Quvondiq Roʻziev: "Buxoro" kuchli uchlikdan joy olishi uchun kurashamiz"
– “Buxoro” tarkibidagi debyut uchrashuvingiz va qoʻlga kiritilgan ishonchli gʻalaba bilan tabriklaymiz! Birinchi oʻyiningizda chiroyli assistni amalga oshirdingiz. Dastlabki tassurotlaringiz qanday?
– Avvalambor, Buxoro ahlini muhim gʻalaba bilan tabriklayman. Barcha futbolchilar murabbiylarimiz koʻrsatmalarini astoydil bajarishga harakat qildi va oʻylagan rejalarimiz amalga oshdi. Oʻyin oxirigacha sabr qildik va ijobiy natijani qoʻlga kiritdik. Debyut uchrashuvimda jamoam gʻalabasiga hissa qoʻshganimdan xursandman.
– Jamoa tarkibiga kelib qoʻshilganingizga hali koʻp boʻlmadi, moslashish jarayonlari qanday kechmoqda?
– Jamoaga asta-sekin moslashyapman. Bu erda ham oldin bir jamoada harakat qilgan bir nechta doʻstlarim bor. Koʻrinib turibdi jamoamiz juda ahil va yaxshi kollektiv yigʻilgan, shu sababli moslashish jarayoni oson kechmoqda.
– “Buxoro” jamoasiga transfer oynasining soʻngi kunida kelib qoʻshildingiz. Jamoaga kelish varianti qanday paydo boʻldi? Qaror qabul qilishda nimalar muhim boʻldi?
— Jamoaga kelishimga direktorimiz Shavkat Salomovning hissasi katta boʻldi. Murabbiy meni oʻz jamoasiga koʻrishni xohlashini tushintirdi. Shu sababli jamoaning koʻrsatayotgan oʻyini va turnir jadvalidagi oʻrnidan kelib chiqib, “Buxoro” taklifini oʻylab oʻtirmasdan qabul qildim.
– Ayni vaqtda “Buxoro” jamoasi musobaqa jadvalida kuchli uchlikda bormoqda. Jamoaning potentsialini qanday baholaysiz?
– Jamoamizning yuqori uchlikda turishi toʻsatdan boʻlib qolgani yoq. Buning tagida katta mehnat bor, nafaqat futbolchilar, murabbiylar, butun rahbariyat, hammaning mehnati yotibdi. Shu sababli hozirgi kunda Superligada yuqori oʻrinlarda boʻlish men oʻylaymanki ajoyib natija. Chunki “Navbahor” , “OKMK”, “Nasaf” kabi kuchli jamoalar bilan qizgʻin kurash kechmoqda va bu oxirigacha davom etsa kerak. Shu sababli jamoa tasodifan bu oʻrinlarda emas, rahbariyatning qoʻllab-quvvatlashi, izlanishlar va qattiq mehnat sabab boʻlsa kerak
– Keyingi turda sobiq jamoangiz “Neftchi” klubiga qarshi maydonga tushamiz. Mazkur bellashuvdan nimalar kutyapsiz?
– Albatta, amaldagi chempionlarga qarshi oʻynash har doim qiziq boʻladi. Manimcha, oʻyin kuni muxlislar stadionni toʻldirishadi. Tabiiyki, biz muxlislar qarshisida har doim gʻalaba uchun toʻp suramiz. Muxlislar qoʻllab-quvvatlashi bizga qoʻshimcha kuch bagʻishlaydi. Shu sababli gʻalaba qozonich uchun bizda imkoniyat bor deb oʻylayman va buning uchun maydonda bor kuchimizni ishga solamiz.
– Buxorolik muxlislar mavsum davomida sizdan koʻp narsa kutishadi. Boisi jamoamiz tarkibidagi eng tajribali futbolchilardan birisiz…
– Buni juda yaxshi his qilib turibman. Jamoaga yordam berish uchun kelganman. Bu har bir futbolchining vazifasi deb oʻylayman. Jamoa chempionat oxirida kuchli uchlikdan joy olishi uchun bor kuchim bilan harakat qilaman. Muxlislar ishonchi uchun katta rahmat aytib qolaman.
Manba: championat.asia
Izohlar 0