Oʻtmishga nazar. Oʻzbekistonga kerak boʻlmay qolgan Qosimov va shayton yoʻldan urgan Akramov
1994 yili Xirosimada oʻtkazilgan Osiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston milliy terma jamoasining tarixiy gʻalabasi butun xalqqa ulkan gʻurur bagʻishladi. Ammo bu yuksak choʻqqidan soʻng, oʻzbek futbolining etakchi namoyandalari – murabbiy va futbolchilarning xorijga yoʻl olishi oʻsha davr matbuotida keskin norozilik va bahslarga sabab boʻldi.
Quyida e'tiboringizga havola etilayotgan maqola parchasi aynan oʻsha murakkab oʻtish davri ruhiyatini oʻzida aks ettiradi. Unda 1994 yilgi zafarli yurish me'mori boʻlgan murabbiy Rustam Akramovning 1995 yili Hindiston terma jamoasini boshqarish uchun ketgani, shuningdek, oʻsha vaqtda Rossiyaning "Alaniya" klubi etakchisiga aylangan iste'dodli futbolchimiz Mirjalol Qosimovning faoliyati keskin, hatto ayovsiz tanqid ostiga olinadi. Muallif ularning xorijdagi faoliyatini vatan manfaatlaridan chekinish, milliy gʻururni "moddiy manfaatlar"ga almashish sifatida keskin qoralaydi.
Bugungi globallashuv davrida sportchilarimizning xorij maydonlarida toʻp surishi tajriba oshirish va yurt nomini dunyoga tanitishning eng yaxshi yoʻli sifatida qabul qilinadi. Biroq, ushbu tarixiy matn bizga chorak asr muqaddam vatanparvarlik va sportchi mas'uliyati tushunchalariga qanday radikal va hissiyotli yondashilganini, "bizga faqat oʻzimizda oʻynaydigan qahramonlar kerak" degan qarash qanchalik kuchli boʻlganini yaqqol koʻrsatib beradi.
AGAR QILMADI EL HIMOYaT SENgA...
Oʻzingdan kerakdir shikoyat senga
...Qahramonlik, mardlikning ikki toifasi bor: biri lahzaning oʻzida qahramonlikni namoyish etish, ikkinchisi doimiy mardlik koʻrsatib yashash. Ikkinchisining yuki naqadar ogʻir ekanligi har kunu har soatda, har bir holatda chidam bilan matonat koʻrsatish zarurligidan bilsa boʻladi. Ollohga ham ana shunday insonlar xush keladi. Birinchi xil qahramonlikni barcha darhol olqishlaydi, hurmat-e'tibor koʻrsatadi, lekin ikkinchi xil mardlar esa oʻzlarini «manaman» deb koʻrsatmay vazminlik bilan yashaydilar. Ular uchun turli dabdabalar begona. Shukrki, bunday insonlar oramizda koʻp. Bizning yuksalishimiz ana shunday insonlar zahmati, matonati orqali boʻlayotganini chuqur anglash lozim. Lekin oʻzbek futbolini Osiyo oʻyinlarida gʻalabaga olib kelgan milliy komanda murabbiylaridan biri Rustam Akramov ana shunday «bir lahzalik» qahramonlardan boʻlib chiqdi. Oʻzbekiston Osiyo chempioni boʻlgandan soʻng u Osiyoda ikkinchi eng kuchli trener deb tan olindi. Lekin uning futbolchilarimizni chempion boʻlishlaridagi hissasi qanday ekanligi toʻgʻrisida soʻz aytmay turib, uning milliy gʻurur, vatanparvarlik borasidagi qalb urishi haqida gapirmoqchimiz.
Bu futbol murabbiysi Xirosimadagi gʻalabamizdan soʻng oʻzbek futboli dovrugʻini yanada yuqori koʻtarishga bel bogʻlashi kerak edi. Chunki toqqa chiqqan choʻqqini koʻzlaydi. Koʻplab iqtidorli futbolchilarimiz uning qoʻliga ishonib topshirib qoʻyilgan edi. Ana shu erishilgan gʻalaba shitob bilan futbolimizni yanada yuksakka olib chiqishi mumkin edi. Afsuski bunday boʻlmadi. Oʻzbek futbolining mana shu yuksak shohsupadan yanada yuqoriga koʻtarish uchun barcha moddiy va ma'naviy sharoitlar yaratilgan edi. Lekin qalban nogiron, milliy gʻurur tushunchasida ojiz bu kishi taqdir nasib etgan va hukumatimiz tomonidan yaratilgan sharoitu imkoniyatlardan foydalanmadi. Oʻz hayotini millatimiz futboli ravnaqi uchun baxshida etishga irodasi chidamadi. U oʻz milliy chempionati ham boʻlmagan Hindiston mamlakatidagi bir futbol komandasiga murabbiy boʻlib ketib qoldi. Bu ishi bilan Akramov oʻzini hurmat qilib muborakbod etgan xalqimiz ixlosidan qoldi. Hind rupiysining «jilvasi» yurtimiz ohanrabosidan ustun chiqdimikin, degan savol tugʻiladi. Yoʻq, bu gapga ishonish qiyin, bu erda gap boshqa masalada.
