Sergey Lushchan "Mash'al"ning soʻngan olovini qayta yoqa oladimi?
Ketma-ket muvaffaqiyatsizliklar, moliyaviy qiyinchiliklar va murabbiylar oʻrindigʻidagi beqarorlik jamoani Superliga turnir jadvalining eng tubiga tushirib qoʻydi. Biroq, jamoa ruliga tajribali mutaxassis Sergey Lushchanning kelishi muborakliklarning qalbida umid uchqunini qayta yoqqandek boʻldi. Quyida "Mash'al"ning bugungi holati, murabbiylar almashinuvi va kelajakdagi rejalarini tahlil qilamiz.
1. Murabbiylar qoʻnimsizligi
Muborakliklarni yangi mavsumga rossiyalik mutaxassis Igor Surov tayyorladi. U bunga qadar Qirgʻizistonning "Bars" (9 oʻyin, 9 gʻalaba) va Tojikistonning "Esxata" (55 oʻyin, 25 gʻalaba, 11 durang, 19 magʻlubiyat) jamoalarida yomon boʻlmagan natijalarni qayd etgan edi. Biroq, Oʻzbekiston Superligasining saviyasi qoʻshni chempionatlardan sezilarli darajada yuqori ekanligini unutmaslik lozim. Surov boshqaruvidagi "Mash'al" 4 ta oʻyin oʻtkazib, barchasida magʻlubiyatga uchradi. Eng achinarlisi, jamoa birorta ham gol ura olmadi va oʻz darvozasidan 9 ta toʻp olib chiqdi. Tabiiy savol tugʻiladi: rahbariyat jamoa rulini unga topshirayotganda qaysi mezonlarga tayangan edi?

Shundan soʻng estafeta 2025 yilda jamoani Superligada olib qolish missiyasida ishtirok etgan Otabek Narzullaevga topshirildi. Unga ham koʻp vaqt berilmadi: 5 ta oʻyindagi 5 ta magʻlubiyatdan soʻng u asosiy jamoadan oʻrinbosarlar safiga oʻtkazildi. Toʻgʻri, Narzullaev qoʻl ostida jamoa oʻyin tomonlama sharmandali yoki oʻta nochor koʻrinmadi. Ammo futbolda barchasini natija belgilaydi va bu qat'iy haqiqatdir.

Narzullaevdan keyin tajribali Ildar Sakaevga imkoniyat berildi (Superligada 2 ta va Oʻzbekiston Kubogida 3 ta oʻyin). Biroq vaziyat tubdan oʻzgarmadi. Natijada, Sergey Lushchan muborakliklar uchun bir mavsumning oʻzida tayinlangan toʻrtinchi bosh murabbiyga aylandi.
2. Olov ichiga kelgan Sergey Lushchan
"Mash'al"ning turnir jadvalidagi joylashuvi (soʻnggi oʻrin) va ayni paytdagi hisobidagi bor-yoʻgʻi 4 ochko — bu shunchaki quruq statistika emas, balki mavsum boshidan beri yoʻl qoʻyilgan tizimli xatolarning mahsulidir. Biroq, e'tiborli jihati shundaki, jamoa shu vaqtgacha yigʻa olmagan 4 ochkoni aynan Sergey Lushchan boshqaruvidagi dastlabki ikki oʻyindayoq qoʻlga kiritdi. Bu nimani anglatadi? Qisqa fursatda moʻ'jiza roʻy bermagan boʻlsa-da, jamoada "shok terapiyasi" boshlangan. Lushchan tezlik bilan psixologik inqirozni hal qilishga harakat qilmoqda. Murabbiy tom ma'noda "yongʻin ichida qolgan uy"ga kirib bordi va yongʻinni oʻchirishni boshladi.
Raqamlar nima deydi? Agar vaziyatga real va matematik nuqtai nazardan yondashsak, holat hamon oʻta murakkab. Superligada toʻgʻridan-toʻgʻri jon saqlab qolish hududi bilan oʻrtadagi 11 ochkolik tafovut — autsayder jamoa uchun katta jarlik deganidir. Bu farqni yoʻqqa chiqarish uchun "Mash'al" kamida 3-4 ta oʻyinda gʻalaba qozonishi va ayni paytda raqobatchilarning xato qilishini kutishi kerak boʻladi. Endi maydonda har bir qarich er uchun jang qiladigan temir intizom va natijaga yoʻnaltirilgan keskin oʻyin talab etiladi.

