgan hurmati va bildirgan ishonchi uchun Paolo Maldini [FIGC texnik direktori] va Leonardoga [Maldinining maslahatchisi] minnatdorlik bildirmoqchiman. Ularning professionalligi, oʻz ishiga jiddiy yondashuvi va Italiya futboliga boʻlgan cheksiz mehrini bilaman. Sof sportga oid qaror bunchalik tez ommaviy muhokamaga aylanib, yakunda menga tegishli boʻlmagan fikrlarning yopishtirilgani juda achinarli”, – deb yozdi Pirlo ijtimoiy tarmoqlarda.
Eslatib oʻtamiz, ilgari Pirlo Italiyaning “Sampdoriya” va Turkiyaning “Fotih Karagyumruk” jamoalarini boshqargan. 2025 yildan beri esa BAAning “Yunayted” klubiga murabbiylik qilib kelmoqda.
Manba: championat.asia
Izohlar 0