Ba'zida «falonchi yaxshi odam ediyu, lekin shayton yoʻldan uribdida» deydilar. Shayton har bir inson qalbiga yoʻl topish harakatida boʻladi. Shu sababli inson har doim, har daqiqa u bilan olishib, uni engib yashamogʻi lozim. Or-nomusli, gʻururli erkaklarda bu kurash ayniqsa kuchli boʻladi. Ular butun hayotlari mobaynida biror marotaba ham oʻz or-nomuslarini boy berishga yoʻl qoʻymaydilar.
Chunki oʻzbeklarda «koʻylak yangiligidan, or-nomus yoshlikdan saqlanadi» degan oʻta ma'noli naql bor. Afsuski, Rustam Akramovning qalbiga kirib olgan shayton uning iymonidan, milliy tuygʻularidan ustun chiqdi. Ba'zan oʻsha shayton egasini eshak qilib minib oladida, uni hindu-ajam, magʻribu-mashriqlarga yoʻrgʻalatib haydab olib ketadi. Hozir, ayniqsa shaytonga hay berish vaqtimizdir. Boʻlmasa shaytonning gapiga kirib ba'zilar yurtimiz yuzini qora qilishi, ba'zi bir noma'qul buzoqlar koʻp «ish» koʻrsatishi mumkin. Istar edikki, mamlakatimizdagi barcha yigitlar qilichday keskir, iymonli va bir soʻzli boʻlsalar. Rustam Akramovda esa bu narsa etishmadi. U Hindistonda oʻzini qanday mutaxassis ekanligini tezda koʻrsatib qoʻya qoldi R. Akramov boshchiligidagi komanda Osiyoda uncha kuchli boʻlmagan Malayziya komandasi bilan uchrashuvda sharmandalikka uchradi. Yurtdoshimiz u erlarda qanday ish olib borayotgan ekan, deb unga hamdard boʻlib oʻtirgan oʻzbekistonliklar uning komandasi darvozasiga malayziyaliklar ketma-ket toʻrtta toʻp urgach, hafsalasi pir boʻlib televizorlarini oʻchirib qoʻydilar. Mana Osiyoda ikkinchi boʻlgan trenerning holi va obroʻsi. Endi bu «sayohatchi» trenerimiz Oʻzbekistonga qaysi yuz bilan qaytib kelar ekan va bizning futbolchilarimizga hind futbolining qaysi sir-asrorlarini oʻrgatar ekan.

Yosh oʻzbek futbolchilarimiz oʻz mahoratlarini oshirish uchun Singapur, Birlashgan Arab Amirligi, Malayziya va boshqa mamlakatlarga oshiqmoqdalar. Biz ularning niyatlariga qarshi emasmiz. Lekin oʻzbek futbolining qudratini Xirosimada jahonga koʻrsatgan boʻlsak, nahotki, endi nazarimizni past qilib futbolda bizdan mahorat darajasi quyiroq mamlakatlarga bosh ursak. Bunday intilish sportchi uchun mantiqsiz va achinarli emasmi? Agarda ular Italiya, Germaniya, Angliya komandalariga borishga istak bildirganlarida boshqa gap edi. Afsuski, ular milliy gʻurur oʻrniga katta xurjunni oʻylab yuribdilar. Davlatimiz qabul qilgan qarorga muvofiq, endi futbolimiz professional futbolga oʻtayotgan paytda bunday engiltaklik yarashmaydi. Vaholanki, oʻsha pulni oʻzimizdagi professional komandalarda oʻynab, ishqibozlarimizni xushnud etib, oʻz yurtimizda topishlari mumkin. Ular oʻzga yurtlarda bizning ishqibozlar tomonidan koʻrsatiladigan mehrni topa olmaydilar, qalblari nogiron boʻlib qaytib keladilar.
Bu borada Rossiyaning «Alaniya» komandasida oʻynayotgan Mirjalol Qosimov haqida ham bir ogʻiz soʻz. Mirjalol mahoratli futbolchi. Lekin uning barchamizning koʻnglimizni xira qilayotgan qiliqlari ham bor. Agarda u futbol mavqei yuqori boʻlgan Evropadagi mamlakatlar futbol komandalarida oʻynasa va olqishga sazovor boʻlsa, oʻzbek ishqibozlarining qalbi gʻururga toʻlar edi. Afsuski, u sobiq Ittifoq davriga nisbatan ham saviyasi bir necha bor pastlab ketgan Rossiya chempionatiga qatnashib arzimas gʻalabalardan mamnun boʻlib, doʻppisini osmonga otib yuribdi.