Tarixiy parallellar va taqdir hazili Lushchan uchun bunday "qaynoq nuqta"larda ishlash va jamoani botqoqdan tortib chiqarish begona emas. 2018 yilgi mavsumni yodga olaylik: oʻshanda u "Soʻgʻdiyona"ni ketma-ket 5 ta gʻalabasiz oʻyindan soʻng, chuqur psixologik chuqurlikda qabul qilib olgan edi. Ammo ikki vaziyat oʻrtasida bitta fundamental farq bor — Jizzaxda mavsum endigina boshlangan, xatolarni toʻgʻirlash va yoʻqotilgan ochkolar oʻrnini qoplash uchun etarlicha masofa bor edi. Muborakda esa xato qilishga limit allaqachon tugab boʻlgan.
Eng qiziqarli va oʻziga xos taqdir hazili shundaki, Lushchan oʻsha 2018 yilgi mavsum yakunida oʻtish oʻyinida (pley-offda) aynan "Mash'al"ni magʻlubiyatga uchratib, "Soʻgʻdiyona"ni elitada olib qolgan edi. Bugun esa tarix gʻildiragi teskari aylandi: qachonlardir oʻzi quyi ligaga ravona qilgan jamoaning najoti endi aynan Lushchanning qoʻlida.

3. Oldindagi chigal taqvim va omon qolish missiyasi
"Mash'al" hozir raqib tanlaydigan yoki kimnidir mensimaydigan holatda emas. Jamoaning soʻnggi turlarda "Qoʻqon-1912" va "Nasaf" kabi jiddiy raqiblarga qarshi oʻyinlarda muhim ochkolarni ishlab olgani ijobiy signaldir. Ammo bu hali dengizdan tomichi, xolos.
Oldinda jamoani oʻta tigʻiz va mas'uliyatli taqvim kutib turibdi:
27 iyul: OKMK (safarda) 4-oʻrin
2 avgust: "Soʻgʻdiyona" (uyda) 14-oʻrin
7 avgust: "Xorazm" (safarda) 12-oʻrin
14 avgust: "Qizilqum" (safarda) 13-oʻrin
Koʻrinib turibdiki, navbatdagi turlarda jamoa asosan turnir jadvalining ikkinchi yarmida borayotgan va oʻzi kabi jon saqlash uchun kurashayotgan, bir-biriga yaqin turgan klublar bilan toʻqnash keladi. Moliyaviy muammolar fonida Sergey Lushchan moʻ'jiza yaratib, "Mash'al"ni Superligada olib qolsa, bu nafaqat murabbiylik karerasidagi yorqin sahifa boʻladi, balki uning keyingi mavsum uchun ham oʻz oʻrnini kafolatlashiga zamin yaratadi.

4. Transferlar oynasi: kelajak emas, bugun uchun harakat
Ikkinchi davra oldidan jamoa tarkibida sezilarli tozalash va kuchaytirish ishlari olib borildi. Asosiy e'tibor uzoq muddatli loyihalarga emas, balki aynan bugungi kun muammolarini hal qila oladigan "tez yordam" vazifasini oʻtaydigan futbolchilarga qaratilgan.
Yozgi transferlar oynasida jamoaga kelib qoʻshilgan yangi nomlar:
Darvozabon: Vladislav Rusanov
Himoyachilar: Straxinya Boshnyak, Drago Bumbar, Tohir Toʻxtasinov, Farruh Ibragimov
Yarim himoyachilar: Bobirjon Asqarov, Doniyor Narzullaev, Komil Tojiddinov
Hujumchi: Izzatillo Abdulhaqov
Bu roʻyxatdan yaqqol koʻrinib turibdiki, rahbariyat va murabbiylar shtabi qisqa fursat ichida barcha chiziqlarni yangilashga qaror qilgan. Kelajak haqida oʻylashga vaqt yoʻq — "Mash'al"ga natija shu bugunoq kerak.
Sergey Lushchan oʻzining boy tajribasi, taktik bilimlari va yangi jalb etilgan futbolchilar bilan birgalikda Muborak muxlislarining ishonchini oqlay oladimi? Bu savolga faqatgina yaqinlashib kelayotgan tur oʻyinlari javob beradi. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Manba: championat.asia
Izohlar 0