U Osiyo oʻyinlaridan keyin, Rustam Akramovdek, koʻplab jurnalistlarga oʻzbek futboliga sadoqati toʻgʻrisida soʻzlab tinmagan edi. Uni «Spartak»da tuzilgan shartnomagina ushlab turganini, shartnoma tugagach, 1995 yili jon-dili bilan Oʻzbekistonga uchib etib kelishini aytgan edi. Lekin mavsum tamom boʻlsa ham u oʻzini tarbiyalagan murabbiylari, ishqibozlari, futbol federatsiyasining yuzini erga qaratib, barchani aldab, yana «Spartak» bilan shartnoma tuzdi. U yana, «mavsum tugagach, qaytaman» degan va'dalarni berayapti. Yana eski hammom — eski tos. Inson, yigit kishi, mard futbolchi bir soʻzli boʻlish kerak-ku.
Hozir u saviyasi uncha baland boʻlmagan Rossiya chempionatida qatnashib «qahramon» boʻlib yuribdi. Uch-toʻrt yil oʻtadi, baribir Oʻzbekistonga qaytib keladi. Lekin kelajakda uni Rossiyadagilar eslasharmikan? Yoʻq eslamaydilar. Ular faqat oʻzlaridan chiqqan futbolchilarnigina eslaydilar. Ular bundan minnatdor boʻlarmikinlar? Yoʻq. «Bir oʻzbek yigiti kelib bizda oʻynab, toʻrva xaltasini toʻldirib ketdi. Bizning u bilan oramiz ochiq, endi boshqa engiltak futbolchilarni topishimiz kerak» deydilar. Vaqt kelsa uning holidan xabar ham olishlikni oʻzlariga or deb biladilar. Chunki oʻz millatini, milliy gʻururini toptagan yigit kimga ham kerak. U agarda «Spartak»da ishi yurishsa shartnomani choʻzib yuraveradi. Agarda yurishmasa, kaltak egan jonivordek koʻngli ham, jismi ham choʻloq boʻlib qaytadi. Ana shu «gastrollari», shartnomasi tugagach, u oʻz yurtiga qaysi yuz bilan qaytib kelar ekan? Rossiyaga kerak boʻlmay qolgach, u kimga ham kerak boʻladi?
Ona bir qoʻli bilan beshikni, ikkinchi qoʻli bilan olamni tebratadi. Zero, farzandlari beshigini tebratayotgan onalar oq sut berib el-yurtga mehrli boʻl deb oʻstirayotgan oʻgʻlonlari vaqti kelib iymonidan kechib «pul jigardan» deya oʻzga yurtlarga sotilib ketadi deb oʻylamaydilar. Lekin hayot achchiq haqiqati bilan ba'zan buni koʻrsatib qoʻyayapti.
Oʻzbekiston Qosimovsiz ham yashaydi, lekin Qosimov Oʻzbekistonsiz yashay olarmikan?!

Oʻzbekiston futboli katta oʻsish, yuksalish holatida. Bizning futbol jahon futboliga sherdek katta kuch bilan, viqor bilan kirib keldi. Hozirgi oʻsish chogʻida, albatta, bizga kuchli oʻyinchilar kerak. Lekin «Men Oʻzbekistonda futbolning asosiy oʻsish davri oʻtayotgan chogʻda Rossiya chempioni boʻlganman» deb chiranib, oʻzini oqlamoqchi boʻlganlarning diydiyosiga xalqimiz, boʻlajak futbolchilarimiz qanday koʻz bilan qaraydilar? Oʻzbekistonliklar faqat jahonning zabardast komandalarida oʻynab Oʻzbekiston nomini ulugʻ qilganlarni tan oladilar. Ikkilamchi komandalar yigʻinidan iborat chempionatda qatnashayotganlarni emas. Barcha futbolchilar uchun jahon birinchiligida qatnashish eng katta baxt. Nasib etsa ana shunday musobaqalarda qatnashishga ham erisharmiz. Lekin ana shu chogʻda ham biz milliy terma komandamizga futbolimizga sadoqat koʻrsatganlarnigina olamiz…
A.Azizxoʻjaev
«Oʻzbekiston ovozi» gazetasining 1996 yil 4 maydagi sonida
Bir oʻyin tarixi. Otasi murabbiyligidagi jamoaga gʻalaba golini urgan oʻzbekistonlik legioner
Izohlar 0